00:23 / 21.01.2020
2 181

Andrey Kanchelskis: "Navbahor" Turkiyada Rossiya klublari kabi ish tutadi" (intervyu)

Andrey Kanchelskis: "Navbahor" Turkiyada Rossiya klublari kabi ish tutadi" (intervyu)
Namanganning “Navbahor” klubi yangi mavsumda o‘z oldiga jiddiy maqsadlar qo‘ymoqda.
Shu bois, tarkib kuchaytirilmoqda, ko‘rikka ko‘plab mahalliy hamda xorijlik futbolchilar taklif etilmoqda. Xo‘sh, “lochinlar”ning keyingi niyatlari qanday? Ayni paytda Namanganda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini olib borayotgan “navbahorchilar” keyingi yig‘inni qayerda olib borishadi? Keyingi nazorat-sinov bahslarida namanganliklarning sparring - raqiblari qaysi jamoalar bo‘ladi? Tarkibda qanday o‘zgarishlar bor? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskisdan namanganliklarning navbatdagi mashg‘uloti yakunlaganidan so‘ng, intervyu oldik.

- Andrey Antanasovich, suhbatimizni yangi mavsumga tayyorgarlik qanday olib borilayotganligi bilan boshlasak...
- Tayyorgarlik yaxshi, ishchan ruhda olib borilmoqda. Kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazyapmiz. Mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida 2ta nazorat-sinov bahsi o‘tkazdik. Aniqrog‘i, jamoamiz bitta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Birinchi, ya’ni “Turon”ga qarshi kechgan bahsda maydonga asosan ko‘rikdan o‘tayotgan xorijlik va bir qator namanganlik futbolchilarni tushirib, ularni sinovdan o‘tkazdik.

O‘sha o‘yinda ularning o‘z mahoratlarini namoyish etishlariga umid qilgandik hamda imkoniyat taqdim etgandik. Afsuski, “Turon” bilan bo‘lgan bahsda ko‘rikdan o‘tayotgan ko‘plab futbolchilar ishonchni oqlashmadi. Natijada, mag‘lubiyat alamini totishga majbur bo‘ldik (1:2).

“Neftchi” bilan bo‘lgan ikkinchi nazorat o‘yinida esa garchi Qirgulidagi maydon ideal holatda bo‘lmasa-da, yigitlar jonkuyarliklari va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqlari evaziga o‘sha bahsda zafar quchishdi (3:1) hamda shogirdlarimning Qirgulida namoyish etgan o‘yinlaridan qoniqish hosil qildim.

Aslida, tabiiy chimda mashg‘ulot o‘tkazsak, yanada yaxshi bo‘lardi. Ammo sun’iy qoplamali maydonda bo‘lsa ham o‘quv - mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqdamiz.

Fursatdan foydalanib, bizga mashg‘ulotlar olib borish uchun qulay sharoitlarni yaratib berayotgan, jumladan, ajoyib mehmonxona, sifatli taomlar, shuningdek, mashg‘ulot o‘tkazish uchun maydon bilan ta’minlagan, “Navbahor” klubi rahbariyati, jumladan, Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrulla Hayitbayevich Bozorov, Namangan shahar hokimi, “Navbahor” PFK prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzaqov, “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Oybek Arifovich Samatov, shuningdek, To‘raqo‘rg‘ondagi “Odil Junior” futbol akademiyasida mashg‘ulotlar o‘tkazishimizda amaliy yordam bergan Odil Ahmedov va mazkur akademiya mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Namanganda 20 yanvargacha o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Yanvarning 21-sanasida Toshkentga jo‘nab ketamiz. 22 yanvar kuni esa u yerda “Qo‘qon-1912” klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazamiz. 23-24 yanvar kunlari tibbiy ko‘rikdan o‘tamiz hamda 25 yanvarda Turkiyaga jo‘nab ketamiz.

- Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini qachongacha davom etadi va u yerda nechta nazorat-sinov bahslari o‘tkazish rejalashtirilgan?
- Turkiyada biz ikki bosqichli yig‘in o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Ammo mablag‘ni tejash uchun u yerga ikki marta bormaymiz. Lekin muhitni biroz bo‘lsa-da o‘zgartirish, futbolchilarda yangi ishtiyoq uyg‘otish uchun bir mehmonxonadan ikkinchisiga ko‘chamiz. Chunki bir xillikdan o‘yinchilar zerikishlari mumkin. Shuning uchun birinchi bosqich yig‘inini yakunlab, mehmonxonani almashtirganimizdan so‘ng, futbolchilarga 1-2 kun hordiq beriladi. Ko‘plab Rossiya klublari shunday yo‘l tutishadi, ya’ni ortga qaytib, yana Turkiyaga parvoz uyushtirishmaydi.

O‘z navbatida bizni to‘g‘ri tushunib, Turkiyada yig‘in olib borish uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib berayotgan klub rahbariyati, jumladan, Oybek Arifovich Samatovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Albatta, Turkiyadagi yig‘in mobaynida birinchi bosqichda 3ta, ikkinchi bosqichda 3ta, jami 6ta o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Hozircha 2ta sparring-raqibimiz ma’lum. Bular – Turkmanistonning “Axal” va Serbiyaning “Rad” jamoalari. Ta’kidlash joizki, ularning ikkisi ham o‘z mamlakatlari premer-ligasi ishtirokchilari sanalishadi. Boshqa sparring-raqiblar nomi hozircha noma’lum. Lekin ayrim jamoalar bilan bu borada muzokara olib boryapmiz. Turkiyada 21 fevralgacha mashg‘ulotlar olib borish rejalashtirilgan.

- Eshitishimizcha, Rossiya premer-ligasi vakili Moskvaning “Dinamo” klubi bilan ham nazorat o‘yini o‘tkazish rejalashtirilayotgan ekan...
- Ha, ushbu jamoa bilan muzokara olib boryapmiz. “Dinamo” bilan kelishuvga erishsak, juda yaxshi bo‘lardi va jon deb o‘ynagan bo‘lardik. Biroq “Dinamo” bilan kelishuvga erisha olmasak, boshqa shunday saviyadagi jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish rejamizda bor.

- Tarkibdagi o‘zgarishlar borasida ham to‘xtalib o‘tsangiz...
- “Navbahor”ni bir qator futbolchilar, jumladan, Aleksandr Kasyan, Jahongir Mehmonov, Shahzod Shaymanov, Aziz Ibragimov hamda Ayubxon Nomanov tark etishdi. Tarkibga esa “Nasaf”dan himoyachi Xurshid Muxtorov, yarim himoyachi Islom Rashidxonov, shuningdek, “Metallurg”dan yarim himoyachi Islom Isoqjonov qo‘shilishdi. Mazkur o‘yinchilarni o‘tgan mavsumda ham jamoamiz safida ko‘rishni xohlagandik, lekin ayrim sabablarga ko‘ra, bu amalga oshmay qolgandi. Mana endi yangi mavsumda ular “Navbahor” sharafini himoya qilishadi.

Shuningdek, ayni paytda 3 nafar hujumchi - rossiyalik Artyom Sherbak, turkmanistonik Vaxit Orazsaxedov va mahalliy futbolchi Shahboz Erkinov ko‘rikdan o‘tishmoqda. Erkinovni o‘tgan mavsumdagi o‘yinlari orqali yaxshi bilamiz hamda taniymiz, qolgan ikki nafar legionerni esa o‘rtoqlik bahslarida diqqat bilan kuzatamiz. Ulardan qaysi biri yaxshi taassurot qoldirsa, o‘sha futbolchi bilan shartnoma imzolanadi.

