Futbol olamining eng kuchli hujumchilari Krishtianu Ronaldu hamda Neymar tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Shu fursatdan foydalanib, ularning futbol olamidagi yo‘li, o‘yin uslubi, yutuqlari va shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni yodga olamiz.
Qahramonlarimizning bolaligi va oilasi haqida
Ronaldu
Krishtianu Ronaldu 1985 yilning 5 fevralida Portugaliyaning Funshal shahrida dunyoga kelgan. Yoshligida ota-onasi uni Ronni deb chaqirishgan. Otasi Joze Dinisha Aveyru oddiy bog‘bon bo‘lgan, onasi Mariya Doloresh Aveyru esa oshpaz bo‘lib ishlagan. Krish oilada eng kichik farzand bo‘lgan: akasi Ugu, opalari Elma va Lilian Katia. "Bolaligim qiyinchilikda o‘tgan, ammo menga biror narsa yetishmaganini eslolmayman, — yodga oladi Krishtianu Ronaldu. — Biz hech nimaga muhtoj bo‘lmasligimiz uchun ota-onam tinim bilmay ishlashardi".
Ronalduning otasidan olgan ilk sovg‘asi futbol to‘pi bo‘lgan (haligacha uni saqlab qo‘ygan). Bolaligidagi eng sevimli mashg‘uloti esa futbol o‘ynash edi. Ba’zida futbol tufayli ovqatlanishni ham unutib qo‘ygan, hattoki dars vaqtida oynadan oshib tushar va to‘p tepish uchun qochardi. Shu sababli, maktabdagi baholari qoniqarsiz edi.
Krishtianu 8 yoshga to‘lganida otasi Joze o‘g‘lini bolalar futbol jamoasi "Andorinya"ga beradi. Otasi shu klubda ma’mur bo‘lib ham ishlagan. Jamoa prezidenti Run Santush shunday eslaydi: "Ronalduni ilk bor ko‘rganimda, boshqalarga o‘xshamasligi va noyob futbolchi bo‘lib yetishishini payqagan edim. Lekin barchasiga bunchalik tez erishadi deb hech ham o‘ylamagandim". Jamoadagilar Krishtianuni "Abelinya" (portugalchadan tarjima qilinganda "ari" degan ma’noni bildiradi) deb chaqirishgan. "Chunki men kichkina edim, butun maydon bo‘ylab yugurib yurardim, yana mayda qadamlar bilan. Ha kulguli, lekin hozir ham shunday yuguraman", — deydi futbolchi.
Neymar
Neymar 1992 yil 5 fevral kuni Braziliyaning Moji-das-Kruzis shaharchasida zargarlar oilasida dunyoga kelgan. Otasi Neymar Santos avval futbolchi bo‘lgan, o‘g‘li tug‘ilgan payti zargarlik buyumlarini sotish bilan shug‘ullangan. Onasi Nadin Santos uy bekasi bo‘lgan. Neymarning bitta singlisi bor — Rafaella.
O‘g‘li tug‘ilganidan so‘ng oila San-Visentiga ko‘chib ketadi. Neymar ulg‘aygan sari sportga mehr qo‘ya boshlaydi. Otasi uning birinchi ustozi bo‘ldi va futbolning sir-asrorlarini "Barselona"ning bo‘lajak forvardiga o‘rgata boshladi. 2003 yil Neymar "Santos" bolalar akademiyasiga qabul qilindi va oila yana yashash joyini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi: Santos shahriga ko‘chib borishdi. Yosh futbolchining noyob o‘yin uslubi yetakchi klublar qiziqishiga sabab bo‘ldi. Natijada Neymar 12 yoshida Pireney yarim orollari tomon yo‘l oldi: bu yerda futbolchi ma’lum muddat Madridning "Real" klubi akademiyasida shug‘ullandi, ammo yakunda yana Santosga qaytib bordi.
