20:33 / 29.12.2019
2 167

Tokio sari yo‘l. Tailandga chempionlik uchun borayotgan jamoa haqida

Tokio sari yo‘l. Tailandga chempionlik uchun borayotgan jamoa haqida
8 yanvar kuni Tailandda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlanadi. Lyubinko Drulovich murabbiyligidagi O‘zbekiston U23 jamoasi musobaqani 9 yanvar kuni Eronga qarshi o‘yin bilan musobaqani boshlaydi.

Guruhdan chiqish uchun Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlar ham bor. Musobaqaga amaldagi g‘olib sifatida borayotgan O‘zbekiston yana chempionlikni va bu gal asosiy maqsad bo‘lgan olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladimi?

Ochig‘ini aytish kerak, 2018 yilgi Ravshan Haydarov boshqargan jamoadan yaxshi natija kutilgani rost, lekin ularni chempion bo‘lib keladi deb o‘ylaganlar ko‘p emasdi. Bir tomondan tarkibda Doston Hamdamov, Odil Hamrobekov, Javohir Siddiqov, Aziz G‘aniyev, Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov kabi yigitlar bor, boshqa tomondan janubiy-sharqiy Osiyoda bu yoshdagi futbolchilar allaqachon Yevropada o‘ynay boshlashadi.

Ayniqsa, birinchi turda Feliks Sanches boshqaruvidagi Qatar (esingizda bo‘lsa, keyinchalik Sanches o‘sha jamoasidagi ko‘plab futbolchilar bilan Osiyo Kubogida g‘olib bo‘ldi) bizning yigitlarni mag‘lub etgach, Ravshan Haydarov jamoasining imkoniyatlari keskin pasayib ketgandi. Ammo keyingi o‘yinlarda iroda ko‘rsatgan futbolchilarimiz bosh sovrin bilan ortga qaytishdi.

Biz yuqorida nomlarini sanagan Hamrobekov, Hamdamov, Siddiqov va G‘aniyev kabi futbolchilar aynan o‘sha musobaqada o‘yindan-o‘yinga katta futbolchiga aylanib borishgandi. Ular o‘z qarshilaridan chiqqan Yaponiya va Janubiy Koreya kabi qit’a futboli yetakchilarini mag‘lub etishdi. Finalda jamoaning yangi qirrasi ochilib super iroda ko‘rsatildi. Bonusiga futbolimiz Andrey Sidorov ismli qutqaruvchini kashf qildi. Hozirgi jamoa nimaning evaziga chempion bo‘lishi mumkin?

Ostonsiz tarkib
Agar siz o‘zbek futboli deganda milliy jamoaning yil davomida o‘tkazgan bir nechta o‘yinini tushunsangiz, Tailandga boradigan jamoani tanimasligingiz tabiiy, ammo ichki chempionat o‘yinlarini kuzatib yurgan bo‘lsangiz, bu jamoaning kuchiga to‘g‘ri baho bera olasiz. Keling, tarkibning naqadar kuchli ekanini chiziqlar bo‘yicha ko‘rib chiqamiz.

Murabbiylar katta ehtimol bilan asosiy darvozabon sifatida «Nasaf» posboni Abduvohid Ne’matovni tanlasa kerak. Ma’lumot uchun, Abduvohid chempionatda yil ramziy jamoasiga kiritildi.

Markaziy himoyachi Islom Qobilov ham oxirgi vaqtlarda tez-tez tilga olinyapti. «Bunyodkor»dagi ishonchli harakatlari bilan milliy jamoaga ham nomzodlar qatoriga kirgan bu futbolchi U23 jamoasi sardori. U nafaqat himoyani, balki butun jamoani yaxshi boshqara olishini o‘yinlarda ko‘rganmiz.

