06:00 / 19.02.2020
3 162

Xorij matbuoti: Yana bir muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng o‘zbek futbolini kelajakda nima kutmoqda?

Xorij matbuoti: Yana bir muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng o‘zbek futbolini kelajakda nima kutmoqda?
Tailandda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo chempionatidagi ishtirokimizni matbuot turlicha talqin qila boshladi.
Kimdir O‘zbekiston munosib ishtirok etdi degan bo‘lsa, boshqa nashrlar tayyor yo‘llanma qo‘ldan boy berilganiga alohida urg‘u berishdi. Osiyo futbolini imkon qadar yoritib kelayotgan saytlardan biri theasiangame.net O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi haqida maqola tayyorlab, kelajakda o‘zbek futboli qanday ko‘rinish olishi borasida o‘z taxminini bildirdi. Quyida ushbu maqolaning qisqartma variantini havola etamiz.

“U-23 Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining Avstraliyaga kichik hisobda mag‘lub bo‘lishi ushbu mamlakat mustaqil bo‘lganidan beri Olimpiadaga chiqish imkoniyatini yana to‘rt yilga kechiktirdi. O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlariga bunchalik yaqin kelmagandi. Lekin terma jamoa ikkita imkoniyatdan foydalana olmadi. Olimpiadaga borish uchun yarim finalda g‘alaba qozonish yoki 3-o‘rin uchun bahsni yutish kerak bo‘lardi, lekin O‘zbekiston olimpiyachilari har ikki bahsda mag‘lub bo‘lishdi”.

“Avstraliya esa 2008 yildan beri yana katta musobaqaga yo‘llanma oldi. Bundan “Oq bo‘rilar” (O‘zbekiston terma jamoasi laqabi) muxlislari xafa bo‘lishi tabiiy, shunday ekan haqli savol tug‘iladi: o‘zbek futboli o‘z muxlislarini xursand qilishi uchun nima qilishi kerak?”

“O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik chog‘ida qattiq mehnat qildi, buni rad qilib bo‘lmaydi. Assotsiatsiya rahbariyati xalqning azaliy orzusini ro‘yobga chiqarish maqsadida xorijdan murabbiy olib keldi. Xuddi ikki yil avval Xitoyda o‘tkazilgan U-23 Osiyo chempionatida O‘zbekiston chempion bo‘lgani kabi bu safar ham eng yuqori maqsad qo‘yildi. Lekin maqsad sari bir qadam qolganida hammasi puchga chiqdi. Negadir O‘zbekiston bir qadam qolganda o‘z niyatiga erisha olmayapti”.

“Masalan, o‘tgan yil Osiyo chempionlar ligasida qatnashgan “Paxtakor”ni olaylik. Bu jamoani Saudiya Arabistonining Jidda shahrida kechgan “Al Ahli” bilan o‘yinda bir ochko ham qoniqtirardi, shunday bo‘lgan taqdirda “Paxtakor” salkam 10 yil deganda birinchi bor guruhdan chiqishni uddalardi. O‘sha uchrashuvda Igor Sergeyev 88-daqiqada gol urgan bo‘lsa-da, “Paxtakor” durangni saqlab qola olmadi. Undan keyin qo‘shimcha daqiqalarda Abdulrahmon Garib to‘p kiritib “Al Ahli”ga qiyin g‘alabani keltirdi. Natijada Saudiya klubi keyingi bosqichga yo‘l oldi”.

“Oradan olti oy o‘tib O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Saudiya Arabistoniga qarshi JCH-2022 saralash uchrashuvini o‘tkazdi. O‘zbekiston g‘alaba ishqibozlar uchun qanchalik kerak ekanini, shu bilan bilan birga keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini yanada qulaylashtirishini hamda eng asosiy raqobatchisidan to‘rt ochkoga o‘zib ketishini bilardi, lekin ikkinchi bo‘limda hisobda oldinga chiqib olgan bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasi o‘yin oxirida ikkita gol tufayli mag‘lubiyatga uchradi”.

“E’tibor bersak, o‘zbek klublari yoki terma jamoalari oxirgi paytlarda deyarli bir xil ssenariy bo‘yicha yutqazib qo‘yayotganini ko‘ramiz. Masalan, U-23 Osiyo chempionatida ham shunday bo‘ldi. O‘zbekiston Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va Avstraliya bilan bahsning ikkinchi taymida mag‘lub bo‘ldi. Eng alamlisi o‘tgan yil Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi mag‘lub etgandi, bu yil ularning olimpiyachilari o‘zaro o‘yinda zafar quchishdi, o‘tgan yil Avstraliya Osiyo Kubogida O‘zbekistonni musobaqadan chiqarib yuborgandi, bu yil avstraliyalik olimpiyachilar Olimpiada yo‘llanmasidan quruq qoldirishdi”.

“Lekin bu mag‘lubiyatlarda O‘zbekiston alamli tarzda imkoniyatni boy berdi deya olmaymiz. O‘yinni diqqat bilan tahlil qilsak, jamoa ko‘p xatoga yo‘l qo‘yganini, ayniqsa himoyada ancha bo‘sh harakat qilgani ko‘zga tashlanadi. Aytaylik, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi qog‘ozda Saudiya Arabistonidan ham, Avstraliyadan ham kuchli bo‘lgandir, lekin fakt shuki maydonda yutqazdi. Endi savol tug‘iladi: o‘zbekistonlik yoshlar keyingi bellashuvlarda ruhiy qiyinchilikni yengib o‘ta olishadimi? Kelajakda o‘zbek futbolini nima kutmoqda? Jamoalar kuchayadimi? Bu savolga bir paytning o‘zida ha yoki yo‘q deb javob berish qiyin”.

Ingliz tilidan X.Xoliqov tarjimasi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xorij matbuoti: Yana bir muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng o‘zbek futbolini kelajakda nima kutmoqda?