«Lokomotiv» klubi 24-turda safarda «Andijon»ga qarshi uchrashuvda raqib darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urgan holda yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Aytish joizki, bu Samvel Babayan bosh murabbiy bo‘lib kelganidan beri «Lokomotiv»ning ilk yirik g‘alabasi sifatida qayd etildi. «Andijon»ga qarshi uchrashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida «Loko» ustozi jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Dastlab uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
- Bugun sifatli o‘yinni o‘tkazdik. Sifatli deya bejiz ta’kidlayotganim yo‘q. Chunki jamoa chindan ham shunday o‘yinni namoyish etdi. Albatta, biz doim maydonga g‘alaba qozonish ilinjida tushamiz. Lekin har doim ham oltin oraliqni topishning iloji bo‘lmaydi. Bugun mana shunday mutanosiblikka ega bo‘lgan o‘yinni ko‘rsatdik. Aytishim kerakki, bunga qadar bir qancha uchrashuvlarda dastlab ustunlikka erishsak-da, yakunda o‘zimiz istagan natijaga erisha olmagan holatlar ham kuzatilgan.
Ammo bugungi uchrashuvda yigitlarimiz hujum va himoya borasida uyg‘unlikka erishganlarini ko‘rsatishdi. Bugun futbolchilarimiz o‘yinning ilk daqiqasidan to so‘nggi soniyasiga qadar fikrini bir joyga jamlagan holda to‘p surdilar. Birinchi navbatda safarda to‘p surganimizga qaramay, mana shunday chiroyli g‘alabani ta’minlagan yigitlarni qizg‘in muborakbod etaman. Shuningdek, butun klub va uning muxlislarini yutuq bilan qutlayman. O‘ylaymanki, amalga oshirib kelgan ishlarimizning samarasi endi bo‘y ko‘rsatmoqda.
- Bugun «Lokomotiv» to‘rtta gol urishdan tashqari yana ko‘plab qulay imkoniyatga ega bo‘ldi. Shunday ekan, raqibni osonlik bilan yutdik deb ayta olasizmi?
- Yo‘q, bugun klubimiz raqib ustidan osonlikcha g‘alaba qozonmadi. Yana yuqoridagi fikrimni takrorlashimga to‘g‘ri keladi, bunga qadar 6-7 uchrashuvda yaxshi o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsak-da, yakunda ko‘zlangan natija qo‘lga kiritilmay durang o‘ynagan yoki mag‘lubiyatga uchragandik. Bizda xavfli vaziyatlardan unumli foydalanish borasida muammolar ko‘zga tashlanardi. Futbolchilarimizni ham tushunish kerak, chunki tarkibimizda yosh o‘yinchilar yetarlicha topiladi.
Ularga birinchi navbatda tajriba yetishmasligi pand berib qo‘yardi. Albatta, o‘yinchilarimizda katta potensial bor va bunga shubha qilmayman. Lekin bor iqtidorini namoyish etish uchun ko‘p ter to‘kish kerak bo‘ladi. Baxtimizga bugun biz bittadan ortiq gollar kiritdik. Asosiysi, jamoa juda uyushqoq o‘yin namoyish etdi. «Lokomotiv»ning qanday o‘yin ko‘rsatishini esa hamma biladi. Axir klub tarkibida yaxshi ijrochilar jamlangan.
- Bungacha «Andijon»ning o‘yinini o‘rganib chiqqanmidingiz?
- Ha, albatta. Futbolda raqibni o‘rganmasdan o‘yinga hozirlik ko‘rib bo‘lmaydi. «Andijon»ning kuchli jihati haqida shuni aytishim mumkinki, jamoa kutilmaganda tezkor qarshi hujumga o‘tgan holda raqibni shoshirib qo‘yadi. Jamoa tarkibida qanotlarda va markazda tez harakatlanadigan futbolchilar talaygina. Shuni inobatga olgan holda uchrashuvga reja tuzib chiqqandik. Bizda raqibni to‘xtatish uchun ko‘proq Doniyor Ismoilov, Shahzod Ubaydullayevga e’tibor qaratdik. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, bellashuvga tayyorgarlik ko‘rish asnosida munosib strategiyani tanladik.
Ochig‘ini aytishim kerak, bungacha «Andijon»ning maydoni yaxshi emasligi haqidagi gaplarni yetarlicha eshitishimga to‘g‘ri kelgan. Lekin ta’mirlash ishlaridan so‘ng maydonning bunday sifatli holatga kelishini kutmagandik. Shuning evaziga o‘yinimiz yaxshi chiqdi. Bunga qadar o‘zimizni muammolari ko‘p bo‘lgan maydondagi o‘yinga tayyorlaganimizni yashirib o‘tirmayman. Kecha maydon sifatini ko‘rganimizdan keyin rejamizni butunlay o‘zgartirdik. Maydonni shunday holatga keltirganlari uchun mezbonlardan minnatdor bo‘lishimiz kerak.
- Temurxo‘ja Abduholiqov ketganidan keyin jamoaning hujum chizig‘ida muammolar ko‘zga tashlana boshlagandi. Ya’ni, jamoa yetarlicha gol kirita olmay qolgandi. Lekin bugun shogirdlaringiz o‘yinni yirik hisobdagi g‘alaba bilan tugatdilar. Shunda ham gollarning aksar qismini boshqa chiziq vakillari kiritishdi. Iqtidorli hujumchi Aziz Omonov «Lokomotiv»ga siz kelguningizga qadar maydonga tushayotgandi. Ammo oxirgi paytlarda u nega o‘ynamayapti?
- Gapingizni biroz to‘g‘rilab ketishimga ijozat bering. Aziz Omonov sof hujumchi hisoblanmaydi. Ehtimol, olimpiya terma jamoasida oldingi chiziqda o‘ynayotgani uchun savolni shunday qo‘ygan bo‘lsangiz kerak. Azizbek Omonov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishga loyiqligini isbotlasin, marhamat, unga yo‘l ochiq. Lekin hozir u bunday imkoniyatga loyiqligini ko‘rsata olmadi. To‘g‘ri, unda potensial bor, ammo Omonov hali o‘z ustida ko‘p ishlashi kerak. Har qanday holatda ham Aziz sof hujumchi sanalmaydi. Bugun Sardor Mirzayevni hujum chizig‘ida o‘ynatishga majbur bo‘ldik. O‘ylaymanki, u oldingi chiziqda yomon ko‘rinmadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...