14:20 / 09.11.2019
2 720

Shunchaki, «qora chiziq»mi yoki?

Shunchaki, «qora chiziq»mi yoki?
Matteys de Ligt Italiya «A» seriyasining qatorasiga 3ta turida o‘z jamoasi jarima maydoni ichida to‘pga qo‘li bilan tegindi. Uning 2ta xatosi oqibati bilinmadi, lekin bir safar «Yuventus» shu tufayli qimmatli ochkolarni yo‘qotdi. Turinliklar yozgi transferlar vaqti niderlandiyalik istiqbolli futbolchini ne azoblar bilan naq 85 million yevroga sotib olishgandi.

O‘shanda bosh murabbiy Mauritsio Sarri tarkib masalasi rejasida hech narsa o‘zgarmaganini ta’kidladi. Ya’ni boshlang‘ich tarkibda baribir, Jorjo Kellini - Leonardo Bonuchchi juftligiga ishonch bildirishda davom etishini alohida ta’kidladi. Biroq avgustning oxirgi kuni Kellini tizzaga bog‘liq jiddiy jarohatga yo‘liqdi va endi tarkibda uning o‘rnida aynan de Ligt maydonga tushmoqda.

«Ayaks» safida porlagan, jumladan, ChL-2018|2019da «Yuventus»ni ham ayamagan Matteys yangi jamoadagi ilk o‘yinlarida juda muvaffaqiyatsiz harakatlandi. Niderlandiya­lik futbolchi ketma-ket qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishdan tashqari, hattoki, avtogol muallifiga ham aylandi. Bu holva bo‘lib chiqdi: Matteys «A» seriyaning 7-9-turlarida o‘ta yoqimsiz seriyaga yuz tutdi. Ya’ni milliy chempionat doirasidagi qatorasiga 3ta uchrashuvda o‘z jamoasi jarima maydonida qo‘lini ishga soldi:

1. «Inter»ga qarshi o‘yinda, «Yuve» 1:0 hisobida oldinda borayotgan pallada. Penaltini Lautaro Martines golga aylantirdi, lekin keyinchalik de Ligtni xijolatchilikdan Gonsalo Iguain qutqardi. Argentinalik hujumchi ikkinchi bo‘lim oxirida Rodrigo Bentankurning uzatmasidan unumli foydalanib, «Yuventus» g‘alabasini ta’minladi - 2:1.

2. «Bolonya»ga qarshi o‘yinda. To‘g‘ri, bu vaziyatda omad de Ligt tomonida bo‘ldi: hakam negadir qo‘l bilan o‘ynalganiga e’tibor qaratmadi, hattoki, VAR tizimi yordamiga ham ehtiyoj sezmadi.

3. «Lechche»ga qarshi o‘yinda. Bunisida Matteysning xatosi oqibati ko‘rindi. Zero, raqib penalti vositasida gol urdi va o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. To‘g‘ri, «Yuve» qaydnomasiga Krishtianu Ronaldu, Aaron Remzi va Duglas Kosta kiritilmagan vaqtda g‘alaba qozonish qiyin...

P.S.: Buni qarangki, 11-tur doirasida «Torino»ga qarshi kechgan safar uchrashuvida ham de Ligt o‘z odatiga xos tarzda harakatlandi: to‘p yana uning qo‘liga tegdi, biroq hakam ushbu vaziyatni nazardan chetda qoldirdi. Mazkur holat «Torino» bosh direktori Andrea Komining jahlini chiqardi: «E’tiborga molik jihati shundaki, «Lechche» bilan o‘yinda xuddi shunday vaziyat uchun «Yuventus»ga penalti tepish huquqi berilgandi. Holat ancha o‘xshash, ammo nega birida 11 metrli jarima zarbasi belgilandi-yu, ikkinchisida hakamlar boshqacha qaror chiqarishdi, tushunmadim. Har bir narsa o‘z o‘rnida bo‘lgani ma’qul emasmi?!». Darvoqe, «Torino»ga qarshi kechgan bahsda yagona g‘alaba goli aynan Matteysning hisobiga yozildi. Taqdir hazilimikan, bu?
A.Ahmedov tayyorladi

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shunchaki, «qora chiziq»mi yoki?