O‘yin uslubi
Ronaldu — atlet, chaqmoq kabi tez, ikki oyoq bilan ham ajoyib tepa oladigan, yakka kurash san’atini qoyilmaqom darajada bajaradigan futbolchi. Fergyuson aytganidek, har qanday bahsda Ronaldu 2-3 marta qulay vaziyatga ega bo‘lishiga ishonavering, chunki u hammadan tez yugura oladigan va eng balandga sakray oladigan o‘yinchidir. Agar insonning barcha fazilatlarini umumlashtiradigan bo‘lsak, u holda Ronaldu — sayyoramizning eng mukammal futbolchisidir. Ha, 35 yosh bo‘lishiga qaramay, hamon to‘purarlar poygasida yetakchilardan biri bo‘lib kelayotgani bejizga emas, nazarimizda.
Lekin portugaliyalik to‘p bilan ishlash borasida Neymarga imkoniyatni boy beradi, ayniqsa dribling borasida. Krishtianu tezlikni oshirib, o‘zini to‘pga otib, bo‘sh zona izlagan vaqtda unga yetadigani topilmaydi, go‘yo. Xuddi uni hech kim to‘xtata olmaydigandek... Raqib himoyasi zich harakat qilib, unga umuman erkinlik qoldirmasa, o‘zini noqulay his qila boshlaydi. Neymar o‘yini esa xuddi sohildagi romantikaga o‘xshaydi. Uch raqibni aldab o‘tish, to‘pni ehtiyotkorlik bilan oyoq orasidan olib o‘tish, nihoyatda qiyin vaziyatdan chiqa olish — braziliyalik o‘yinchi bularning barini a’lo darajada uddalaydi. Shu bilan birga, ajoyib tarzda sheriklarining keskin harakatini yaxshi his qila oladi.
Ochig‘ini aytganda, futbol olamida qay biri kuchli degan mavzuda tinimsiz bahslashish mumkin. Har kimning sevimli o‘yinchisi o‘zi uchun eng zo‘ri. Asosiysi, Ronaldu va Neymarning kuchli xislatlari ular o‘ynaydigan jamoaga juda ham mos keladi.
Neymar erishgan yutuqlar
"Barselona"
Ispaniya chempioni: 2014/15, 2015/16
Ispaniya Kubogi sohibi: 2014/15, 2015/16, 2016/17
Ispaniya Superkubogi sohibi: 2013
UYEFA Chempionlar Ligasi g‘olibi: 2014/15
UYEFA Superkubok sohibi: 2015
Klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati g‘olibi: 2015
"Pari Sen-Jermen"
Fransiya chempioni: 2017/18, 2018/19
Fransiya Kubogi sohibi: 2017/18
Fransiya Superkubogi sohibi: 2018
Braziliya termasi
Olimpiya chempioni: 2016
Konfederatsiyalar Kubogi sohibi: 2013
Shaxsiy sovrinlar
Braziliya chempionatining eng yaxshi hujumchisi: 2010, 2011, 2012
Braziliya Kubogining eng yaxshi to‘purari: 2010
Janubiy Amerika yoshlar chempionatining eng yaxshi to‘purari: 2011
Libertadores Kubogining eng yaxshi o‘yinchisi: 2011
Braziliya chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi: 2011
Libertadores Kubogining eng yaxshi to‘purari: 2012
Janubiy Amerikada yil futbolchisi: 2011, 2012
Konfederatsiyalar Kubogining "Oltin to‘p" sohibi: 2013
"Oltin samba" mukofoti sohibi: 2014, 2015, 2017
"Barselona"ning 600 va 1000-gollari muallifi
UYEFA Chempionlar Ligasining eng yaxshi to‘purari: 2014/15
UYEFA Chempionlar Ligasining pley-off bosqichidagi eng yaxshi o‘yinchisi: 2014/15
Rekordlari
Libertadores Kubogi va UYEFA Chempionlar Ligasi tarixida xet-trikka erishgan futbol tarixidagi birinchi o‘yinchi (2013/14)
"Barselona"ning UYEFA Chempionlar Ligasi tarixidagi eng tezkor xet-trik muallifi
Ronaldu erishgan yutuqlar
"Sporting" (Lissabon)
Portugaliya Superkubogi sohibi: 2002
"Manchester Yunayted"
Angliya chempioni: 2006/07, 2007/08, 2008/09
Angliya Kubogi sohibi: 2003/04
UYEFA Chempionlar Ligasi g‘olibi: 2007/08
Angliya Superkubogi sohibi: 2007
Klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati g‘olibi: 2008
"Real Madrid"
Ispaniya chempioni: 2011/12, 2016/17
Ispaniya Kubogi sohibi: 2010/11, 2013/14
UYEFA Chepmionlar Ligasi g‘olibi: 2013/14, 2015/16, 2016/17, 2017/18
UYEFA Superkubogi sohibi: 2014, 2017
Ispaniya Superkubogi sohibi: 2012, 2017
Klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati g‘olibi: 2014, 2016, 2017
"Yuventus"
Italiya chempioni: 2018/19
Italiya Superkubogi sohibi: 2018
Portugaliya termasi
Yevropa chempioni: 2016
UYEFA Millatlar Ligasi g‘olibi: 2018/19
Shaxsiy sovrinlari
France Football versiyasiga ko‘ra, "Oltin to‘p" sohibi: 2008, 2016, 2017
FIFA "Oltin to‘p" sohibi: 2013, 2014
"Oltin butsa" sohibi: 2008, 2011, 2014, 2015
FIFA versiyasiga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi futbolchisi: 2008, 2016, 2017
Yevropa chempionatining eng yosh o‘yinchisi: 2004
UYEFA Chempionlar Ligasining eng yaxshi o‘yinchisi: 2008
Italiyada yil futbolchisi: 2019
UYEFA Chempionlar Ligasining eng yaxshi to‘purari: 2008, 2013, 2014, 2015, 2016, 2017, 2018
Yevropa chempionatining eng yaxshi to‘purari: 2012
Angliya Premer-ligasining eng yaxshi to‘purari (APL "Oltin butsa"si): 2008
Portugaliyaning xorijda o‘ynaydigan eng yaxshi o‘yinchisi: 2006, 2007, 2008, 2009, 2010, 2011, 2013
"Manchester Yunayted"ning 1000-goli muallifi (2005 yil 29 oktabr kuni "Midlsbro"ga qarshi bahsda)
"Manchester Yunayted"da mavsumning eng chiroyli goli mukofoti sohibi: 2008, 2009
Marca o‘quvchilari versiyasiga ko‘ra, Yevropadagi eng foydali o‘yinchi: 2012/13
Rekordlari
Yevropa chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar: 9ta gol
Yevropa chempionati saralash bosqichlaridagi eng yaxshi to‘purar: 25ta gol
Portugaliya termasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar: 93ta gol
O‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha Portugaliya termasi rekordchisi: 160 o‘yin
Yevropa chempionatlaridagi urilgan gollar soni bo‘yicha Portugaliya termasi rekordchisi: 9ta gol
Klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati tarixidagi eng yaxshi to‘purar: 7ta gol
UYEFA Chempionlar Ligasi va Yevropa Kubogi chempionatlarida bir mavsum ichida urilgan gollar soni bo‘yicha rekordchi: 17ta gol (2013/14)
UYEFA Chempionlar Ligasining bir mavsumida guruh bosqichida urilgan gollar soni bo‘yicha rekordchi: 11ta gol
UYEFA Chempionlar Ligasi pley-off bosqichidagi eng yaxshi to‘purar: 65ta gol
"Real Madrid" tarixidagi eng yaxshi to‘purar: 450ta gol
Bir mavsum ichida urilgan gollar soni bo‘yicha "Real Madrid" rekordchisi: 61ta gol
Madrid derbisi tarixidagi eng yaxshi to‘purar: 21ta gol
Ketma-ket uch marta FIFA to‘plarini qo‘lga kiritgan yagona o‘yinchi: bronza (2007), kumush (2009), oltin (2008)
Ispaniya chempionatida bir mavsum ichida amalga oshirilgan xet-triklar soni bo‘yicha rekordchi: 8ta xet-trik
UYEFA Chempionlar Ligasi tarixida ketma-ket 11 uchrashuvda gol urgan yagona o‘yinchi
UYEFA Chempionlar Ligasining bitta mavsumida amalga oshirilgan xet-triklar soni bo‘yicha rekordchi: 3ta xet-trik
Shaxsiy hayot
Ronaldu
Krishtianuning shaxsiy hayoti mish-mish va g‘iybatlarga to‘la. U ilk bor 2001 yil braziliyalik futbolchi Mario Jardelaning singlisi Jordana bilan uchrashib yurgan. Ammo Krish Tumanli Albionga ketganidan so‘ng ular o‘rtasidagi muhabbat o‘z nihoyasiga yetgan. Ronalduning suyuklilari orasida ispaniyalik model Nereida Galyardo ham bor. Letitsiya Filippi, Peris Xilton, Irina Sheyk... Ro‘yxatni hali uzoq davom ettirish mumkin. Ammo keling Ronnining haqiqiy muhabbatiga to‘xtalamiz. 2016 yil noyabr oxirlarida Ronalduning hayotida ispaniyalik model Jorjina Rodriges paydo bo‘ldi, u portugaliyalikdan 10 yosh kichkina.
