21:38 / 05.11.2019
2 344

AOKAda OʻFA mutasaddilari bilan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

AOKAda OʻFA mutasaddilari bilan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
“2018-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish dasturi”da belgilangan vazifalarning ijro etilishi mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2019-yil 8-iyundagi 4-sonli bayoni asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Media-rejaga muvofiq bugun AOKA anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan “2018-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish dasturi”da belgilangan vazifalarning ijro etilishi mavsuzida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari – OʻFA Birinchi vitse-prezidenti – Ravshan Ermatov, OʻFA Bosh kotibi – Avaz Maksumov, terma jamoalar boʻlimi boshligʻi Azizbek Haydarov, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi – Vadim Abramov, Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi murabbiyi – Ravshan Haydarov, shuningdek, OʻFAning tegishli boʻlim boshliqlari ishtirok etishdi.

Ochiq suhbat hamda savol-javob tarzida oʻtgan matbuot anjumanida turli mavzular, jumladan, futbolimizdagi ogʻriqli nuqatalar, klublarni xususiylashtirish, bolalar futbolidagi muammolar, turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun futbolchi tayyorlashning yakdil tizimini yaratish, malakali futbol murabbiylarini yetishtirish, futbol sohasida faoliyat olib boradigan mutaxassislarni tayyorlash va boshqa qator mavzularda fikr va mulohazalar bildirildi.

- Oʻzbek futboli haqida gap ketganda, avvalo yutuq hamda muvaffaqiyatlarimiz qatorida bir qancha muammolar, oʻz yechimini uzoq vaqtdan buyon kutayotgan masalalar ham bor ekanini alohida qayd etish lozim. Yaqinda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Osiyo futboli rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim al Halifani qabul qildilar va oʻsha uchrashuv mobaynida bugungi oʻzbek futbolining holati, uning yaqin va uzoq muddatga moʻljallangan istiqboli mavzusi batafsil muhokama etildi.

Shu jarayonda bugungacha bir necha bor yurtimizda futbolni rivojlantirish boʻyicha qaror va farmonlar qabul qilingani, lekin ularning ijrosi taʼminlanishida kamchiliklar kuzatilganini taʼkidlagan davlat rahbari endilikda chindan futbolning rivojiga turtki beradigan qaror loyihasini tayyorlash va Oʻzbekistonda futbolning rivojlanishini tizimli tarzda yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berdilar. Shu asosda hududlardagi mavjud muammolarni, bolalar va oʻsmirlar futboliga eʼtibor va sharoitni, mavjud infratuzilmalarni oʻrganib chiqib, kerakli xulosalarga ega boʻldik va endilikda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish ustida ish olib boramiz, - deya taʼkidladi Ravshan Ermatov.

Hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyati qoniqarli darajada yoʻlga qoʻyilmagani boʻyicha berilgan savolga javob berar ekan, OʻFAning hududiy futbol assotsiatsiyalari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Baxtiyor Shirinov mazkur masala boʻyicha muammolar soʻnggi vaqtlarga kelib bartaraf etila boshlanganini taʼkidladi.

- Aksariyat viloyatlar futbol assotsiatsiyalari nomigagina faoliyat koʻrsatib kelgan. Bu boradagi ahvolni oʻnglash maqsadida OʻFAda Hududiy futbol assotsiatsiyalari bilan ishlash boʻlimi tashkil etildi. Natijada har bir viloyatdagi futbol assotsiatsiyasining ish-faoliyati oʻrganilib, nazorat amalga oshirila boshlandi. Har bir assotsiatsiyaga zarur yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar ishga taklif etildi. 2020-yildan boshlab har bir viloyat futbol assotsiatsiyasi oʻz hududiy chempionatini tashkil etish hamda bolalar futboliga eʼtibor boʻyicha katta hajmda ish olib bora boshlaydi, - dedi Baxtiyor Shirinov.

Klublar hamda futbol idoralarida faoliyat olib boruvchi oʻz mutaxassisligi boʻyicha yetuk malaka va mahoratga ega kadrlar yetishmovchiligi mavjud ekani borasidagi savolga Ravshan Ermatov javob berdi.

