13:26 / 05.06.2020
890

Agamurodov - «Qizilqum»ning taklifi, «Dinamo»ni nega tark etgani, Superligadan tushib ketish sababi va nimadan afsuslanishi haqida

Agamurodov - «Qizilqum»ning taklifi, «Dinamo»ni nega tark etgani, Superligadan tushib ketish sababi va nimadan afsuslanishi haqida
Superliga restartiga 9 kun qolgan bir vaqtda «Qizilqum» klubi yangi bosh murabbiyni tayinladi. Bungacha Samarqandning «Dinamo» klubida faoliyat yuritib kelgan Tachmurod Agamurodov 4 iyun kuni Hamidjon Aktamov o‘rniga «Qizilqum» bosh murabbiyiga aylandi. Turkmanistonlik mutaxassis yangi ish joyi bilan tanishuv va birinchi mashg‘ulotidan keyin Navoiy klubi bosh murabbiyi sifatidagi dastlabki intervyusini Tribuna.uz saytiga berdi.

- Tachmurod Shamakovich, yaqingacha «Dinamo» bilan Pro-ligaga tayyorgarlik ko‘rayotgan edingiz, endi esa «Qizilqum» bilan Superligada ishlaysiz. Hammasi qanday ro‘y berdi?
- «Dinamo» bilan mavsum oldi tayyorgarlik ko‘rib, Pro-ligani boshlash arafasida koronavirus pandemiyasi sababli chempionat o‘yinlari to‘liq to‘xtab qoldi. Shunga qaramay, futbolchilar bilan doimiy aloqada bo‘lib mashg‘ulotlarni yakka tartibda davom ettirayotgandik. Har bir futbolchi va murabbiylar o‘z ishimizga vijdonan yondashib mavsumning boshlanishiga hozirlik ko‘rayotgandik.
Orada voqealar rivoji o‘zgarib, menga «Qizilqum» klubidan taklif tushdi. «Dinamo»ning hozirgi holatini inobatga olgan holda Superliga klubidan tushgan taklifni qabul qilishga qaror qildim.

- Taklif to‘satdan bo‘ldimi yoki avvalroq chaqiruv olganmidingiz?
- Aslida menga Superliga klubidan taklif yanvar oyidayoq tushgandi. Ammo o‘shanda «Dinamo» klubi bosh homiysi Shavkat Jalolov bilan muzokara o‘tkazib, klubda qolishga rozilik berganim bois, Superliga klubi taklifini rad etgandim. O‘shanda klubni Pro-ligadan Superligaga qaytarishni reja qilgandim. Ammo oradan allaqachon yarim yil o‘tib ketganligini, quyi liga klublari taqdiri qanday kechishi noma’lumligi bois tez orada boshlanadigan Superligada ishlashga qaror qildim.

- «Dinamo» bilan amalda shartnomangiz bor edi. Klub sizni muammosiz qo‘yib yubordimi?
- Bilasizmi, klub bilan shartnoma imzolashdan oldin menga jiddiyroq taklif tushsa, qo‘yib yuborish haqida kelishgandik. Bu borada shartnomada ham band bor edi. Shu bois menga tushgan taklifni aytganimda, klub vaziyatimni to‘g‘ri tushundi. Biz do‘stona xayrlashdik.

- Yangi jamoa bilan tanishdingiz, dastlabki mashg‘ulotni o‘tkazdingiz. Ilk taassurotlar qanday?
- Taassurotlar ijobiy, albatta. Ammo uzoq davom etgan karantindan keyin futbolchilar tabiiyki yaxshi sport formasida emas. Chempionat o‘yinigacha qariyb 10 kun vaqt bor, mashg‘ulotlarga zo‘r beramiz. Jamoa o‘yindan-o‘yinga har tomonlama yaxshi holatga kirib boraveradi. Bu borada hozir barcha klublar bir xil ahvolda, nolishga hojat yo‘q.

- Odatda, murabbiylar uchun tarkibda tanish futbolchilar bo‘lsa, yangi jamoa bilan tanishuv tezroq kechadi. «Qizilqum»da sizga begona bo‘lmagan o‘yinchilar bormi?
- Tarkibning teng yarmi men uchun tanish deya olmasam-da, jamoada men avval birga ishlagan bir qator futbolchilar bor. Vohid Shodiyev, Alisher Sanoyevlar bilan «Buxoro»da birga ishlaganmiz, Salim Mustafoyev, Qadamboy Nurmetovlar bilan avvalgi yillarda «Dinamo»da ishlaganman. Umid qilamanki butun jamoa bilan tez til topishib ketamiz.

- «Qizilqum»ga sizni aynan kim taklif qildi? Murabbiylar shtabida kimlar sizga yordam beradi?
- Klub rahbariyatidan Hamid Aktamov meni taklif etdi. Murabbiylar shtabida kimlar yordam berishi hali noma’lum. Tez orada ma’lum qilinadi.

- Mart oyida «Qizilqum» qarorgohida bo‘lganimizda turkmanistonlik uch nafar murabbiylarning bosh murabbiy Hamidjon Aktamovga yordam berayotganligini ko‘rgandik. Ularning jamoadagi taqdiri qanday kechadi?[/b]
- Bu murabbiylar ancha avval klubni tark etishgan. Ammo karantin sababli Turkmanistonga bora olmagani bois, O‘zbekistonda qolishgan. Men hali yordamchilikka hech kimni chaqirganim ham, ketkizganim ham yo‘q.

[b]- Klub rahbariyati tomonidan oldingizga qanday maqsad qo‘yildi?

- Hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda imkonqadar yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Oltilikka kirishga intilamiz, erisha olsak yanada yuqoriroq harakat qilamiz.

- O‘tgan yili faoliyatingizda ilk marta qo‘l ostingizdagi klubni Superligada olib qololmadingiz. O‘ylab, tahlil qilishga ulgurgandirsiz, aytingchi, «Dinamo»ni ligada olib qolish uchun nima yetishmadi?
- Vaqt. Jamoani ancha kech qabul qilgandim. Futbolchilarga qarashlarimni singdirishga vaqt kamlik qildi. Biz chempionatning faqat so‘nggi uch turida yaxshi o‘yin namoyish eta boshladik va ikkitasida g‘alaba qozondik. Ammo «Buxoro» va «Qizilqum» bilan bir xil – 22 ochkodan jamg‘argan bo‘lsak-da, o‘zaro o‘yinlardagi natija tufayli quyi ligaga ravona bo‘lgandik. Biz Qarshida «Nasaf»ni mag‘lub etib, parallel o‘yinda «Buxoro» so‘nggi daqiqalarda penaltidan gol urib ligada qolgandi.

Omadsizlik tufayli quyi ligaga biz tushgandik. Juda alamli va afsuslanarli bo‘lgan. Suhbat so‘ngida «Dinamo» muxlislariga sabr tilab qolaman. Bu jamoada faoliyatim davomida uch marta ishladim. Klub bir umr qalbimda qoladi. Shunga qaramay, hozirda jamoada yaxshi tarkib shakllangan. Klub shu mavsumning o‘zidayoq Superligaga chiqa olishiga ishonaman va bu borada «Dinamo»ga omad tilab qolaman.

Usmon Ibodov suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)