Belarusning “Energetik-BGU” klubi a’zosi Jasur Yaxshiboyev OFK rasmiy saytiga intervyu berdi. Suhbat davomida futbolchi sobiq klubi “Paxtakor”ga qaytish niyati yo‘qligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
- Sizni Belarus chempionatidagi ajoyib start bilan tabriklaymiz. Siz erishgan muvaffaqiyat o‘zingizni hayron qoldirdimi yoki bu yaxshi tayyorgarlik bilan bog‘liqmi?
- Biz chempionatning dastlabki turlarini yaxshi boshladik. BATEga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonishimizni hech kim kutmagandi. Boisi, bu jamoa Yevropada o‘z obro‘yiga ega hisoblanadi. Biroq, maydonda bizda ishtiyoq kuchlilik qildi.Ushbu qarama-qarshilikdan so‘ng o‘zimni ijobiy jihatlarimni ko‘rsatishga astoydil intildim. Mendan shunchaki o‘zimni vazifamni bajarishim va gol urishim talab etilardi. Hujumchi doim raqib darvozasiga gol urishi kerak deb o‘ylayman.
- Mamlakatda futbol mavsumi boshlanishidan oldin nimalarni niyat va maqsad qildingiz?
- Bu jamoaga kelishimni sababi shuki, o‘zimning eng yaxshi o‘yinlarimni Belarusda ko‘rsatishni istayman. Shu orqali men Yevropaning kuchli klublariga yo‘l olishim mumkin. Mening maqsadim har bir uchrashuvda darvozaga to‘p kiritish va jamoadoshlarimga yordam berish. Mazkur chempionatda eng yaxshi to‘purar bo‘lishni maqsad qilganman.
- BATEga qarshi kechgan bellashuvdan so‘ng muxlislar o‘yiningizga qanday munosabat bildirishdi?
- Bunday darajasi yuqori bahslarda to‘p kiritish yoqimli. Ko‘pchilik ijobiy qabul qildi. Ishqibozlar dubl bilan tabriklashdi. Asta-sekin meni yanada yaqinroq taniy boshlashadi deb o‘ylayman.
- Belarus va O‘zbekiston chempionatini taqqoslab bera olasizmi?
- Agar taqqoslaydigan bo‘lsak faqat o‘yin uslubida biroz farqni ko‘rishimiz mumkin. Ikki mamlakat chempionati ham kuchli. Umuman olganda har bir chempionatning o‘ziga xos kuchli tomonlari bo‘ladi. Belarusda ko‘proq Yevropaga yaqin bo‘lgan uslubda o‘ynashadi.
- Legioner sifatida birinchi marotaba xorijda to‘p tepyapsiz. O‘z nomi bilan legioner mahalliy futbolchilardan bir bosh ustun bo‘lishi lozim...
- To‘g‘ri aytdingiz. Faoliyatimda ilk bor legionerga aylandim. Legioner doim hamma joyda mahalliy o‘yinchilardan kuchli ekanligini isbotlashi kerak. Shaxsan men bu klubdagi jamoadoshlarimga qaraganda chiroyli o‘yin namoyish etishim zarur. Xorijda o‘ynashning ko‘p afzalliklari bor. Siz shaxs sifatida o‘sishga erishasiz. Bundan tashqari hozir futbolchi sifatida ulg‘ayishim uchun ajoyib fursat.
- Albatta, Belarus chempionati bugungi kungacha davom etayotgan kam sonli futbol ligalaridan biri sanaladi. O‘yinchi sifatida o‘zingizda bosim va chetdan e’tiborni his qilyapsizmi yoki bunga ko‘nikib qoldingizmi?
- To‘g‘ri. Ko‘pgina davlatlar koronavirus tufayli yuzaga kelgan tanaffus tufayli Belarus chempionatini translyatsiya qilishmoqda. Butun dunyo mazkur mamlakatdagi futbol musobaqalarini kuzatmoqda. Birinchidan bu ajoyib reklama, futbolchilar uchun ham bir imkoniyat. Shuning uchun men har bir turda o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilyapman.
- O‘tgan mavsum to‘purari Ilya Shkurin SSKA bilan shartnoma imzoladi. Sizda ham shunday imkoniyat yuzaga kelsa foydalanasizmi yoki “Paxtakor”ga qaytish niyatingiz bormi?
- Shkurin avvalgi mavsumda “Energetik-BGU”ning goleadori bo‘lgandi. Menda ham bunday imkoniyat paydo bo‘lishi mumkin. Agarda yil oxirigacha barqaror o‘yin namoyish qilsam, ko‘plab gollar ursam yanada kuchli chempionatga yo‘l olish va grand klublar libosida maydonga tushish imkoni bo‘ladi. Maqsadim Yevropaga ketish. “Paxtakor”ga qaytishni xohlamayman.
- Joriy yil boshida Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘ldingiz. To‘g‘ri, terma jamoa Tokio yo‘llanmasiga ega chiqmadi. Lekin, siz maxoratli futbolchi sifatida yomon taassurot qoldirmadingiz. Muvaffaqiyatsizlikning sababi omadsizlikmi yoki boshqa omillar ham bormi?
- Biz yarim finalga qadar yetib bordik. Maqsadimiz Olimpiyadaga chiqish edi. Aslida yarim final yomon natija emas. Lekin, har to‘rt yillikning nufuzli musobaqasiga yo‘llanma olmadik. Demak, men uchun buni ijobiy natija demayman.
- Qit’a chempionati siz va terma jamoaga muhim nima berdi?
- Turnirda ishtirok etish orqali o‘z maxoratimizni va tajribamizni oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Ushbu musobaqa yosh futbolchilarga iqtidorlarini ko‘rsatish uchun bir imkoniyatdir. Garchi, omadsiz yakunlagan bo‘lsakda bir qator ijobiy taassurotlarga ega bo‘ldim.
- Siz endi 22 yoshdasiz. Ayni paytda xalqaro va terma jamoa miqyosidagi uchrashuvlar qachon qaytishi noaniq. Hozirgi holatingiz, bu yerda olib borilayotgan mashg‘ulotlar O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqirilishingizga yordam beradimi?
- Terma jamoa sharafini himoya qilish har bir futbolchining orzusi. Belarusdagi o‘yinlarim bilan milliy jamoa tarkibidan joy olishni istayman. Kelajakda vatanim terma jamoasi uchun muhim futbolchilardan biri bo‘lishni oldimga maqsad qilganman.
Abdulaziz Iskandarov tarjimasi
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi