13:46 / 13.01.2020
3 406

«Uch savol»: Guruhdan chiqish, chorak finaldagi ehtimoliy raqiblar va Olimpiada yo‘llanmasi haqida

«Uch savol»: Guruhdan chiqish, chorak finaldagi ehtimoliy raqiblar va Olimpiada yo‘llanmasi haqida
Guruhdan chiqish imkoniyatimiz qanday?
Xitoy ustidan qozonilgan g‘alaba tabiiyki, imkoniyatimizni oshirib yubordi, ammo Islom Qobilov goldan keyin ishora qilganidek bayram qilishga hali erta. Taqvimning bizga qulay tarafi shu bo‘ldiki, guruh favoriti hisoblanayotgan Janubiy Koreya futbolchilari bilan biz so‘nggi turda, ya’ni ular pley-off masalasini rasman hal qilib bo‘lgan paytda o‘ynaymiz. Albatta, guruh g‘olibi kim bo‘lish masalasi hali ochiq turibdi, lekin durang ham koreyslarni bemalol qoniqtiradi va 3-turda o‘ta shiddatli to‘qnashuvni kutmasak ham bo‘ladi.

Xullas, agar Janubiy Koreyani mag‘lub etadigan bo‘lsak, 7 ochko bilan guruhda birinchi o‘rinni olib, pley-offga chiqamiz.

Agar ushbu uchrashuvda durang qayd etiladigan bo‘lsa ham, jadvaldagi o‘rnimizni saqlab qolamiz va chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz. Ikki turdan keyin atigi bir ochkoga ega bo‘lgan Eron har qancha gol ursayam, bizga yeta olmaydi.

Agar Koreyaga mag‘lubiyatga uchrasakchi? Yuqorida koreyslarning bosimsiz o‘ynashini e’tirof etgandik, Eron terma jamoasiga ham xuddi shunday raqib ro‘baru keladi. Xitoyliklar xuddi Yaponiya singari, keyingi bosqichga chiqa olmasliklari aniq bo‘lib ulgurdi. Demak, Eron Xitoy darvozasiga ko‘proq gol urishga harakat qiladi. Eronliklar biz Koreyaga mag‘lub bo‘lishimizni kutgan holda, to‘plar nisbatini yaxshilashga urinib ko‘rishlari turgan gap. Ana o‘shanda biz va Eronning ochkolari soni teng bo‘lib, reglament bo‘yicha to‘plar nisbatiga qaraladi. Sababi, o‘zaro o‘yin durang bilan yakunlangan.

Eron Xitoyni ikkidan ortiq to‘p farqi bilan mag‘lub etsa yoki biz Koreyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘lsak, to‘plar nisbatiga ko‘ra uchinchi o‘ringa tushib ketishimiz mumkin. Agar 3-turdan keyin bir xil to‘plar nisbati kuzatilsa, urilgan gollar soniga qaraladi. Urilgan gollar soni ham teng chiqadigan bo‘lsa, futbolchilarga ko‘rsatilgan sariq va qizil kartochkalar sanab chiqiladi.

Ikki turdan so‘ng, Eron olimpiyachilari 5 marta ogohlantirilgan. O‘zbekistonda atigi 2ta sariq kartochka bor. Agar so‘nggi o‘yin o‘ta tartibsiz kechmasa, bu borada Erondan ustun bo‘lib turibmiz. Demak, avvalo Koreyadan imkon qadar kamida bir ochko olishga urinish kerak. Mag‘lub bo‘lib ham imkoniyatimiz bor, lekin u holda Eron Xitoy darvozasiga ikkitadan ko‘p gol urmasligi talab etiladi.

Chorak finalda kim bilan o‘ynashimiz mumkin?
Nisbatan olganda, qiyinroq guruhda tushib qolganimiz bilan, chorak finalda bizni osonroq raqib kutib turishi haqiqatga yaqinroq. Har holda, Janubiy Koreya bilan guruhda o‘ynayapmiz, Avstraliya tushmaydi, shuningdek, maydon egalariga qarshi ham o‘ynamaymiz. Bu ham noqulay bo‘lar edi.

