20:36 / 31.12.2019
2 264

U-23 Osiyo chempionati kimlarni tanitgan?

U-23 Osiyo chempionati kimlarni tanitgan?
8-26 yanvar kunlari Tailandda navbatdagi U-23 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Bu hisob bo‘yicha to‘rtinchi musobaqa bo‘ladi. Shu o‘rinda tarixdagi uchta U-23 Osiyo chempionati yodga oladigan bo‘lsak, har uchala turnir bir nechta futbolchilarni muxlislarga tanitgani ma’lum bo‘ladi. Bu futbolchilar keyinchalik Osiyo darajasida nom qozonishdi va hozir o‘z milliy terma jamoalarining asosiy yulduzlari hisoblanadi.

Masalan, yaponiyalik Shoya Nakajima 2014 va 2016 yilda o‘tkazilgan dastlabki ikkita musobaqada ishtirok etgan. Uning uchun ayniqsa 2016 yilgi musobaqa muvaffaqiyatli kelib o‘z terma jamoasi bilan oltin medallarni qo‘lga kiritishdan tashqari “Musobaqaning eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan. Nakajima shu yil boshida ma’lum muddat Qatarning “Al Duhayl” klubida faoliyat olib bordi va yozda “Portu” safiga o‘tib ketdi. 25 yoshli futbolchi ayni paytda Yaponiya milliy terma jamoasida muntazam harakat qilib kelmoqda.

Dastlabki ikki musobaqada ishtirok etib muxlislar tiliga tushgan yana bir futbolchi bu Almuaz Ali. Qatarlik hujumchining nimalarga qodirligini BAAda o‘tkazilgan Osiyo Kubogida ko‘rdik. Biroq Almuaz Ali 2016, 2018 yilgi U-23 Osiyo chempionatlarida ham qatnashgan. O‘sha musobaqada uning yonida sheriklari - Abdulkarim Hassan (2018 yil "Osiyoning eng yaxshi futbolchisi") bilan Akram Afif (2019 yil "Osiyoning eng yaxshi futbolchisi") ham bo‘lgan.

U-23 Osiyo chempionati nafaqat maydondagi o‘yinchilar, balki darvozabonlarni ham kashf etib bergan. Xususan bugungi kunda Eron terma jamoasining birinchi raqamli posboni Alirizo Beyranvand 2014 yilgi musobaqada o‘ynaganini ko‘pchilik bilmasa kerak. O‘shanda 22 yoshli Alirizoga deyarli hech kim e’tibor bermagan bo‘lishi mumkin. Keyinchalik undan mohir darvozabon yetishib chiqdi va Beyranvand Rossiyada bo‘lib o‘tgan JCH-2018da o‘z terma jamoasi darvozasini munosib qo‘riqladi.

Yoki yana bir futbolchi Xvang Xi Channi olaylik. Bugungi kunda Janubiy Koreya milliy terma jamoasi hamda Avstriyaning “Red Bul Zalsburg” klubi safida faoliyat yuritayotgan Xvang Xi Chan aynan 2016 yilgi U-23 Osiyo chempionatidan so‘ng Yevropaga yo‘l olgan. O‘sha musobaqada koreyalik hujumchi o‘z jamoasining finalga qadar yetib borishida katta ishni amalga oshirgandi.

U-23 Osiyo chempionati kashfiyotlaridan biri Omar Xrbin hisoblanadi. Suriyalik hujumchi ham 2014 va 2016 yilgi musobaqalarda ishtirok etgan. Xrbin harakat qilgan Suriya olimpiya terma jamoasi 2014 yil chorak finalga qadar yetib borgan. U ikki yildan so‘ng tashkil etilgan musobaqada ikkita o‘yinda uchta gol urdi. Omar Xrbin bugungi kunda “Al Hilol” sharafini himoya qilayotganini ko‘pchilik yaxshi biladi.

Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi a’zosi Abdulloh Otayf ham 2014 yilgi U-23 Osiyo chempionatida ishtirok etganidan so‘ng mashhurlik cho‘qqisiga chiqa boshladi. Hozirda 27 yoshli futbolchi “Al Hilol” safida muntazam harakat qilib kelmoqda va shu yil o‘z klubi bilan Osiyo chempionlar ligasini qo‘lga kiritdi.

23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi oxirgi Osiyo chempionati bizdan Aziz G‘aniyev, Jasur Yaxshiboyev kabi yosh iqtidorlarni kashf etib berdi. Ammo bu ikki futbolchi hozircha milliy terma jamoa darajasiga chiqqani yo‘q. Balki navbatdagi ishtirokdan so‘ng bizning futbolchilarga ham butun Osiyoga tanilish va O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p tepish nasib qilar.


Xayrulla Xoliqov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » U-23 Osiyo chempionati kimlarni tanitgan?