“Bunyodkor” klubi “Paxtakor” maydonida yirik hisobda tor-mor keltirilganini ko‘pchilik ko‘rdi. Aytish kerakki, turning qiziqarli o‘yinlaridan biri bo‘ldi. Ammo uchrashuvda 5:0 hisobi qayd etilishini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak.
“Bunyodkor”ning birinchi raqamli posboniga aylangan Abdumavlon Abdujalilov uchun esa bu juda yoqimsiz kecha bo‘ldi. Boisi “Bunyodkor” darvozasini qo‘riqlayotgan posbon sifatida unga bo‘lgan ishonch yuqori edi. To‘g‘ri, ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng Abdujalilovning iqtidoriga shubha bilan qarash yaxshi emas. Aslida bunday mag‘lubiyatlar har bir posbonning faoliyatida uchrab turadigan holatlardan biri. “Bunyodkor” darvozaboni esa Sports.uz uchun yirik hisobdagi mag‘lubiyatga nima sabab bo‘lganini aytdi.
- Menimcha, hisob bu qadar yiriklashib ketishini hech kim kutmagandi. O‘yindan so‘ng Vadim Karlenovich aytganidek, “Paxtakor”ga qarshi himoyaviy o‘yin ko‘rsatsak ham bo‘lardi. Chunki bunday usulni ko‘p jamoalar qo‘llashadi. Asosiy e’tiborni himoyaga qaratib, imkon bo‘lganda hujumga o‘tib o‘ynasak ham bo‘lardi. Lekin biz shunchaki futbol o‘ynashni tanladik.
Nazarimda, bu o‘yinda “Paxtakor”ning “klassi” muhim rol o‘ynadi. Raqib futbolchilarining vaziyatlardan ustalik bilan foydalana olgani ularga qo‘l keldi. Biz esa o‘z imkoniyatlarimizni golga aylantira olmagan bir paytda “Paxtakor” deyarli barcha vaziyatlaridan gol urdi. Shu bois ham hisob yirik ko‘rinish oldi. Ko‘rinib turibdiki, “Paxtakor” o‘tgan o‘yindan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda tayyorgarlik ko‘rgan.
Mening fikrimcha, dastlabki daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi. Hamma tushunib turibdiki, hozir boshni tushiradigan payt emas. Aksincha, keyingi o‘yinga yanada munosib tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Chunki vaqtimiz ham oz.
Aslida o‘tkazilgan har qanday golda baribir darvozabonning aybi bo‘ladi. Abdumavlon esa beshta to‘p olib chiqdi. Bu borada u o‘zini qanchalik aybdor his qilmoqda? Quyida shu haqida gapirdi.
- To‘g‘ri, har bir darvozabon o‘yinga chiqqanida darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga harakat qiladi. Shu ma’noda aytganda, hech kimni gol o‘tkazgisi kelmaydi. Ochig‘i, hali faoliyatim davomida beshta gol o‘tkazmagandim. Nima desam bo‘ladi? Futbolda shunaqasi ham bo‘lib turar ekan-da! Hamma narsaning ijobiy tomonini o‘ylab, uni yaxshilab tahlil qilish kerak. E’tibor bergan bo‘lsangiz, gollarning barchasi jarima maydoni ichidan urildi.
Shuningdek, o‘tkazilgan har bir golda darvozabonning qandaydir ulushi bo‘ladi. Albatta, bu o‘yinni va o‘tkazilgan gollarni jamoamiz bilan tahlil qilib chiqamiz. Shubhasiz, beshta gol – bu nihoyatda ko‘p. Tabiiyki, jamoamni qaysidir vaziyatlarda qutqarib qolishim kerak edi. Bunday holatlarni o‘zim uchun alohida qayd qilib qo‘ydim.
Hozirgi zamonaviy futbolda yaqindan urilgan yoki darvozabonda qaytarish uchun imkoniyat bo‘lmadi, degan gaplar bahona o‘rnida qabul qilinmaydi. Nima bo‘lganda ham men jamoamga yordam berishim kerak edi. Afsuski, buning uddasidan chiqa olmadim. Shunchaki, endi xatolarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz lozim. Bir o‘yindan beshta gol o‘tkazib yuborishim esa yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Bu o‘yinni tezroq unutishimiz kerak.
Bu darajadagi o‘ta yirik mag‘lubiyat ham aslida “Bunyodkor”ga yarashmaydi. Xo‘sh, “Qaldirg‘ochlar” bu o‘yinni tezroq unuta olisharmikin? Baribir bu mag‘lubiyat futbolchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Abdujalilov esa shu haqida to‘xtaldi.
- Bunday yirik mag‘lubiyat jamoaning kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadi, albatta. Buni tez unutib, keyingi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmasak, u holda mavjud vaziyat o‘zimizga zarar bo‘lishini tushunib turibmiz.
“Paxtakor”dagi futbolchilar istalgan darvozabonga jiddiy muammolar tug‘dira olishlarini hamma yaxshi biladi. “Bunyodkor” posboni esa bu klubdagi xavfli o‘yinchilar xususida ham fikr bildirdi.
- Hech kimga sir bo‘lmasa kerak, “Paxtakor”dagi Dragan Cheranning saviyasi va qanday futbolchi ekanligi barchaga yaxshi ma’lum. “Paxtakor”da eng xavfli futbolchi Cheranligini ham biz yaxshi bilardik. Unga ko‘proq e’tibor qaratishimiz lozimligini bilgan bo‘lsak-da, Cheran shu holatda ham gol urish uchun imkon topa oldi va jamoasining g‘alabasiga katta hissasini qo‘shdi. Umuman aytganda, “Paxtakor”da yaxshi o‘yinchilar ko‘p. Masharipov, Hamdamov... Sobirxo‘jayevni esa alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Yoshligimda Sardor bilan birga o‘ynaganman. Futbolchi sifatida uning o‘yini menga yoqadi. Nostandart o‘yinlari bilan ajralib turadi.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)