3 059
Arveladze Barselona, Berdiyev Turkiya, Abramov Moskvada. Murabbiylar ta’tilda nima bilan band?
O‘zbekistonda 2019 yilgi futbol mavsumi nihoyasiga yetgach, barcha klublar ta’tilga chiqishdi. Superliga klublarining aksariyat murabbiylari ham qishki tanaffusni xorijda o‘tkazishmoqda. Tribuna.uz sayti barcha klublardan ma’lumot to‘plab, mavsum tugagach, murabbiylarning ta’tilni qayerda va qanday o‘tkazayotgani bilan qiziqdi.
Shota Arveladze Barselonada
O‘zbekistonning amaldagi chempioni va kubogi sohibi Toshkentning «Paxtakor» klubi bosh murabbiyi Shota Arveladze ta’tilni Yevropada o‘tkazmoqda. Gruziyalik mutaxassis va uning o‘g‘li chorshanba kuni Kataloniyadagi «Kamp Nou» stadionida o‘tgan «Barselona» - «Real» (0:0) o‘yinini o‘yingohning o‘zidan tomosha qilishdi. Ispaniyada ta’tilda bo‘lgan Arveladze “instagram”dagi sahifasida «El-Klasiko»dan rasm joylagan. Xorijlik murabbiy yangi yil bayramidan keyin Toshkentga qaytishi rejalashtirilgan.
Babayan Xitoyda, Fyodorov Moskvadan keldi
Yakunlangan mavsumda Superligada 2-o‘rinni egallagan «Lokomotiv» klubi chempionat tugaganidan so‘ng bosh murabbiy Samvel Babayan bilan xayrlashdi. Milliy jamoamiz sobiq bosh murabbiyi Xitoyning «Chanchun Yatay» klubida ish boshlaganligini e’lon qildi. Yangi murabbiy sifatida «Lokomotiv»ga yana qaytarilgan Andrey Fyodorov esa 20 dekabr kuni Moskvadan Toshkentga qaytdi. «Temiryo‘lchilar» ustozi yanvardagi OChL saralash bahslariga tayyorgarlikni boshladi.
Vadim Abramov Moskvada
O‘zbekiston milliy jamoasi hamda «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov ham qishki ta’tilni xorijda o‘tkazmoqda. 57 yoshli murabbiy og‘ir mavsumdan keyin Rossiya poytaxti Moskvada sog‘lig‘ini tiklash bilan band. «Bunyodkor» klubi yanvar oyidan OChL saralash bahslariga kirishishi bois, klub yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Vadim Karlenovich 20 dekabrdan keyin Toshkentga qaytadi.
Baqoyev Qozog‘iston va Tailandga borib keldi
2019 yilgi mavsum kashfiyotiga aylangan «So‘g‘diyona» klubi chempionat oxiriga qadar OChL yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi, ammo yakunda yo‘llanma «Bunyodkor»ga nasib etdi. Shunga qaramay, Ulug‘bek Baqoyev boshqaruviga o‘tib, butunlay boshqa jamoaga aylangan Jizzax klubining sovrinli o‘rinlar uchun kurashishi tahsinga sazovor natijadir. Tanaffus paytda Toshkentda tashkil etilgan «Pro» litsenziyasi uchun o‘quv-seminarida ishtirok etgan Baqoyev, litsenziya majburiyati doirasidagi xorijdagi malaka oshirishni Qozog‘istonda o‘tadi. Muvaffaqiyatli mavsumdan keyin esa Ulug‘bek Baqoyev Tailandda bo‘lib, bir hafta davomida hordiq chiqarib qaytdi.
Andrey Shipilov Sankt-Peterburgda
«Metallurg» klubi uchun ham mavsumni muvaffaqiyatli o‘tdi, deyish mumkin. Bekobodliklar 16 yil davomida kuchli beshlikka yaqinlasha olmagandilar, so‘nggi ikki mavsumdan buyon esa Andrey Shipilov qo‘l ostida ketma-ket 5-o‘rindan joy olishmoqda. Rossiya fuqaroligiga ega mutaxassis ayni damda Sankt-Peterburgdagi uyida qishki ta’tilni o‘tkazmoqda. «Ma’danchilar» yanvar oyi boshidan yangi mavsum taraddudini boshlashadi.
Vladimir Andreyev Termizda
Mavsum debyutanti sanalmish Termizning «Surxon» klubi uzoq yillik tanaffusdan keyin Superligaga qaytib, 6-o‘rindan joy oldi. Klub bosh murabbiyi Vladimir Andreyev qishki tanaffusni Termizda, oilasi davrasida o‘tkazmoqda. Jamoa yanvar oyidan tayyorgarlikni boshlaydi.
