00:05 / 16.06.2020
2 012

Andrey Shipilov: "Daho emasman"

Andrey Shipilov: "Daho emasman"
"Metallurg" bosh murabbiyi Andrey Shipilov "Lokomotiv"ga (3:0) qarshi o‘yindagi g‘alabadan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi.
- 4-turni yakunlab bo‘ldik. Menga qadar deyarli barcha murabbiylar dunyodagi holat haqida gapirib bo‘lishdi. Shu boisdan ularning gaplarini takrorlab o‘tirmayman va faqatgina futbol haqida gapiraman. Ha, o‘yinga qadar bizda jamoaviy tonus yo‘q edi, ancha vaqtdan buyon futbol o‘ynamagandik. Shu sababdan raqiblarning o‘yinini ham, o‘zimizning o‘yinimizni ham oldindan taxmin qilib bo‘lmasdi. 3:0dan keyin istalgancha gapirish mumkin: rejamiz ish berdi, biz uni bajardik, buni bajardik...

Aytishim mumkinki, omadimiz keldi. Hozir yigitlarga "Lokomotiv" maydonidagi ilk g‘alaba bo‘lganini aytib o‘tdim. Umuman olganda, biz o‘z ishimizni qilishda davom etyapmiz. Birinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik, "Lokomotiv" to‘pga ko‘proq egalik qildi. 35-daqiqalardan keyin esa ortga biroz "yotishga" majbur bo‘ldik. Shunchaki, jamoa hali yetarlicha kuch to‘play olmagani ko‘rindi. Ikkinchi bo‘limda esa... Keling, ikki o‘zgarishning ortidan ikki gol bo‘lgani sababli o‘zimni dahoga tenglashtirmayman.

Bu reja doirasidagi o‘zgarish edi. Futbolchilarimning katta qismi 90 daqiqalik futbolga tayyor emasligi ko‘rinib turgandi. Shunchaki, charchagan futbolchilarni o‘zgartirgandim, keyin esa omad kulib boqdi. Shunday ajoyib stadionda o‘ynash juda yoqimli. Havo ham unchalik issiq bo‘lmadi. Faqatgina uzoq muddat davomida futboldan dam olganimiz bizga xalaqit qilayotgandi. Ammo baribir sog‘liq birinchi o‘rinda, sportni esa keyingi pog‘onaga qo‘yaman.

- Karantindan keyingi futbol sizda qanday taassurot qoldirmoqda?
- Bizda futbol tomosha qilish uchun 2 kun vaqtimiz bor edi. Menga "Qizilqum" - AGMK uchrashuvi juda ham yoqdi. Futbolchilarga ko‘rsatish uchun ushbu o‘yinning bir qismini kesib oldim ham. Shuningdek, kecha "So‘g‘diyona" - "Paxtakor" uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Futbolchilarga qoyil qoldim, ular o‘z murabbiyi aytganini to‘liq bajardi, aslida ular ham ko‘p mashg‘ulot qilishmagandi, shu boisdan muammolar bo‘lishi mumkin edi. Mana shu ikki o‘yinni ko‘rib, haqiqatdan ham zavq oldim.

"So‘g‘diyona" futbolchilari misolida men o‘z kasbini sevgan insonlarni ko‘rdim. Kecha "Paxtakor" bosh murabbiyi yana 5 turdan keyin ko‘p narsalar oydinlashishini, jarohatlarni, kim qanday tayyorgarlikga ega bo‘lishini aytgandi. Mana endi bir tur o‘ynadik. Yana to‘rt turdan keyin barcha jamoalar yaxshi holatga kirib olishiga ishonaman. Taqvim ham og‘ir tuzilmagan. Stadion ham, umuman olganda, barchasi yaxshi edi. "Lokomotiv"ga kelganimda doimo shuni aytib o‘taman.

- "Lokomotiv" bilan o‘tgan mavsumdagi 2 o‘yinda ham durang qayd etilgandi, ushbu mavsumda esa g‘alaba.
- Shunday futbol muhiti bor: "Lokomotiv"da, "Nasaf" stadionlarida o‘ynash oson, chunki stadionlari yaxshi. Shuningdek, "Navbahor"da ham shunday. To‘g‘ri, hozir muxlislar futbol ko‘rgani stadionga kela olishmayapti. Biroz muddatdan keyin ularga ham ruxsat berishlariga umid qilaman. "Lokomotiv" stadionida ko‘plab katta o‘yinlar bo‘lgan, jamoa OCHLda kuchli jamoalarga qarshi o‘ynagan. Bemalol ayta olamanki, "Lokomotiv" tarkibining kamida 7-8 nafar futbolchisi yuqori saviyada, deyarli butun bir tarkib O‘zbekistondan tashqarida xalqaro o‘yinlarda qatnashgan. Biz ham turnir jadvalida balandlarga chiqishni istaymiz.

- 5 o‘zgarish - sizningcha ustunlikmi?
- Ha. Hozirgi holatda shunga ruxsat berishganiga juda xursand bo‘ldim.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Andrey Shipilov: "Daho emasman"