08:18 / 13.05.2020
2 532

Jamshid Iskanderov Janubiy Koreya klubiga qay tariqa o‘tdi va uning "Key" ligadagi ishlari qanday?

Jamshid Iskanderov Janubiy Koreya klubiga qay tariqa o‘tdi va uning "Key" ligadagi ishlari qanday?
Janubiy Koreyaga futbol qaytdi va “Key” ligasida to‘rt hamyurtimiz – Ikrom Aliboyev (“Seul”), Rustam Ashurmatov (“Gvangju)”, Doston Tursunov (“Pusan I Park”) va Jamshid Iskanderov (“Seongam”) to‘p surmoqda.

Ilk bor legioner maqomini olgan Iskanderov “Seongam” tarkibida dastlabki uchrashuvini o‘tkazib, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. E’tiborlisi, Jamshid va uning jamoasi yana bir hamyurtimiz Rustam Ashurmatov to‘p surayotgan “Gvangju” bilan o‘ynadi. Koreyadagi “o‘zbek derbisi” haqida Iskanderov o‘z taassurotlarini quyidagicha izohladi:

- Debyut o‘yindayoq mavsumni g‘alaba bilan boshlash juda yoqimli. Ayniqsa, hamyurtimizga qarshi o‘ynash odamni yanada xursand qildi. Chunki ikkita o‘zbek boshqa yurtda bir-biri bilan kuch sinashishining gashti boshqacha. Janubiya Koreya chempionatida o‘zbekistonlik futbolchilar yanada ko‘payishini xohlardim. Taassurotlarim ham ijobiy. Yangi mamlakatdagi birinchi o‘yinimda tabiiyki o‘ziga yarasha his-hayajonlar bo‘ladi. Jahon chempionati o‘tkazilgan maydonda to‘p surish ham yoqimli tuyular ekan. Bunday maydonlarning sifati ham a’lo darajada bo‘ladi. Futbolchilar uchun hamma sharoitlar bor. Faqat stadionda muxlislar yo‘qligi yoqmadi.

Iskanderov anchadan beri faoliyatini xorijda davom ettirishni o‘ylab yurardi. Asta-sekin uning o‘ylagan maqsadlari amalga oshmoqda. To‘g‘ri, yangi mamlakat, yangi chempionat va yangi mentalitetga birdaniga ko‘nikish ham oson emas. Bu borada hamyurtimizga biroz vaqt kerak. O‘zaro muloqot jarayonida esa Jamshid u yerda futbolchilardan avvalo nima talab qilinishi va bizning chempionatdan ajralib turadigan jihatlari haqida ham gapirdi.

- Bu yerda futbolchilardan talab qilinadigani tartib-intizom va murabbiylar tomonidan beriladigan ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarishdan iborat. Agar O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya chempionatini solishtiradigan bo‘lsak, bu yerda ko‘proq jismoniy kuchga tayaniladi. Texnik tomondan esa bizning futbolchilarimizda ustunlik bor, deb o‘ylayman. Yangi jamoamda hammasi a’lo darajada. U yerda yigitlar bilan tarjimon orqali gaplashyapman. Asosan ingliz tilida muloqot qilamiz.

Bir so‘z bilan aytganda uning faoliyatida yangi sahifa ochildi. Lekin haligacha ushbu o‘yinchimizning “Seongam” tarkibiga qo‘shilishi tarixi qanday bo‘lgani haqida o‘zidan biror-bir fikrni eshitmagandik. Shunday ekan, undan aslida bu variant qanday yuz bergani xususida ham to‘xtalib o‘tishini so‘radik.

- Har bir futbolchi yaxshi klublarda legioner bo‘lib o‘ynashni orzu qiladi. Menda ham shunday orzu va istak yo‘q emasdi. Mana, menga ham Koreya chempionatida o‘ynash nasib qilgan ekan, bundan juda xursandman. Taklif haqida to‘xtalsam, 2019 yilgi O‘zbekiston chempionati tugaganidan so‘ng, menga 2-3 ta xorij klublaridan qiziqish bo‘lib, ushbu variantlar ko‘rib chiqilayotgandi. Agentim bilan bu borada maslahatlashib ish tutdik va o‘zimiz uchun 100 foizlik aniq taklif bo‘lishini kutgandik.

Men esa “Lokomotiv” jamoasi bilan shartnoma tuzdim va 3 yanvar kuni xorij yig‘inini o‘tkazish uchun Dubayga jo‘nab ketdik. O‘sha yerda shug‘ullanayotganimizda menga Koreyadan o‘zimiz kutgandek 100 foizlik taklif kelib tushdi. Shundan keyin “Lokomotiv” rahbarlari bilan gaplashdik va biz o‘zaro kelishgan holda do‘stona ravishda xayrlashib, Koreya klubiga rozilik bildirdik. Meni to‘g‘ri tushunib, ketishimga ruxsat berishgani uchun “Lokomotiv” rahbarlariga rahmat aytmoqchiman.

Yana bir gap: dunyoda yuz berayotgan koronavirus pandemiyasiga qaramay, Janubiy Koreyada vaziyat yaxshilandi va chempionatga ham ruxsat berildi. Natijada dunyoda futbol bahslari davom etayotgan kam sonli chempionatlardan biri bo‘lib turibdi. O‘z navbatida Jamshid Iskanderov mazkur holatga ham o‘z munosabatini bildirishni lozim topdi.

- Koronavirus hammamiz uchun yaxshigina bosh og‘riq bo‘ldi. Chunki bu virus butun dunyoni to‘xtatib qo‘ydi va hamma joyda karantin joriy etildi. Natijada barcha o‘zining yaxshi ko‘rgan ishi bilan shug‘ullana olmay qoldi. Xudo xohlasa, barchamiz birgalashib koronavirusni yengib o‘ta olamiz. Dardini bergan, shifosini ham beradi deyishadi. Koreyada tibbiyot sohasi kuchli. Shuning evaziga va tartib-intizomga ham qat’iy amalga qilingani uchun chempionatni o‘tkazishga ruxsat berishdi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jamshid Iskanderov Janubiy Koreya klubiga qay tariqa o‘tdi va uning "Key" ligadagi ishlari qanday?