Bundan tashqari, xorvatiyalik yarim himoyachi Vilim Posinkovich ham yaxshi taassurot qoldirmoqda. Ko‘rikdagi mazkur futbolchilardan qaysinisi “Navbahor”da qolishi 22 yanvar kuni “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi kechadigan nazorat-sinov bahsidan so‘ng, ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, Turkiyadagi yig‘inda ham bir qator yangi o‘yinchilarni ko‘rikdan o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Asosiysi, klub rahbariyatining sa’y-harakatlari bilan o‘tgan yilgi tarkib o‘zagini saqlab qolishga erishdik.

- Turkiyada ko‘rikdan o‘tadigan o‘yinchilar mahalliy futbolchilarmi yoki legionerlarmi?
- Mahalliy o‘yinchilar ham, xorijlik futbolchilar ham bor. Legionerlar limiti borligi bois, tarkibimizga bor-yo‘g‘i ikki nafar xorijlik o‘yinchini jalb eta olamiz, xolos. Qolgani esa mahalliy futbolchilar bo‘ladi.

- Ko‘pchilikni garchi tarkibda 3 nafar legioner bo‘lsa-da (Igor Golban, Ivan Solovyov va Amirbek Jo‘raboyev nazarda tutilmoqda), ko‘rikka ko‘plab xorijlik futbolchilarni jalb etilgani ajablantirdi. Buni nima bilan izohlaysiz?
- Ushbu legionerlarning ko‘pchiligini klub sport direktori ko‘rikka chaqirdi. Mening ishim ularning o‘yinlarini kuzatib, baho berish, ko‘rikdan o‘tkazish. Mendan shu haqda so‘rashganida, imkoniyat bo‘lsa, bemalol chaqiraveringlar, dedim. Xorijlik futbolchilarning 3 nafarini agentlari orqali o‘zim taklif etgandim. Ulardan ayni paytda Artyom Sherbak jamoa bilan birga.

Birinchi o‘rtoqlik o‘yinidayoq legionerlarning qanday saviyaga ega ekanliklari bilindi. Ayniqsa, kamerunlik Emmanuel Rikkardoning o‘yini meni hayron qoldirdi. Nima, ular O‘zbekistonda futbol o‘ynash oson, deb deb o‘ylashganmi? Vaholanki, o‘zbek futbolining saviyasi ancha kuchli.

Ko‘rikdan o‘tayotgan mahalliy hamda xorijlik futbolchilarning soni ko‘pligiga kelsak, endilikda “Navbahor”da seleksiya xizmati yaxshi ishlayapti. Buni shu bilan izohlash mumkin.

- Sizdan aynan mamlakatimiz futboli saviyasi borasida so‘ramoqchi edim. Sobiq futbolchi va mutaxassis sifatida aytingchi, sobiq ittifoq chempionatlari orasida O‘zbekiston Superligasi saviya borasida nechanchi o‘rinda?
- Bu haqda oldin ham to‘xtalib o‘tgandim. O‘zbek futboli sobiq ittifoq mamlakatlarida Rossiya hamda Ukraina chempionatlaridan so‘ng, 3-o‘rinda turadi. Bu yerda ham ajoyib, yaxshi saviyaga ega klublar bor. Futbol rivojlanmoqda. Kelasi mavsumdan O‘zbekiston chempionatida ham VAR tizimini qo‘llash ko‘zda tutilmoqda. Bu esa o‘zbek futbolini yanada rivojlanishiga turtki beradi. O‘tgan mavsumda hakamlar ko‘plab qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishdi. To‘g‘ri, ular ham inson, adashishadi. VAR tizimi esa shunday xatolarning oldini olishda ko‘maklashadi.

Ayni paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatida sobiq hakam Ravshan Sayfiddinovich Ermatov faoliyat olib bormoqda. U futbol odami. Ravshan Sayfiddinovich bilan yaxshi munosabatdamiz. O‘zbek futbolini rivojlantirishda biz – murabbiylar ham unga amaliy yordam berishimiz lozim. Umid qilamanki, yangi mavsumda Superligada barchasi barkaror tarzda yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, taqvimda ham oldingidek, o‘yinlar oralig‘ida uzoq muddatli, ya’ni 21-22 kunlik tanaffuslar yuzaga kelmaydi. Buni Ravshan Sayfiddinovich juda yaxshi tushunadi hamda bu borada amaliy ish olib boradi, deb o‘ylaymiz.