Ro‘ziqul Berdiyev Istanbulda bo‘ldi
Qarshining «Nasaf» klubi mavsumni o‘zi uchun munosib bo‘lmagan 7-o‘rinda yakunladi. Ammo jamoaning bu yilgi imkoniyati, qolaversa, Ro‘ziqul Berdiyevning joriy mavsumda ham asosiy e’tiborni mahalliy yosh kadrlarga qaratganini inobat oladigan bo‘lsak, jamoaning bu natijasi tanqidga munosib emas. O‘z ustida ishlashni to‘xtatmayotgan Ro‘ziqul Berdiyev Toshkentda tashkil etilgan «Pro» litsenziyasi uchun o‘quv-seminarida ishtirok etgach, ikkinchi bosqichdagi malaka oshirishni qishki ta’tilda Turkiyada o‘tab qaytdi. Istanbulning «Kasimpashsha» klubida amaliyot o‘tagan Berdiyev jamoaning 8 dekabr kungi «Beshiktash» klubiga qarshi uchrashuvini ham stadiondan kuzatdi. Darvoqe, Turkiyadagi safar davomida «Paxtakor» murabbiyi Jasur Abduraimov va sport direktori Ja’far Irismetov ham Ro‘ziqul Sa’dullayevich bilan birga malaka oshirib qaytishdi.
Mirjalol Qosimov Toshkentda saylov bilan band
Mirjalol Qosimov boshchiligida yil boshida OChL saralashida ishtirok etgan OKMK klubining mavsum yakunida Superligada 8-o‘rinni egallashi, o‘zbek futboli afsonasi sanalmish murabbiyning faoliyatidagi eng yomon natijadir. Mirjalol Qo‘shoqovich mavsumdan keyin ko‘pchilik murabbiylar qatori xorijga chiqqani yo‘q, aksincha, kutilmaganda siyosat bilan ham shug‘ullanishni istagan ko‘rinadi. Mirjalol Qosimov 22 dekabr kungi saylovlarga tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan. Murabbiy futboldan tashqari vaqtini saylovdagi faollik bilan o‘tkazmoqda.
Andrey Kanchelskis Moskvada
Hozirgi imkoniyatidan kelib chiqilsa, «Navbahor» ushbu mavsumda kutilganidan past natija – 9-o‘rinni egalladi. Dekabr oyidan jamoa ta’tilga chiqqach, yangi mavsum uchun klub bosh murabbiyi masalasi ochiq turgandi. Klub rahbariyati Andrey Kanchelskis bilan tuzilgan shartnomada iste’fo uchun badal to‘lovi katta mablag‘ni tashkil etishini inobatga olib, yangi mavsumda ham rossiyalik mutaxassisni lavozimida qoldirdi. Kanchelskis ayni damda Rossiyada qishki ta’tilni o‘tkazmoqda. Murabbiy yangi yil bayramidan keyin O‘zbekistonga qaytadi.
Aleksandr Xomyakov Rossiyada
Mavsum debyutanti «Andijon»ni ikkinchi davra oldidan qabul qilib olgan rossiyalik mutaxassis Aleksandr Xomyakov o‘z oldiga qo‘yilgan vazifa – jamoani ligada olib qolishni uddaladi. Qishki tanaffusni murabbiy o‘z vatanida o‘tkazmoqda. Yangi mavsum tayyorgarligi yanvar oyidan boshlanadi.
Baxtiyor Ashurmatov Toshkentda
Qo‘qon futboli tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Baxtiyor Ashurmatov yaqinda «Qo‘qon-1912» klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi. 43 yoshli mutaxassis sentyabr oyida «Surxon» klubini tark etgach, uch oy davomida dam olishga ulgurdi. Shu bois murabbiy Toshkentda hozirdan yangi klubining yangi mavsum rejalarini tuzish bilan band.
Hamid Aktamov Turkiyaga bo‘lib qaytdi
Navoiyning «Qizilqum» klubi uchun 2019 yilgi mavsum oson kechmadi. Klubdagi muammolar bois, jamoa barqarorlikka erisha olmadi. Bosh murabbiy Hamid Aktamov jamoasining Superligadagi o‘rnini qiyinchilik bilan saqlab qolgach, «Pro» litsenziyasi uchun amaliyotni Turkiyada o‘tab qaytdi.
Muhsin Muhammadiyev Tojikistonga borib keldi
«Buxoro» klubini Superligada zo‘rg‘a olib qolishga erishgan tojikistonlik mutaxassis Muhsin Muhammadiyev vatanida dam olib qaytgach, 17 dekabr kuni O‘FA 1-vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning Buxorodagi tashrifi davomida u bilan uchrashgan. Klub rahbariyati ishtirokida o‘tgan uchrashuvda viloyatda futbolni rivojlantirish masalalari atroflicha o‘rganilgan.
Tachmurod Agamurodov Turkmanistonda
Mavsumning so‘nggi turiga qadar «Dinamo»ni Superligada olib qolishga uringan Tachmurod Agamurodov, o‘z jamoasi bilan turnir jadvalida «Buxoro» va «Qizilqum» singari 24 ochkodan to‘plagan bo‘lsa-da, o‘zaro o‘yinlardagi natija sabab alamli tarzda quyi ligaga ravona bo‘ldi. Mavsum yakunlangach, turkmanistonlik mutaxassis o‘z vataniga jo‘nab ketdi. Murabbiy dekabr oyi yakunida Ashxoboddan Toshkentga qaytib keladi.
Usmon Ibodov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi