11:00 / 16.10.2019
2 769

Futbolchilar Singapur bilan o‘yindan so‘ng nimalar deyishdi?

Futbolchilar Singapur bilan o‘yindan so‘ng nimalar deyishdi?
O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2022 saralashidan o‘rin olgan Singupurga qarshi o‘yinda 3:1 hisobida g‘alaba qozonib Osiyo saralash bosqichining «D» guruhi yetakchisiga aylanib oldi. Abramov murabbiyligida ikkinchi o‘yinini o‘tkazgan milliy jamoa ishonchli harakat qilishda davom etdi. Ikki o‘yinda kiritilgan 8 ta gol shubhasiz, jamoaning holati yaxshiligini ko‘rsatadi.

Singapurga qarshi o‘yindan so‘ng milliy jamoa futbolchilari o‘z fikrlarini bildirishdi. Shu o‘rinda o‘yindan oldin ham, keyin ham futbolchilarning kayfiyati yaxshi bo‘lganini ta’kidlash kerak.

«Paxtakor» yetakchisi Jaloliddin Masharipovning fikricha, milliy jamoa intizomli o‘yin evaziga g‘alaba qozongan. Masharipov shuningdek Saudiya bilan o‘yin juda muhimligi haqida gapirdi:

«Maydonga tushishdan oldin har bir raqibni hurmat qilish kerak. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston va Singapurning darajasi boshqacha deb o‘ylayman. Buni maydonda isbotlay olishimizga ishongandik. Birinchi golni urgandan keyin biroz bo‘shashdik va bundan foydalangan raqib hisobni tenglashtirdi.

Tanaffus vaqtida murabbiy qanday o‘ynash kerakligini yana bir bor tushuntirdi va qiyin vaziyatdan chiqib ketdik. Shu o‘rinda guruhda birinchi o‘ringa chiqqanimiz bilan butun o‘zbekistonlik muxlislarni tabriklayman. Xudo xohlasa, bundan buyon birinchi o‘rindan tushmaymiz.

Tanaffus arafasida urilgan gol doim futbolchiga yomon ta’sir qiladi. Ammo jamoa bunday holatdan chiqib ketishni bilishi kerak. 90-daqiqada gol o‘tkazib, qo‘shimcha daqiqalarda yutib ketgan vaqtimiz ham bo‘lgan. Bu futbolchining irodasini sinaydigan holat. Bugungi o‘yinda esa o‘tkazib yuborilgan goldan keyin 45 daqiqa vaqtimiz bor edi va xotirjamlik bilan imkoniyatlardan foydalandik.

O‘zbek futboli bunaqa g‘alabalarni sog‘inib qolgandi, shu bois ikkinchi goldan keyin ham bo‘shashmadik. Nimaning evaziga g‘alaba qozondik? Menimcha, intizomning hisobiga. Murabbiy hamma o‘z o‘rnida o‘ynashi kerakligini va albatta imkoniyat bo‘lishini tushuntirdi. Aynan intizomli o‘yin hisobiga g‘alaba qozondik.

Abramov mendan ko‘proq hujumga o‘tishni, xohlaganimdek o‘ynashni so‘ramoqda. U texnikamdan foydalanishim kerakligini aytadi. Men uchun asosiysi jamoa manfaati, shu uchun orqaroqqa qaytib o‘ynagan holatlar ham bo‘ladi. Muhimi jamoaga foydam tegsin.

Bu hali eng yaxshi mavsumim emas deb o‘ylayman, hali bundan yaxshiroq mavsumlar bo‘ladi. Endi hozirgidan yomon o‘ynashga haqqim yo‘q. Saudiya bilan o‘yin juda muhim. Bu o‘yinda g‘alaba qozonsak, jahon chempionati tomon katta qadam tashlagan bo‘lamiz. To‘g‘ri, hali yana bitta bosqich bor, ammo Saudiyani yengishimiz ruhiy ko‘tarinkilik beradi.

Saudiya bilan «Paxtakor»da o‘ynashimiz ham juda yaxshi bo‘ldi. Chunki bu stadion futbolchilar uchun ham qulay. Umid qilaman, bu o‘yinda g‘alaba qozonib, guruhdan chiqish vazifasini hal qilamiz».

Milliy jamoaning yangi yulduziga aylangan Sanjar Qodirqulov Abramov tanlagan taktikada to‘pni ushlab turish muhimlinini aytdi. Sanjar o‘zini asosiy tarkibning doimiy vakili deb hisoblashga hali erta ekanini ham aytdi:

«Markazda o‘ynashim? Mening o‘yinimni kam ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, faqat qanotda emas, markazda ham o‘ynayman. Yaman bilan o‘yinda Jamshid bilan markazda tushganimizdan qandaydir strategiya ko‘zlangandi deb o‘ylamayman, shunchaki tarkibni e’lon qilishdi va chiqib o‘ynadik.

Bu taktikada to‘pni ushlab turishni bilish kerak, murabbiy shu narsani e’tiborga olib futbolchi tanlaydi. Jamoadagi barcha aynan to‘pni nazorar qilishni biladigan yuqori darajadagi futbolchilar.

Ikkita uchrashuvda ilk daqiqalardan o‘ynaganim uchun o‘zimni asosiy tarkibning o‘zgarmas futbolchisi deb his qilishim kerak emas. Bu o‘yinlarda jonimni berib o‘ynadim va bundan keyin ham shunday o‘ynayman».

Shu o‘rinda Sanjar Qodirqulov haqida ikki og‘iz. 1997 yilda tug‘ilgan «Bunyodkor» futbolchisi Yaman bilan o‘yin arafasida milliy jamoaga jalb qilingandi. Aynan Yaman bilan o‘yinda milliy jamoa safidagi debyutini o‘tkazgan Sanjar 3-daqiqadayoq gol urgandi. Qodirqulov Singapur bilan o‘yinni ham to‘liq maydonda o‘tkazdi.

O‘yin qahramoniga aylangan va dubl qayd etgan Eldor Shomurodov milliy jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini, hujumchi sifatida buni xohlamaslik to‘g‘ri bo‘lmasligi haqida gapirdi:

«Bu o‘yinni yutishimizni bilgandik. Raqib ko‘p hujum qilmadi, ammo tanaffus arafasida urilgan gol bizga biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Jahon chempionatiga chiqishni maqsad qilgan jamoa esa bunday holatlardan chiqib ketishni bilishi kerak.

Milliy jamoa safidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lish? Albatta, buni xohlayman, hujumchi bo‘lgandan keyin o‘z oldimga bunday maqsad qo‘ymasam, to‘g‘ri bo‘lmaydi»,— deb Shomurodovning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Singapur darvozasiga ikkita gol urgan Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy jamoasi to‘purarlari qatorida 7-o‘ringa ko‘tarildi. Ayni damda uning hisobida 16 ta gol bor. Faoliyatini yakunlamagan futbolchilar orasida faqatgina Odil Ahmedov (20 ta) va Server Jeparovlar (25 ta) Shomurodovdan ko‘p gol urgan.

O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hamon Maksim Shatskix bo‘lib turibdi. Uning hisobida 34 ta gol bor. Ro‘yxatning keyingi pog‘onalarida Aleksandr Geynrix (31 ta), Mirjalol Qosimov (30 ta) va Igor Shkvirin (20 ta) bormoqda.

Singapurni mag‘lub etgan O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2022 saralashi Osiyo mintaqasidagi «D» guruhida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Guruhning 3-turdan keyingi yetakchisi Saudiya Arabistoni 4-turda Falastin bilan 0:0 o‘ynadi va shu bois O‘zbekiston yaqqol peshqadamga aylanib oldi. 14 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Saudiya Arabistonini qabul qiladi. Bu o‘yinda birinchi davra g‘olibi aniqlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbolchilar Singapur bilan o‘yindan so‘ng nimalar deyishdi?