2017 yil iyunda futbolchining muxlislari Krishtianu Ronalduning egizak farzandlari tug‘ilganidan xabar topishdi. Ularning ismi Metyu va Yeva. Shu yilning noyabrida esa sportchi to‘rtinchi bor ota bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Uning sevgilisi Jorjina Rodriges qiz farzand ko‘rdi va uning ismini Alana-Martina qo‘yishdi.
Neymar
Neymarning zaif tomoni — chiroyli qizlar.
Neymarning suyukli qizi bo‘lish juda oson: buning uchun Braziliyada yashash (negadir u vatandoshlari bilan uchrashishni afzal ko‘radi), ommaviy sohada ishlash (model, aktrisa yoki bloger, yagona istisno holat — advokat Elizabet Martines) va chiroyli qomatga ega bo‘lish.
Qizlar braziliyalikka ta’sir ko‘rsatmaydi, aksincha ular dekorativ vazifani bajaradilar: o‘yinchining instagram sahifasiga ajoyib suratlar joylanishiga sababchi bo‘ladilar. Uning xonimlarga nisbatan samimiy tuyg‘ulari bormi yoki ularni faqat navbatdagi atribut sifatida qabul qiladimi, bu bizga qorong‘u. Neymar deyarli har yili qiz dugonasini almashtiradi, qolaversa vaqt kamligi tufayli ular bilan juda kam uchrashadi. Shunga qaramay, Neymar yagona sevgilisi bo‘lishi, bir ayol turmush qurib, umrbod u bilan baxtli hayot kechirishni orzu qilishini tan olgan: "Men suyukli ayolimni uchratishni, unga uylanib farzandli bo‘lishni istayman. Bu haqida do‘stlarimga ham juda ko‘p aytaman", — degan edi braziliyalik "SporTV"ga bergan intervyusida.
Neymarning hayotida o‘chmas iz qoldirgan qiz Karolina Dantas bo‘ladi: 2011 yil (Neymar 19 yoshda edi) u o‘g‘il farzand ko‘radi. Hozir Luka 9 yoshda. Bolakay onasi bilan Braziliyada yashaydi. Neymar oyda bir marta farzandi bilan uchrashib, u bilan vaqtini o‘tkazishga harakat qiladi. Neymarni g‘amxo‘r ota sifatida ko‘rishga o‘rganmaganmiz, biroq u o‘g‘lini rostdan ham yaxshi ko‘radi: "Luka uzoqda ekani meni qiynaydi. U bilan deyarli har kuni telefon orqali gaplashishga harakat qilaman", - degan edi Neymar.
Kimgadir Krishtianu Ronaldu yoqadi, kimdir esa Neymar o‘yinlarini ko‘rib zavqlanadi. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, ular ulkan iqtidor sohiblari ekani va futbol tarixida o‘ziga yarasha o‘chmas iz qoldirayotganlari ayni haqiqat. Yana bir bor ularni tavallud ayyomlari bilan tabriklab, faoliyatlarida omad yor bo‘lishini tilaymiz.
Nozima Zaripova tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...