08:30 / 23.02.2020
2 392

Murod Ismoilov: "Metallurg"dan nega ketgani, Shipilov bilan munosabati, chempionat saviyasi va boshqalar haqida

Murod Ismoilov: "Metallurg"dan nega ketgani, Shipilov bilan munosabati, chempionat saviyasi va boshqalar haqida
Bekobodning “Metallurg” klubi yaqinda Turkiyadagi yig‘inini yakunlab qaytib keldi va endilikda yangi mavsumning dastlabki turi uchun so‘nggi tayyorgarligini davom ettirmoqda. Kuni kecha esa bekobodliklar safida ayrim yo‘qotishlar yuz berdi. Avvaliga murabbiylar shtabida samarali ishlab kelgan Murod Ismoilov “Metallurg”ni tark etdi.

Keyin esa uning o‘g‘li, jamoa yetakchilaridan biri Muzaffar Muzaffarov ham jamoani tark etib, “Qo‘qon-1912”ga yo‘l oldi. Bizning bugungi suhbatdoshimiz esa Murod Ismoilovdir. U ikki yil davomida bosh murabbiy Andrey Shipilovga yaqindan yordam berdi va jamoaning g‘alabalarida ham o‘z hissasini qo‘sha oldi. Ammo ajablanarlisi, Ismoilov yangi mavsum boshlanishi arafasida ketish qarorini e’lon qildi.

- Birinchi navbatda “Metallurg” jamoasidan nima uchun ketganligingizning sababini keltirib o‘tsangiz?
- Bunga oilaviy sabablarni aytishim mumkin. Gapning ochig‘i yo‘l uzoqlik qilaverdi. Baribir oilani ham unutib qo‘ymaslik lozim. To‘g‘risi, ancha oldin, o‘tgan yilgi mavsum yakunlanganidan keyin klubdan ketmoqchi bo‘lib turgandim. Ammo yana biroz ishlab ko‘raychi, degan xulosaga kelgandim. Lekin, baribir uyga qaytish istagi kuchlilik qildi.

- Qiziq, nima uchun aynan mavsum boshlanayotgan mahalda bunday qarorga keldingiz?
- Ertaroq ketsam ham bo‘lardi. Aytdim-ku, o‘tgan mavsum yakunidan keyin shu haqda o‘ylagandim. “Metallurg” ancha yo‘lga tushib oldi. Bosh murabbiy Andrey Shipilov klubda yangi ish boshlaganida unga qo‘limizdan kelganicha yordam berdik. Endi esa o‘zi bemalol mustaqil qarorlarni qabul qilyapti, hammasi yaxshi. O‘z yo‘lini topib oldi. Shu bois endilikda u yerdan ketsa bo‘ladigan payt edi.

- Sizning ketishingizga Shipilovning o‘zi qanday munosabatda bo‘ldi?
- Unga oilaviy sharoitimizni tushuntirganimdan keyin vaziyatni to‘g‘ri qabul qildi.

- Keyingi rejalaringiz qanday?
- Hozircha dam olib turaman. Boya aytganimdek, “Metallurg”da ishlash men uchun uzoqlik qildi. Shuning uchun ayni paytda yana uzoqqa chiqish niyatim yo‘q. Endi biroz nafasimizni rostlaylik, Xudo o‘zi bir yo‘lni ko‘rsatar.

- Agar keyingi ish joyingiz yana uzoqroqda bo‘lsa, bunga qanday qaraysiz?
- Hozir bu haqida bir narsa deyish qiyin. Ammo futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

- Yangi mavsumda “Metallurg”ning imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Klub nimalarga qodir deb o‘ylaysiz?
- Jamoa yaxshi. Ular ancha-muncha o‘z yo‘lini topib olishdi. Ikki yil davomida klub 5-o‘rinni egallab kelyapti. Bu esa o‘zidan-o‘zi bo‘lib qolmaydi. Seleksiya ishlari yaxshi olib borildi. Qolgani esa mavsum davomida ko‘rinadi. O‘ylaymanki, klub yaxshi natijalar ko‘rsata oladi. Bu yo‘lda esa ular omad tilayman. Bu jamoada yaxshi ijrochilar borligi uchun ko‘ngil xotirjam. Buning ustiga yaxshi murabbiylar shtabi ham bor. Rahbariyat ham klubni har taraflama qo‘llab-quvvatlayapti. O‘ylashimcha, bu jamoada katta muammolar bo‘lmasa kerak.

- Klubdan norozi bo‘lib ketmadingizmi?
- Yo‘q, bir-birimizni to‘g‘ri tushundik va iliq munosabatda xayrlashdik. Barchalariga rahmat aytdim va bu borada videomurojaat orqali ham o‘z minnatdorchiligimni bildirdim. “Metallurg”da olib borgan ikki yillik faoliyatim davomida nimadir o‘rgandim va nimadir o‘rgatdim. O‘ylaymanki, bu kichkina muddat emas. Ikki yillik mehnatimiz bejizga ketmadi, samarali bo‘ldi deb hisoblayman. Hech kim mening ishimdan norozi bo‘lmagan va men ham ulardan norozi bo‘lmaganman.

- Bunga qadar sizga boshqa klublardan ham takliflar bormidi?
- O‘tgan yili bo‘lgandi. U paytda esa “Metallurg”ni tashlab keta olmasdim.

- Qishda o‘g‘lingiz Muzaffarovni xorijga ketishi kutilayotgandi. Ammo keyinchalik bu boradagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi...
- Albatta, Muzaffarga ikki-uchta takliflar bo‘ldi, ammo bu uning o‘ziga yoqmadi. Chempionat saviyasi pastroq bo‘lgani sababli puliga ham qarab o‘tirgani yo‘q. Undan ko‘ra o‘zimizning chempionatda faoliyatini davom ettirishni ma’qul deb topdi.

- Muzaffarga qaysi jamoalardan taklif bo‘lgandi?
- Malayziya va Janubiy Koreyaning birinchi divizionidan variantlar bo‘lgandi.

- Ota sifatida o‘g‘lingizning legionerga aylanishini xohlaganmidingiz yoki...
- Nima bo‘lganda ham uning o‘sishda davom etishini xohlaganman. Hali uning o‘rganadigan narsalari ko‘p. Duch kelgan joyga ketavermasdi. Qolaversa, o‘zi endi mustaqil qarorlar qabul qilyapti.

- Yana bir o‘g‘lingiz Islom Ismoilov pro-ligada “Turon” jamoasini boshqarib kelmoqda. Ota hamda mutaxassis sifatida uning ham ishlarini kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak...
- “Turon” jamoasining tutayotgan yo‘liga e’tibor berish kerak. Tashqaridan qaragan xolis odam sifatida aytishim mumkinki, ular to‘g‘ri yo‘ldan ketishyapti. Klub tashkil qilishda ham shoshilishmadi. Hammasini ikkinchi ligadan boshlashdi va chempion bo‘lishdi. So‘ng pro-liga “B” mintaqasida ham o‘zini ko‘rsatdi. Endi esa pro-liga “A” mintaqasiga qo‘shildi. Ular bosqichma-bosqich rivojlanishyapti. “Turon”ning niyatlari katta. Infratuzilma borasida yaxshi ishlarni bajarishyapti.

Superligaga chiqish niyatida ishlashyapti. Shu bois tarkibga Superligada o‘ynagan yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni ham taklif qilishyapti. Farg‘onadagi “Hokim Kubogi”da finalgacha yetib borishdi. Faqat “Neftchi”ga penaltilar seriyasida yutqazib qo‘yishdi. Menimcha, “Turon” jamoasining kelajagi bor. Klubning rahbarlari ham shijoatli, ishtiyoqmand, maqsad sari kurashadigan insonlar ekan. Ular bilan bir-ikki marta gaplashgandim. Maqsadlari chindan ham jiddiy.

- Yangi mavsumda ham yana “Paxtakor”ning gegemonligi kuzatiladigandek tuyulmoqda. Siz ushbu chempionatdan nimani kutyapsiz?
- “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ikkita o‘yinini ko‘rib, qolgan jamoalarimizni xafa qilmagan holda aytishim mumkinki, bu klubning har tomonlama imkoniyati yuqori va yaqqol yetakchi. Buni hech kim rad eta olmasa ham kerak. Qolgan jamoalarimiz esa bir xil. “Paxtakor”ga raqobat ko‘rsatishga harakat qilishadi. Baribir “Paxtakor” hamma tomonlama kuchli.

- Balki chempionatimiz saviyasi tushib ketgandir?
- Men bunday demagan bo‘lardim. Saviya tushgani yo‘q, balki “Paxtakor” kuchayib ketdi. Moddiy barqarorligi, tarkibdagi futbolchilarning va zaxirasining kuchliligi evaziga hammadan ilgarilab ketdi. Klub akademiyasi ham ishlayapti va O‘zbekistondagi eng yaxshi ijrochilar ham o‘sha yerda. Lekin boshqa jamoalarda ham qandaydir ishlar bajarilyapti. Lekin “Paxtakor” baribir ancha kuchayib ketdi. Shu bois chempionat saviyasi tushib ketdi deb aytmagan bo‘lardim. Go‘yoki chetdan qaraganda boshqalar pasayib ketgandek ko‘rinishi mumkin. Boya aytganimdek, qolganlar ham harakat qilyapti, ammo “Paxtakor” tezlashib ketdi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Murod Ismoilov: "Metallurg"dan nega ketgani, Shipilov bilan munosabati, chempionat saviyasi va boshqalar haqida