09:04 / 19.06.2020
1 816

"Paxtakor" - "Bunyodkor". Jeparov, Murzoyev va Abduraimov derbidan oldin qanday fikrda?

"Paxtakor" - "Bunyodkor". Jeparov, Murzoyev va Abduraimov derbidan oldin qanday fikrda?
Xabaringiz bor, Coca Cola Superliga 5-turidan o‘rin olgan Toshkent derbisida "Paxtakor" va "Bunyodkor" jamoalari o‘zaro kuch sinashadilar.
Turning markaziy o‘yiniga qiziqish katta bo‘lishi tabiiy. "Paxtakor" Jizzaxdagi mag‘lubiyat o‘rnini to‘ldirish uchun ham ikki hissa kuch bilan harakat qiladi. "Sherlar" mag‘lubiyat tasodif ekanligini isbotlash uchun ham ertaga faqat g‘alaba uchun maydonga tushishadi.

Ularni boshqa natija qoniqtirmasligi aniq. Vadim Abramov qo‘l ostidagi jamoada hozircha barchasi joyida deyishga erta. "Qo‘qon-1912" bilan bahsda ko‘rdikki, "qaldirg‘ochlar" uyushtirilayotgan hujumlarga yakuniy nuqtani qo‘yishda oqsashmoqda.

Xullas, gapirsa gap ko‘p. Bu borada o‘z vaqtida mahoratli futbolchi bo‘lgan, bugungi kunda futbolimizda tajribali mutaxassis sifatida tilga olinayotgan Azamat Abduraimov, Kamoliddin Murzoyev va Server Jeparovlarning derbi oldidan bildirgan tahmin va fikrlariga quloq tutamiz.

"Ertangi derbi kutilganidan qiziqarli kechishini tahmin qilyapman. Ayniqsa, "Paxtakor" Jizzaxdagi kutilmagan mag‘lubiyat sababli ikki barobar motivatsiya bilan o‘ynaydi. "Bunyodkor" eng yaqin raqobatchisi bilan 6 ochkolik o‘yinda g‘alaba qozonib sovrinli o‘rinlar uchun katta qadam tashlashi mumkin. "Sug‘diyona"ning sensatsiyasi jamoalarning mavqei va egallab turgan o‘rnidan kelib chiqib aytilgan gap.

Aslida o‘sha kuni Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari barchaning imkoniyatlari teng ekanligini ko‘rsata oldi. Karantindan so‘ng deyarli barcha jamoalar bir xil darajaga tushdi. Ertaga kimda xohish kuchli bo‘lsa va harakat qilsa o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi. Derbilarda futbolchilar kuchni tejab o‘ynamaydi, borini beradi. Arveladze va Abramovning o‘ziga yarasha qarashlari bor. Ikki mutaxassis ham hujumkorlikni yaxshi ko‘radi. Bir-biriga atab qo‘ygan yashirin sovg‘alari bo‘lishi ham mumkin
", - deydi Kamoliddin Murzoyev.

"Qisqacha fikr bildirishim mumkin. Hozirda Superliga jamoalari optimal sport formasida emas. Toshkent derbisida favorit ko‘ramayapman. Ikki jamoaning imkoniyatlari teng", - deydi Server Jeparov.

"Aslida o‘tgan turda ikki jamoa ham durang natija qayd etishlari mantiqqa to‘g‘ri kelardi. "Bunyodkor"ga omad kulib boqdi. "Paxtakor"ga esa safardan bir ochko bilan qaytishiga hakamlar to‘sqinlik qildi. Ular ikkita yaqqol penaltini belgilamadilar. "Paxtakor" doskada raqibini mag‘lub etib bo‘lgandi. Lekin, maydonda "Sug‘diyona" futbolchilarida xohish ustunlik qildi. Birgina Jaloliddin Masharipovning raqib himoyasini yorib o‘tishga urinishlari samara bermadi.

Darvoqe, futbolchilar uzoq tanaffusdan so‘ng o‘yin ritmidan chiqib ketganini aytish joiz. Bo‘lajak uchrashuv haqida gapiradigan bo‘lsam,"Paxtakor" va "Bunyodkor" o‘rtasidagi bellashuvlar doim murosasiz va keskinligi bilan ajralib turgan. Bu safar ikki jamoaning ochkolari bir xil, turnir jadvalida yonma-yon ketishmoqda. Tarkib va o‘yinni tashkil qilish jihatdan "sherlar" favorit.

Arveladzening zaxira o‘rindig‘i Abramovnikidan kuchliroq. Sadriddin Abdullayev, Javohir Sidiqovlarning qaytgani ham mezbonlarning foydasiga ishlashi turgan gap. Hujum chizig‘ida o‘zgarishlar ko‘rishimiz ehtimoli yo‘q emas. O‘zimni qadrdon jamoam "Paxtakor" ushbu bahsda uch ochkoni qo‘lga kiritadi
", - deydi Azamat Abduraimov.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor" - "Bunyodkor". Jeparov, Murzoyev va Abduraimov derbidan oldin qanday fikrda?