O‘ng qanot himoyasida Hojiakbar Alijonov. Shota Arveladzening «Paxtakor»dagi asosiy kashfiyoti aynan Alijonov bo‘ldi. To‘g‘ri, u oldin ham yaxshi futbolchi edi, ammo gruziyalik mutaxassis uni yosh, umidli futbolchidan mamlakatning eng zo‘r qanot himoyachilaridan biriga aylantirdi. U shunchaki yosh limiti tufayli emas, chindan o‘z qanotida tengsiz bo‘lgani uchun «Paxtakor» asosiy tarkibida o‘ynadi. Alijonov bu yil O‘zbekistonning eng zo‘r futbolchilaridan bo‘ldi.

O‘ng qanotda Alijonovdan tashqari chempionatning eng sermahsul himoyachilaridan bo‘lgan Dilshod Saidov ham bor. «Nasaf» safida yorqin o‘yin ko‘rsatgan Dilshod asosiy tarkibdagi o‘rin uchun Alijonovga raqobatchilik qiladi.

Yarim himoya ham havas qilarli darajada kuchli. Xuddi 2 yil oldin chempion bo‘lgan jamoada bo‘lgani kabi. Ular orasida Aziz G‘aniyevni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Og‘ir jarohatidan tiklangan bu futbolchi yana yuqori sport formasiga qayta oldi. U musobaqada porlashi kutilayotgan yulduzlar qatorida ham e’tirof etilmoqda. Aziz G‘aniyev avvalgi turnirda ham o‘ynagan va uzoq masofadan urgan goli bilan yodda qolgandi.

Sanjar Qodirqulov jamoaning yana bir yetakchisi. Milliy jamoadagi debyutidayoq gol urib, muxlislar qalbidan joy olganbu futbolchi endilikda mamlakatning eng yaxshi yarimhimoyachilaridan biri. Abramov bu yigitni chinakamiga kashf qildi. Uning to‘pni juda yaxshi nazorat qilishi Abramovning to‘p nazoratiga asoslangan o‘yiniga ayniqsa mos tushdi. Murabbiy Qodirqulovni qo‘rqmay Yamanga qarshi juda muhim o‘yinda asosiy tarkibda o‘ynatdi va xato qilmadi. Sanjar milliy jamoadaki o‘zini bu qadar erkin tutdi, undan yoshlar o‘rtasidagi chempionatda yanada yaxshiroq o‘ynashini kutsak bo‘ladi.

Yarimhimoyadagi yana bir futbolchi Abror Ismoilovni ko‘pchilik Qirg‘izistonga qarshi o‘yindan so‘ng tanib oldi. O‘sha o‘yinda milliy jamoa safida debyut qilgan Ismoilov «Surxon»da anchadan buyon yorqin o‘yin ko‘rsatib keladi. Tashqi ko‘rinishi ham, o‘yin uslubi ham Odil Hamrobekovni eslatib yuboradigan bu futbolchi tayanch yarimhimoyasining yangi yetakchisiga aylanishini kutish mumkin.

So‘nggi yillarda o‘zbek futbolining kelajagi sifatida qarab kelinayotgan Jasur Yaxshiboyev ham Tailanddagi musobaqada chinakamiga porlashi mumkin. U 2018 yilda ham yaxshi o‘ynagan, ammo bor imkoniyatini namoyish eta olmagandi. Keyinchalik «Paxtakor» va OKMKda ham unga doim nimadir yetishmadi. Tailandda katta ehtimol bilan asosiy tarkibda o‘ynaydigan Jasur nihoyat chinakamiga porlash uchun juda yaxshi imkoniyatga ega.

Milliy jamoa havosidan nafas olgan yana bir futbolchi Doston Ibragimov. Kuperga o‘yini ma’qul kelgan «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi «Qizilqum»dagi yorqin o‘yinlari sabab milliy jamoaga chaqirilgandi. Dostonni ham jamoa yetakchilaridan deyish mumkin. Ko‘rib turganingizdek yarim himoya yaxshigina kuchli.

Hujum chizig‘ida ham chempionatda gol urib yurgan yigitlar o‘ynaydi. Jamoaning asosiy hujumchisi shubhasiz Bobur Abduxoliqov. «Bunyodkor» futbolchisi Mirjahon Mirahmadov ham o‘z jamoasining asosiy hujumchisi. Bu chiziqda ko‘proq Boburga umid qilish mumkin, chunki u «Nasaf»ning kamtarona tarkibida ham to‘purarlik qobiliyatini ko‘rsata oldi. Bobur ayniqsa katta o‘yinlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi.