C guruhi g‘oliblari chorak finalda D guruhidagi omadli jamoalarga qarshi maydonga tushadi. U yerda hozircha, Vetnam, Iordaniya va BAA jamoalari keyingi bosqichga chiqish uchun da’vogar bo‘lib turibdi. Shimoliy Koreyada ham imkoniyat bor hali. Nima bo‘lgandayam, bu jamoalarga qarshi bemalol o‘ynash, g‘alaba qozonish mumkin.

Bugun bo‘lib o‘tadigan Iordaniya – Vetnam, BAA – Shimoliy Koreya o‘yinlarida bu guruhdagi vaziyatga oydinlik kiritiladi. Iordaniya g‘alaba qozonsa Janubiy Koreya ortidan muddatidan oldin chorak finalga chiqadi. BAAning holati, xuddi bizning Xitoyga qarshi o‘yinimizdan avvalgi vaziyatimizni esga soladi. Agar hammasi keyin ham mana shunday parallel kechsa, bizga chorak finalda Iordaniya U23 tushish ehtimoli yuqori.

Olimpiadaga qanday chiqiladi?
Tokioda o‘tadigan Olimpiada uchun Osiyoga 3ta o‘rin berilgan. Mezbon – Yaponiya terma jamoasidan tashqari, albatta. Demak, yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun kamida yarim finalga chiqish talab etiladi.

Agar Yaponiya kuchli tarkib bilan kelib, chempionlik uchun kurashganda, ya’ni yarim finalgacha yetib borganida, bizga yaxshiroq bo‘lardi. O‘zbekiston Yaponiya bilan chorak finalda baribir duch kelmasdi, chorak finaldagi g‘alaba esa, rasman Olimpiada yo‘llanmasini bizga taqdim etardi. Chunki agar yarim final ishtirokchilari Yaponiya va yana uch jamoa bo‘lib qolsa, yaponlar shundoq ham yo‘llanmaga ega, qolgan uch jamoa ham maqsadiga yetgan bo‘lardi.

Endi esa biroz qiyinroq. Chunki yarim finalga chiqadigan 4 jamoadan bittasi Olimpiada o‘yinlaridan chetda qolishga mahkum. Endi xulosa qilib, savollarga javob beramiz. Olimpiadaga chiqish uchun nima qilish kerak?

1. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda kamida durangga erishishimiz kerak. Mag‘lub bo‘lsak, Eron–Xitoy o‘yini natijasiga qarashimizga to‘g‘ri keladi.

2. Chorak finalda g‘alaba qozonishimiz shart. Boshqa yo‘l yo‘q. Olimpiada yo‘llanmasi uchun yarim finalga chiqish kerak bo‘ladi. Chorak finalda bizga Iordaniya, BAA va Vetnam terma jamoalaridan biri ro‘baru keladi.

3. Yarim finalda g‘alaba qozonishimiz kerak. Bu bizga uchinchi qadamdayoq Olimpiada yo‘llanmasini taqdim etadi. Yarim finaldagi g‘alaba bu final, ya’ni kamida 2-o‘rin degani.

4. Agar yarim finalda mag‘lubiyatga uchrasak, bizda Tokioga borish uchun yagona imkoniyat qoladi. U holda O‘zbekiston 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan 3-o‘rin uchun bahsda g‘alaba qozonishi shart.

Demak, bizni to‘rt o‘yin kutib turibdi. Agar vaziyatga Olimpiada yo‘llanmasi nuqtayi nazaridan qarasak, bu o‘yinlarning 2tasida (chorak final, 3-o‘rin uchun bahs) faqat va faqat g‘alaba uchun maydonga tushar ekanmiz. Janubiy Koreya bilan o‘yinda yutqazmaslik shart. Yarim finalda esa, mag‘lubiyat ham bizda yana bir imkoniyatni saqlab qoladi. Oldinda mana shunday turlicha sinovlar kutib turibdi.

Eng yaxshi variant esa, albatta, finalga chiqish. Olimpiada yo‘llanmasini cho‘ntakka solgan holda, balki hech qanday bosimsiz, bu turnirdagi chempionlik maqomini ham himoya qilish. Zo‘r bo‘lardi...

Qahramon Aslanov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Uch savol»: Guruhdan chiqish, chorak finaldagi ehtimoliy raqiblar va Olimpiada yo‘llanmasi haqida