09:32 / 21.05.2020
2 993

O‘zbek futbolchisi Yevropaga yo‘l ochmoqda

O‘zbek futbolchisi Yevropaga yo‘l ochmoqda
Hamyurtimiz Shoxruh Gadoyev va uning klubi jiddiy maqsad sari kurashmoqda.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, xorijda to‘p surayotgan legionerlarimizning bugungi holati, ularning kelajagi va keyingi taqdiri borasida imkon qadar ma’lumotlar berib bormoqdamiz. O‘ylaymizki, xorijda o‘ynayotgan har qanday o‘zbekistonlik futbolchi haqidagi xabar va o‘zgarishlar sizni ham befarq qoldirmasligi shubhasiz.

Ozarbayjon chempionatida ham hamyurtimiz faoliyat olib borayotganidan xabardorsiz. “Keshla” jamoasi sharafini himoya qilayotgan yarim himoyachi Shoxruh Gadoyevning ham o‘ziga yarasha ishqibozlari bor va uning faoliyatiga qiziqib turishadi.

Yaqinda uning karantin haqida bildirgan fikrlari tarqalgandi. Ammo Gadoyevni Ozarbayjonga nima yetaklab kelgani, bu yerdagi maqsadlari, yangi klubi, “Bunyodkor”dan ketishi va yana boshqa masalalar bo‘yicha hali o‘z munosabatini bildirmagandi. Biz esa shularni hisobiga olib, Shoxruh bilan muloqotga kirishdik.

Yangi klubi va “Bunyodkor”dan ketishi
Hamyurtimizning faoliyatida “Keshla” klubi tufayli yangi sahifa ochildi. Natijada Gadoyev butun diqqat-e’tiborini yangi jamoasiga qaratgan. O‘tgan yili esa u “Bunyodkor”da to‘p surganini ham bilasiz. Shoxruh esa “Keshla”ga kelishi va “Bunyodkor”dan ketishi haqida gapirdi.

- Klubda meni juda yaxshi kutib olishgan. Bu yerda nihoyatda ahil jamoa bor. Bosh murabbiy hamma vaqt jamoani bir oila sifatida ushlab turibdi. Klubimizning asosiy maqsadi Yevropa Ligasida ishtirok etish. Bizning bor harakat va e’tiborimiz shunga qaratilgan.

“Bunyodkor”dan ketishimga kelsak, u yerga qo‘shilgan paytimda klub rahbari va bosh murabbiy bilan shunday kelishgandikki, agarda menga chetdan yaxshi taklif bo‘lsa, qo‘yib yuborishlarini aytgandim va ularga bunga rozi bo‘lishgan.

Gadoyev nima uchun chetda o‘ynashni yoqtiradi?
U bungacha ham legioner sifatida boshqa chempionatlarda to‘p surganini inobatga olsak, Ozarbayjondagi faoliyati uning birinchi xorij klubi hisoblanmaydi. Lekin nima uchun Gadoyev ko‘pincha chetda to‘p surishni yoqtiradi? Bunga quyida o‘zidan javob olishingiz mumkin.

- Shubhasiz, xorijda legioner bo‘lib o‘ynashning qiyinchiliklari bor. Mas’luliyat kuchli bo‘ladi va sizdan ko‘p narsalarni talab qilishadi. Albatta, ular asosan jamoaga foydangiz ko‘proq tegishi uchun talab qilishadi. Sizni yosh va boshqa uchun chaqirishmaydi, asosan hamma o‘z klubiga foydasi tegishi uchun taklif qilishadi.

Xorijda o‘ynasangiz, asosan saviyali raqiblar bilan o‘ynaysiz. Bu yerda ham kuchsiz jamoalar deyarli yo‘q hisobi. Legioner sifatida o‘ynasangiz tajribangiz ortib boraveradi. O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘ynash uchun ham ko‘proq chetda to‘p sursangiz, malakangiz ortaveradi va bu boradagi imkoniyatingiz ham oshadi. Chunki legioner bo‘lib o‘ynayotganingizda sizni ham albatta kuzatishadi.

Chempionatlar o‘rtasidagi tafovut haqida
O‘z navbatida legionerimiz Ozarbayjon hamda O‘zbekiston chempionatlarini solishtirdi va bu borada o‘zining fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.

- Ozarbayjon futboliga to‘xtalsak, o‘zimizning futboldan farqli ravishda ustun tomonlari bor, deb ayta olmayman. Ammo o‘ziga yarasha kuchli jihatlari yo‘q emas. Masalan, bu yerdagi ishtirok orqali Yevropa Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishingiz mumkin. Aynan shu tomonlama Ozarbayjon futbolining ustun tomonlari mavjud. “Qorabog‘”, Neftchi”, “Inter Boku” kabi jamoalar xalqaro maydonlarda ishtirok etishgan. Bu yerdagi klublar asosan Yevropa turnirlariga yo‘llanma uchun harakat qilishadi.

Gadoyev ham Nasimov kabi eng yaxshi legionerlardan biri bo‘la olarmikin?
Yodingizda bo‘lsa, o‘z vaqtida Ozarbayjonda hamyurtimiz Bahodir Nasimov samarali faoliyat olib borgandi. U “Neftchi” hamda hozirda Gadoyev o‘ynayotgan “Keshla” klublarida to‘p surgandi. Ozarbayjonlik muxlislar esa Nasimovni yaxshi bilishadi. Shoxruh esa bu borada shunday dedi:

- To‘g‘ri, ozarbayjonliklar Bahodir Nasimovni ancha yaxshi tanishadi. U bu yerda ko‘p yillar muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan. Shu bois o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan, chempionat to‘purari ham bo‘lgan. Men ham u kabi o‘zimdan iliq taassurotlar qoldirishni xohlayman va bu yerga muxlislar ishonchini qozonish maqsadida kelganman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolchisi Yevropaga yo‘l ochmoqda