Kimlar qolib ketdi?
Bu jamoani Ravshan Haydarov boshqarishi mantiqiy edi, chunki u o‘tgan musobaqada chempion bo‘lgandi. G‘oliblar esa almashtirilmasligi kerak. Drulovich kelganidan buyon jamoaga nimadir bera oldi deyish qiyin. Jamoa shunchaki yaxshi futbolchilar evaziga kuchli raqiblarni ham o‘rtoqlik o‘yinlarida mag‘lub etdi. Bir so‘z bilan aytganda, jamoa o‘yinida murabbiy imzosi sezilmayapti. Harholda hozircha shunday.

Drulovich bu yoshdagi o‘zbekistonlik barcha futbolchilarni tanishiga ham ishonish qiyin. Chunki Aziz Omonovni doimiy yig‘inlarga chaqirayotgan murabbiy «Andijon»ning asosiy futbolchisiga aylanib, yorqin mavsum o‘tkazgan Shahzod Ubaydullayevga ham imkon berishi kerak edi. Chunki Aziz Omonovdan farqli o‘laroq Shahzod «Andijon»da yosh bo‘lgani uchun va o‘ziga xos limit sabab emas, munosib bo‘lgani uchun asosiy tarkibda o‘ynadi. Bu jamoaga yoshi to‘g‘ri keladigan futbolchilar Pro-Ligada ko‘p, ammo murabbiy faqat Superligadagi sanoqli futbolchilarni kuzatish bilan cheklandi, xolos. Aytaylik «Sho‘rtan»da bir o‘yinda beshtalab gol uradigan Jasur Xolto‘rayev degan, xuddi shu jamoada ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynaydigan Sherzod Temirov ismli hujumchi ham borligini janob Drulovich bilmasa kerak.

O‘zbekistonda yaxshi futbolchi kam deb yurgan bilan hech nima bo‘lmaydi. Masalan, Ravshan Haydarov hech kim tanimaydigan Sidorovni birgina o‘yinda maydonga tushirib qahramonga aylantirgandi. Murabbiyning ishi mamlakatdagi bor futbolchilardan unumli foydalanishdir.

Drulovich tarkibga Oston O‘runovni kiritmagani esa katta xato bo‘ldi. Axir qanday qilib o‘z yosh toifasida eng iste’dodli bo‘lgan futbolchini tarkibga kiritmaslik mumkin? Uning xarakteri og‘irligi haqida Kanchelskis ham aytgandi, ammo bu futbolchini tarkibga jalb qilmaslik uchun bahona bo‘la olmaydi.

Ko‘pchilik muxlislar ham murabbiydan qandaydir fenomenal qarorlar kutayotgani yo‘q. Tarkibdagi kuchli futbolchilar muxlislarni tinchlantirayotgan bo‘lishi mumkin. Murabbiylar shtabida Ravshan Haydarov ham borligi odamni xursand qiladi.

Bu futbolchilarga juda yaxshi sharoitlar yaratib berildi, kuchli jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkillashtirildi. Shu bois Osiyo chempionati yo‘llanmasini zo‘rg‘a qo‘lga kiritgan jamoa barchasi tasodif bo‘lganini isbotlab, Tokio yo‘llanmasini qo‘lga kiritish orqali chinakam «oltin avlod» ekanini isbotlashi kerak.

Vadim Abramov aytganidek, koinotga kim ikkinchi chiqqanini hech kim eslamaydi, birinchi bo‘lib chiqqan Gagarinni esa butun dunyo biladi. Yigitlarga o‘zbek futboli tarixida ilk marta olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan jamoa bo‘lishni tilab qolamiz.

O‘tkir Jalolxonov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tokio sari yo‘l. Tailandga chempionlik uchun borayotgan jamoa haqida