09:32 / 20.06.2020
2 804

Shomurodovga bag‘ishlanadi! “Rostov”ni gullatgan O‘zbekiston yulduzlari

Shomurodovga bag‘ishlanadi! “Rostov”ni gullatgan O‘zbekiston yulduzlari
O‘zbekistonlik futbolchilar uchun Rossiyaning eng omadli jamoalaridan biri shuhasiz “Rostov”dir. Bugun bu jamoa safida o‘z o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan o‘zbekistonlik charm to‘p ustalari haqida to‘xtalamiz. Eng e’tiborlisi shundaki, “Rostov” tarkibida to‘p surgan futbolchilarimizning hammasi o‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, o‘zbekistonlik muxlislarning sevimli futbolchisi bo‘lgan.

Andrey Akopyans

“Paxtakor” safida uch yil davomida yuqori saviyali o‘yin ko‘rsatgan Andrey Akopyans 2000 yilda Rossiya chempionatiga ko‘chib o‘tadi. Iste’dodli yarim himoyachimiz o‘sha paytlarda “Rostselmash” nomi bilan mashhur bo‘lgan hozirgi “Rostov” tarkibiga qo‘shiladi.

Andrey rostovliklar safida besh yil to‘p surdi. Jami 116 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu futbolchimiz keyinchalik Rossiya, Belarus va Latviya chempionatlarida turli jamoalar sharafini himoya qilib, faoliyatini Farg‘onaning “Neftchi” klubida yakunladi.

O‘zbekiston chempioni va mamlakatimizning eng yaxshi futbolchisi unvonlariga ega bo‘lgan Akopyans terma jamoamizda 40 uchrashuvda 6 ta gol urgan.

Nikolay Shirshov

“Paxtakor” tarkibida 159 ta uchrashuvda 16 ta gol urgan Nikolay Shirshov ham huddi Andrey Akopyans singari “Rostselmash”ga 2000 yilda kelgan va besh yil davomida to‘p surgan.

Tajribali himoyachi rostovliklarning 120 ta o‘yinida maydonga tushib, bir marta raqib darvozasini ham nishonga olgan.

Gol urishni yaxshi ko‘radigan Shirshov O‘zbekiston terma jamoasi sharafini 64 ta uchrashuvda himoya qilib, raqiblar darvozasiga 13 ta to‘p kiritgan. Bir necha marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan futbolchi Osiyo chempionatlari final bosqichida uch marotaba ishtirok etgan edi.

Sergey Lushchan

Mustaqillikning ilk yillarida Bekobodda o‘ynab, keyin Rossiyaga ketgan futbolchi olti yil davomida “Okean” va “Krilya Sovetov” jamoalarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borganidan keyin 2000 yilda “Rostselmash”ga qo‘shilgan uchinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi.

Bu himoyachi Akopyans va Shirshovdan farqli ravishda rostovliklar safida atigi ikki yil to‘p surdi. Jami 52 ta uchrashuv o‘tkazgan Lushchan Rossiyaning yana to‘rtta jamoasida to‘p surib, o‘yinchilik faoliyatini 2008 yilda “Bunyodkor”da yakunladi.

Lushchan O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 28 ta o‘yinda qatnashib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.

Eldor Shomurodov

Rossiya chempionatida ko‘p gol urgan o‘zbekistonlik hujumchilar yo‘q hisobi. Yurtimizning eng zo‘r to‘purarlari bo‘lgan Ja’far Irismetov, Ulug‘bek Baqoyev va Aleksandr Geynrix kabi futbolchilarimiz ham Rossiyada o‘zini yetarlicha ko‘rsata olmagan.

“Rostov” esa Eldor Shomurodovni olib xato qilmadi. “Mash’al” futbol akademiyasida tarbiyalangan hujumchi 2017 yili “Bunyodkor”dan Rossiya premer-ligasiga yo‘l oldi. Eldor dastlabki mavsumda asosan zaxiradan maydonga tushib 17 ta o‘yinda ikkita, keyingi yili 26 ta uchrashuvda uchta gol urdi.

Joriy mavsumda esa Shomurodov to‘purarlik mahoratini ko‘rsata oldi va jamoasining eng muhim futbolchisiga aylandi. U 22 marta maydonga tushib, raqiblar darvozasini 11 marotaba ishg‘ol qildi, jamoadoshlariga 6 ta golli pas uzatdi.

Eldor Shomurodov O‘zbekiston terma jamoasining ham asosiy hujumchisiga aylandi. Hozircha, 43ta uchrashuvda 20 ta gol urgan forvard yaqin yillar ichida Maksim Shatskixning rekordini yangilashi mumkin. Maksim Shatskix futbolchilik davrida O‘zbekiston terma jamoasi uchun eng ko‘p – 34 ta gol urgan.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga bag‘ishlanadi! “Rostov”ni gullatgan O‘zbekiston yulduzlari