08:43 / 19.04.2020
2 055

"Humo" nima sababdan VXLni tark etdi? Xokkeychi bunga javob berdi

"Humo" nima sababdan VXLni tark etdi? Xokkeychi bunga javob berdi
Toshkentning "Humo" xokkey klubi yetakchilaridan Artyom Voronin (16 gol va 25 assistentlik) "Match TV"ga katta intervyu berdi. Quyida ushbu suhbatni to‘liq holatda havola etamiz.

- Klub kelgusi mavsumni o‘tkazib yuborishi haqidagi gaplar 5 kun oldin urchigan edi. Bu birinchi navbatda, pandemiya bois chegaralar yopilgani bilan bog‘liq. Shu bois klubda jiddiy muammolar bor edi. Bizga bu haqda kecha aytishgan edi. Bugun esa rasmiy xabar chiqdi (intervyu 17 aprelda olingan, tahririyat). Bir tomondan hammasi o‘z-o‘zidan sodir bo‘ldi, ammo biz uchun ham kutilmagan bo‘lmadi.

"Humo" pley-offning so‘nggi o‘yinlarini o‘z maydonida emas, Voskresenskda, muxlislarsiz o‘tazdi. Kubok bahslari to‘xtatilgach, bizga ham uyga borishga ruxsat berishdi. Aniqki, men Moskvada qoldim, ammo oilamni O‘zbekistondan olib kelish borasida muammolar bo‘ldi. Shukurki, bu muammolar hal qilindi.

- Muammo faqat chegaralar bilan bog‘liqmi?
- Ha, rafiqam ham Toshkentdan keta olmadi. Muntazam reyslar to‘xtatildi. Ammo, "Aeroflot" kuniga bir martadan charter reyslarni amalga oshirib, rossiyaliklarni olib keldi. Yaxshiki, barchasi yaxshilik bilan tugadi. Klub ham bu borada katta yordam berdi. Agar, kimningdir oilasi Toshkentdan keta olmay qolgan taqdirda, "Humo" ular uchun g‘amho‘rlik qilishni o‘z gardaniga oldi. Shukur, vaziyat bunga qadar yetib bormadi. O‘zbekistondagi vaziyat biznikiga qaraganda qattiqroq. Odamlarning ko‘chaga chiqmasligi uchun barcha choralar ko‘rilgan.

- Shaxsiy qarashingizga ko‘ra, "Humo" faqat bir yilga xokkeyni tark etdimi yoki bu pauza uzoq davim etishi mumkinmi?
- Barchasi aynan epidemiya bois ro‘y berdi. O‘ylashimcha, faqat bir yil, ammo klub homiylari bu vaziyatda o‘zlarini qanday tutishini oldindan ayta olmayman. Klub bir yildan so‘ng KXLga o‘tishni istagan edi. Ehtimol, yana VXLdan boshlashga to‘g‘ri kelar. Rejalar katta edi.

- Shartnomangiz 1 yilga mo‘ljallangan edimi?
- Ha, qolgan barcha xokkeychilarniki singari. Shunday ekan, bu borada muammo yo‘q. Hozir barcha yigitlar o‘zlariga yangi jamoa izlashmoqda. Toshkentdan katta xokkey ketayotgani alamli. Chunki bu shahar juda ham ajoyib. Menga bu yerda yashash, o‘ynash juda yoqdi. Nafaqat xokkeychilar, muxlislar ham yo‘qotishdi. Ular allaqchon bu sport turini yoqtirib qolishgan edi.

- Toshkentda haqiqatdan ham shunday kuchli muxlislik qilishadimi?
- Ha, taqqoslay olaman. Men o‘ynagan "Spartak"da ham muxlislar shunday fol edi. KXL va VXLdagi aksariyat shaharlarda muxlislar shunchaki xokkey tomosha qilish uchun kelishadi, tribunalar sokin. Toshkentda esa biz katta qo‘llab-quvvatlashga ega edik. Tomoshabinlar soni bo‘yicha rekordlar o‘rnatildi. Muxlislar turli bannerlar tayyorlab kelishar, har xil qichqiriqlar orqali bizni qo‘llashar edi. Xuddi MXL (NHL)dagi singari. O‘yindan so‘ng ular bizni kutib turishar... Shu bois, mavsumning ikkinchi qismini ishonchli tarzda o‘tkazdik. Uyda deyarli mag‘lub bo‘lmadik.

- Toshkentda ko‘plab dastxat qoldirdingizmi?
- Juda! Boshida bunday bo‘lgani yo‘q. Rossiyadan o‘yinchilar kelibdi, ulardan dastxat olaylik degan ma’noda emas. Avvalo, jamoa tuzib olish kerak edi. Keyin g‘alaba qozonishni boshladik. Insonlarning yuragiga kira oldik. Tomoshabinlar bizning ismimizni yoddan bilishar edi. Uy uchrashuvlaridan so‘ng ko‘plab muxlislar bizni kutib, dastxat olishar edi.

- Oldindagi rejalaringiz qanday?
- Klublardan takliflar bor, ammo ko‘p deb ayta olmayman. Hali vaqt bor. Nomlarni keltira olmayman. Umid qilamanki, faoliyatim yaxshi bo‘ladi.

- KXLga qaytishni istarmidingiz yoki VXL darajasi ham jiddiy deb o‘ylaysizmi?
- Yashirib o‘tirmayman, mamnuniyat bilan elitaga qaytgan bo‘lar edim. Ammo VXLdagi takliflarni ko‘rib chiqaman. Chunki, Toshkentda menga shunday qiziqarli taklif bor edi... KXLdagi barcha xokkeychilarda ham bunday sharoit mavjud emas. VXLning top-klublaridagi sharoitlar elitadagi sharoitlardan kam emas. Qolaversa, shahar mening oilamga ham qulay bo‘lishi lozim. Yana, "Humo"da hujumchi sifatida o‘zimni ko‘rsatishga erishish uchun ko‘p vaqtga ega bo‘ldim.

- VXLdagi ajoyib statistika KXLga o‘tish uchun ko‘prik vazifasini o‘tab bera oladimi?
- Umid qilamanki, KXL skautlari "Humo" xokkeychilarini kuzatib borishgan. Zero "YouTube" orqali barcha ma’lumotlarni topish mumkin. Nafaqat, statistika, xokkeychining turli vaziyatlarda o‘zini qanday tutganini kuzatish mumkin. Ayniqsa, hozir aynan shunday tahlillarning ayni vaqti. O‘zim ham VXLda ham kuchli xokkeychilar ko‘p deb o‘ylayman. Masalan, Maksim Kitsin mavsum davomida 69 ochko (30+39) jamg‘ardi. Ko‘ramiz, nima bo‘lishni. VXLda o‘ynaganimdan afsuslanmayman. Yigitlar bilan birgalikda yaxshi ishladik.

- Xokkey muxlislariga nima deysiz?
- Men tabiatan optimistman va barchasi yaxshi bo‘lishiga ishonaman. Muxlislarga ham shuni tilab qolaman. Hozir o‘zim ham muxlisman. Hozir televizor orqali xokkey yoki qaysidir sport tadbirini ko‘rishni istayotganingizni bilaman. Ammo ehtiyot choralarini ko‘rish kerak. Hozir bu eng muhim narsa. "Admiral" va "Humo"dan so‘ng yana qaysidir klub bundan jabr chekishi mumkin.

Umid qilamanki, jamoalar bu vaziyatdan chiqib keta olishadi. Kelgusi chempionatni ham boshlaymiz. Hech bo‘lmaganda, ichki chempionat. Jahonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiy. Muhimi — insonlar hayotini saqlab qolish. Keyin hammasi o‘z joyiga tushadi. Yangi kuch bilan, balki, bu bundan ham qiziqarli bo‘lar.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Humo" nima sababdan VXLni tark etdi? Xokkeychi bunga javob berdi