- Har bir sohada oʻz mutaxassisligi boʻyicha bilimga ega kadrlar faoliyat koʻrsatishi ish jarayonining ham unumli boʻlishini taʼminlaydi. Xalqimizda “Chumchuq soʻysa ham – qassob soʻysin”, degan naql bor, shu jumladan, futbol sohasida ham koʻproq bu borada malakali mutaxassislar ishlagani maqsadga muvofiq. Bugungi kunda futbolning turli yoʻnalishida oʻz ishining ustasi boʻlgan malakali mutaxassislarni yetishmasligi klublar, hakamlik, bolalar futbol maktablari, futbol akademiyalari, futbol infratuzilmasi, hududiy futbol assotsiatsiyalari talab darajasida faoliyat yuritishiga toʻsqinlik qilib kelmoqda.

Futbol akademiyasi hamda futbol maktablarini tamomlagach, har bir futbolchi ham professional futbol oʻynab keta olmasligini yaxshi bilamiz va ularga futbolda ikkinchi imkoniyatni beradigan, yaʼni murabbiy, seleksioner (skaut), hakam, futbol menejerlari, futbol agentlari, marketing sohasi xodimlari, sport psixologlari kabi futbol mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha markaz tashkil etishni bugungi va ertangi kun futboli talab etyapti, - deya taʼkidladi Ravshan Ermatov.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan OAV vakillari tomonidan, shuningdek, sport bilim yurtlarini futbol sohasi boʻyicha tamomlab, ammo zarur litsenziyasi yoʻq ekani sabab murabbiy sifatida faoliyat olib bora olmayotgan bitiruvchilar soni oz emasligi boʻyicha ham savollar berildi.

- Toʻgʻri, sport bilim yurtlarini futbol sohasi boʻyicha tamomlab ham zarur litsenziyasi yoʻq ekani bois xatto bolalar jamoalarida murabbiy sifatida ish topa olmagan bitiruvchilar soni koʻpchilikni tashkil etib keladi. Shu muammoga yechim topish maqsadida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan birgalikda yangi loyihani yoʻlga qoʻymoqdamiz. Unga koʻra, endilikda 3 hamda 4-kurs talabalari oʻqishni tamomlamasdan ham OʻFAning “D” hamda “C” litsenziyalariga oʻqish imkoniga ega boʻlishadi, - dedi Avaz Maksumov.

Bundan tashqari terma jamoalarimizga iqtidorli futbolchilarni tayyorlab berishning yagona tizimini yoʻlga qoʻyish masalasida OʻFA ish olib bormoqdami, degan savol bilan ham murojaat etildi. Bu savolga OʻFA Terma jamoalar boʻlimi boshligʻi Azizbek Haydarov javob berdi:

- Biz mazkur masalada ish jarayonini boshladik. Turli yosh toifasidagi terma jamoalarimizda bir xil uslubni shakllantirish, bir terma jamoadan ikkinchisiga futbolchi yetkazib berishni taʼminlash maqsadida yagona dastur ishlab chiqyapmiz. Uning asosida yosh hamda zamonaviy futbol koʻnikmalariga ega mutaxassislarni terma jamoalarimizga taklif etishni boshladik. Misol uchun, Server Jeparov ham endilikda oʻsmirlar terma jamoalarimizdan birida murabbiy sifatida ishlaydi. Sekin-asta barcha terma jamoalarimizda yagona uslubni shakllantirib, yosh terma jamoalardan olimpiya va milliy jamoaga mahoratli oʻyinchilar yetkazib berish boʻyicha yakdil tizimni yoʻlga qoʻyamiz, - dedi Azizbek Haydarov.

Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan matbuot anjumanida yana bir qator masalalar boʻyicha fikr almashildi, jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savol, taklif va mulohazalarni bildirishdi. OʻFA vakillari ham savollarga batafsil munosabat bildirib, mavjud yutuq hamda kamchiliklar xususida bafurja toʻxtalib oʻtishdi.

Manba: ufa.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » AOKAda OʻFA mutasaddilari bilan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi