20:27 / 10.01.2020
1 953

Baxtiyor Ashurmatov: “O‘z o‘yinimiz bilan muxlislarni stadionga qaytarmoqchimiz”

Baxtiyor Ashurmatov: “O‘z o‘yinimiz bilan muxlislarni stadionga qaytarmoqchimiz”
Superliga jamoalari yangi mavsumga tayyorgarlikning navbatdagi qismiga kirishishgan.
“Surxon”, “Sug‘diyona” yig‘inni Toshkentda davom ettirishayotgan bo‘lsa, “Buxoro”, “Qizilqum”, “Mash’al” o‘z qarorgoxlarida mashg‘ulotlarni olib borishmoqda. Shu qatori joriy yilda yuqori maqsadlarni ko‘zlayotgan “Qo‘qon-1912” poytaxtda yangi murabbiy Baxtiyor Ashurmatov boshchiligida yig‘inni qizg‘in ruhda o‘tkazmoqda. Biz esa o‘z navbatida mutaxassisdan fikrlari bilan qiziqdik.

- Baxtiyor aka, yangi jamoani qabul qilib oldingiz. Albatta, bu klub avvalgilaridan farq qiladi. Muxlislar ham talabchan. Qolaversa jamoa sizga begona emas. Shunday ekan, mashg‘ulotlar qanday o‘tyapti?
- Gapning ochig‘i Qo‘qon shahri jamoasini boshqarish men uchun sharaf. Chunki, o‘zim qo‘qonlikman. Bo‘ynimizga juda katta mas’uliyat yuklangan. Muxlislar oldida, rahbariyat oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun astoydil harakat qilamiz. Hozirda Superliga o‘yinlariga tayyorgarlik ketyapti. Dekabr oyida birinchi bosqichni o‘tkazgan edik, mana endi poytaxtda yig‘ilib tayyorgarlikning asosiy qismiga kirishdik. Mazkur yig‘in davomida bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishni rejalashtirganmiz. Ulardan biri Tojikistonning “Istiqlol” jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi. 14 yanvar kuni “Sug‘diyona” bilan, 18 yanvar kuni “Andijon” bilan nazorat bahsida maydonga tushishni rejalashtiryapmiz. Mashg‘ulotlarda yigitlar yaxshi ishlashyapti. Shogirdlarimga e’tirozlar yo‘q.

- Barchani qiziqtirayotgan narsa, ya’ni seleksiya ishlari qay darajada ketmoqda? Avval “Buxoro”da birga birga ishlagan Ergash Ismoilov, Andrey Sidorovlar kelib qo‘shildi. Yana bu borada o‘zgarishlar ko‘ramizmi?
- Muxlislarimizga ham qiziq. To‘g‘ri, seleksiya jarayoni oson bo‘lmayapti. Asosiysi jamoamizning yetakchi o‘yinchilarini saqlab qolishga erishdik. Chempionat boshlanguniga qadar jamoamizni munosib himoya qila oladigan futbolchilar bilan shartnoma imzolashga urinamiz. O‘ylaymanki mavsum arafasida optimal formaga kira olamiz.

- Oldingi jamoalaringizda vaqt bilan bog‘liq muammolarga duch kelgansiz. “Buxoro”da ham, “Surxo”da ham jamoani to‘liq shakllantirishga ulgurmagansiz. Natija ham salbiy ko‘rinish olgandi...
- “Buxoro”da yomon jamoa tuzmagan edik. Lekin, o‘zim sabrsizlik qildim. 3-4 o‘yinda g‘alaba qozona olmaganimizdan so‘ng iste’fo berishga qaror qilgan edim. “Surxon”dagi ishimga bahor berish qiyin. Chunki, ikkita uchrashuvda boshqardim holos. Qisqa fursatda natija ko‘rsatish murabbiy uchun qiyin hisoblanadi. Bu yerdagi eng katta yutug‘im jamoa muxlislari va raxbarlari menga ishonch bildirishmoqda. Yetarli darajada imkon va vaqt berishadi. Men berilgan imkoniyatdan unumli foydalanishga va yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan, jangovar jamoa tuzishni oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

- “Qo‘qon-1912”ning o‘tgan mavsumdagi o‘yinlarini kuzatdingizmi?
- Albatta. Men o‘zim qo‘qonlik bo‘lganim uchun qaysi jamoada ishlashimdan qat’iy nazar, doim kuzatib kelganman. O‘tgan yili ishlagan murabbiylar ham yomon boshqarishmadi. Ayrim o‘yinlarda omad yetishmadi. Shu sababli jamoa mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qoldi. Natijada Superligada jon saqlab qolish uchun kurashishdi. Men o‘ylaymanki bu yilgi mavsumda omadsizliklar ortga chekinadi. Biz o‘z uslubimiz va namoyish etadigan o‘yinimiz bilan ishqibozlarni ishonchini qaytarishimiz kerak. Yuqori o‘rinlar uchun kurashishni niyat qilganmiz.

- Klub rahbarlari oldingizga qanday talabni qo‘yishmoqda?
- Birinchi navbatda e’tiborimizni seleksiya ishlariga qaratganmiz. Yaxshi saviyadagi futbolchilar kam. Borlarini ham o‘z jamoalari bilan shartnomalari bor. Shunga qaramay oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga intilamiz. Avvalgi mavsumga qaraganda yaxshiroq natijani qayd etishga bor kuchimizni beramiz.

- “Qo‘qon-1912” jamoasida aynan nimani o‘zgartirmoqchisiz?
- Oxirgi yillarda jamoani omd takr etgandi. Muxlislar ishonchi nisbatan yo‘qolgan edi. Eng asosiy maqsadim ularni mehrini qozonish, stadionga qaytarish. Jamoamizni juda ham jonkuyar ishqibozlari bor. Har bir bahsda muntazam qo‘llab quvvatlashadi. Bu ham bizga qo‘shimcha ruhiy ustunlik beradi. Ohirgi yillarda jamoa qandaydir chuqurlikka tushib qolgandek. Har yili kuchlilar safida qolish uchun harakat qiladi. Shuning uchun futbolchilarni ruhiyatini ijobiy tomonga o‘zgartirmoqchimiz. “Qo‘qon-1912” yuqori o‘rinlar uchun kurasha olishini ularga yetkazib berishni xohlayman. Buni amalda isbotlashga bel bog‘laymiz.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Baxtiyor Ashurmatov: “O‘z o‘yinimiz bilan muxlislarni stadionga qaytarmoqchimiz”