- Shuningdek, muxlislarni “Navbahor” murabbiylar shtabidagi o‘zgarishlar ham qiziqtiradi. Shu haqda ham to‘xtalib o‘tsangiz...
- Hozircha yordamchi murabbiy Aleksey Belenkov masalasi ochiq turibdi. Mabodo u “Navbahor”ga kelmaydigan bo‘lsa, Rossiyadan yana bir yordamchi murabbiy olamiz. Bu Aleksandr Sergeyevich Shepovalov. U oldin ham men bilan birga “Solyaris”, “Ufa” jamoalarida ishlagan. Shuningdek, ko‘p yillar davomida 2016 yili vafot etgan sobiq futbolchi va murabbiy Sergey Viktorovich Shustikov bilan faoliyat olib borgan.

Umuman olganda, u bizning strategiyamiz, mashg‘ulotlar olib borish jarayonimizni yaxshi biladi. Yosh hamda kelajagi porloq, ancha tajribaga ega mutaxassis. Shuningdek, o‘tgan mavsumda “Navbahor”da men bilan faoliyat yuritgan murabbiylar – Mustafo Bayramov, A’zam Rajabbayev va Pavel Sinelnikov murabbiylar shtabidan o‘rin olishgan. Sherzod Jo‘rav esa endi “Navbahor” – U-21 yoshlar jamoasini shug‘ullantiradi. Shuningdek, murabbiylar shtabidan bungacha seleksiya ishlari bilan shug‘ullangan Otabek G‘ulomxo‘jayevning ham joy olishi ehtimoli yuqori. Ayni paytda ushbu masala hal etilmoqda.

- Yangi mavsumda “Navbahor”ning oldiga yuksak maqsad qo‘yilmoqda, ya’ni Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish...
- Albatta, o‘z oldiga yuksak maqsad qo‘ygan jamoada o‘sish hamda taraqqiyot bo‘ladi. Biz esa yangi mavsumga tayyorgarlik olib borish, shug‘ullanishda davom etamiz.

Shuningdek, yana bir marta ta’kidlamoqchimanki, o‘tgan mavsum bilan solishtirganda, bu yil seleksiya ishlari a’lo darajada olib borilmoqda. O‘tgan mavsumda ko‘plab futbolchilarni qo‘lga kiritolmagandik. Bu yil esa klub rahbariyati, jumladan, vitse-prezident Oybek Samatov biz tarkibda ko‘rishni istagan o‘yinchi bilan shartnoma tuzishimizda amaliy yordam beryapti. Menimcha, munosib futbolchilar bilan shartnoma imzoladik. Turkiyada yana bir qator yangi o‘yinchilarni ko‘rikdan o‘tkazamiz va ulardan yaxshi taassurot qoldirganlari bilan shartnoma imzolanadi. Umid qilamanki, Turkiyadagi ikkinchi bosqich yig‘inida yangi mavsumda “Navbahor” safida maydonga tushadigan futbolchilarning to‘liq tarkibi bilan mashg‘ulot olib boramiz.

O‘tgan mavsumda chempionatning 28 fevralda boshlanishini ta’kidlashgan, biroq keyinchalik chempionat bahslari 10 martda boshlangandi. Biz esa 28 fevraldagi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rgandik. Bu yil unday kamchiliklar yuz bermaydi, deb umid qilamiz. Chunki tayyorgarlik shunga qarab olib boriladi. Taqvim o‘zgartirilaversa, bu jamoalarga qiyinchilik tug‘diradi. Menimcha, O‘FA va PFL rahbariyati bu masalani ham inobatga olishadi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Andrey Kanchelskis: "Navbahor" Turkiyada Rossiya klublari kabi ish tutadi" (intervyu)