21:10 / 04.07.2020
1 111

Ravshan Haydarov: Vazifa o‘zgarmaydi, "Surxon" yuqori o‘rinlar uchun kurashishi shart!

Ravshan Haydarov: Vazifa o‘zgarmaydi, "Surxon" yuqori o‘rinlar uchun kurashishi shart!
"Surxon"ga bosh murabbiy etib tayinlangan Ravshan Haydarov yangi jamoasi haqidagi dastlabki fikrlarini bildirdi.
Bugun “Surxon” klubida yangi bosh murabbiy ish boshladi. Bahrom Haydarov o‘z o‘rnini bo‘shatib berganidan so‘ng bu lavozimni kim egallashi barchani qiziqtirayotgandi.

Aytish lozimki, ushbu masala bo‘yicha bir qator mutaxassislarning nomzodlari ilgari surildi. Oxir-oqibat jamoani boshqarish Ravshan Haydarovga ishonib topshirildi.

2018 yili O‘zbekiston U-22 terma jamoasi bilan Osiyo chempionligiga erishgan mutaxassisning oradan bir muncha vaqt o‘tib yana klub miqyosida bosh murabbiylikka qaytgani qaysidir ma’noda chempionatimizdagi intrigani hozirgi holatidan ko‘ra yanada ortishiga xizmat qilishi taxmin qilinmoqda.

O‘z o‘rnida Haydarovda ham yana bir bor murabbiylik salohiyatini namoyish etib, o‘zini ko‘rsatishga bo‘lgan ishtiyoqi yuqori ekanligiga ishonamiz. Sports.uz muxbiri esa Haydarov bilan suhbat uyushtirdi va unda “Surxon”da ish boshlashining sabablari, keyingi rejalari va yana boshqa masalalar to‘g‘risida fikrlar bildirildi.

- Ravshan Akmalovich, avvalo sizni “Surxon” klubiga bosh murabbiy etib tayinlanganingiz bilan tabriklayman. Jamoa boshqaruvini o‘z qo‘lingizga olishingiz qanday yuz bergani muxlislarga qiziq...
- Albatta, menga “Surxon” rahbariyati tomonidan taklif tushdi. Bu borada O‘FA rahbariyati bilan ham kelishishgan holda ularning ruxsati bilan bu jarayon amalga oshdi. Chunki O‘zbekiston U-23 terma jamoasida ham ishlayotgandim. Shunga qaramay, endi parallel ravishda klubdagi ishimni ham davom ettiraman. O‘z navbatida men ham bu taklif ustida o‘ylab ko‘rdim. Chunki hozirda O‘zbekiston U-23 terma jamoasi shakllanish jarayonida. Shuningdek, bu yil ushbu jamoa uchun musobaqalar yo‘q. Pandemiya sababli ancha rejalarimiz ham qisqargan.

Shu omillarni o‘yladim va o‘zimning murabbiylik amaliyotimni ham yana davom ettirishni istadim. Klub rahbariyati bilan gaplashdik va jamoani hozirgi qiyin vaziyatdan olib chiqish bo‘yicha harakatlarni amalga oshirmoqchimiz. Shu bois ular bilan hamkorlik qilishga kelishdik. “Surxon”da oldingi yordamchilarim – Vladimir Andreyev va Shavkat Abduxo‘jayev murabbiylar shtabida faoliyat olib borishyapti. Barchamiz birgalikda “Surxon”ni yuqoriga ko‘tarishga harakat qilamiz.

Surxondaryo muxlislarini xursand qilishimiz zarur. Umuman aytganda, “Surxon” hozirda asta-sekin oyoqqa turayotgan klublardan bittasi. O‘tgan yili kuchlilar orasida omadli ishtirok etishgandi. Bu yilgi mavsum esa jamoa uchun qiyin kechmoqda. Bu yo‘lda jamoani yuksaltirishda yordamim tegsa, bundan xursand bo‘lardim. Bu tajribali jamoa. Shunday ekan, hozirgi vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilamiz.

- Chempionat oldidan “Surxon” kuchli uchlikka kirish uchun kurashishi borasida aytilgandi. Yaqin-yaqingacha ham jamoaning o‘sha maqsad sari harakat qilayotgani ham murabbiylar tomonidan ilgari surilgandi. Ammo orada “Surxon” ketma-ket ochkolarni yo‘qotdi. Shuni hisobga olganda, sizning boshchiligingizdagi jamoaning vazifalari o‘zgarmaydimi yoki...
- Vazifalar o‘zgarmagan. Maqsadlar o‘tgan yilgidek va o‘sha natijadan kam bo‘lmagan holda mavsumda ishtirok etish. To‘g‘ri, ancha-muncha ochkolar yo‘qotilgan. Lekin biz vaziyatni o‘nglashga astoydil harakat qilamiz, bu aniq. Yigitlar bilan gaplashib, har bir o‘yin muhim, shiori ostida maydonga tushamiz va o‘z vazifamizga maksimal darajada yondashamiz. Shunda natijalar ham kuzatilaveradi. Biz uchun har bir o‘yin muhim.

- Ya’ni, “Surxon” uchun endilikda har bir bellashuvni finalga tenglashtirsak bo‘ladi, to‘g‘rimi?
- Ochkolar ko‘p yo‘qotilgani sababli bundan buyog‘iga g‘alabalar qozonib, o‘sha ochkolar o‘rnini qoplashimiz kerak bo‘ladi.

- Avgustda transfer oynasi ochiladi. Jamoaning bugungi tarkibidan kelib chiqqan holda qanday o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchisiz?
- Albatta, barchasi ish jarayonida ko‘rinadi. Men esa klubda endigina ish boshladim. To‘g‘ri, jamoadagi ko‘plab futbolchilarni tanisam-da, ammo anchadan beri birga ishlamagan yigitlar ham bor. Avvalo ichki zaxira rejalarini ko‘rib chiqish darkor. Baribir hozirdanoq tarkibda qandaydir o‘zgarishlarni qilib bo‘lmaydi. Shu bois ishga kirishib, avvalo futbolchilarning ishga bo‘lgan munosabati, ularning xarakterlari, umuman barcha-barchasini o‘rganib chiqaman. Birinchi davradan keyin tarkibda kuchaytirishi kerak bo‘lgan pozitsiyalarni aniqlaymiz. Shunga qarab, o‘sha chiziqlarga o‘yinchilarni olishga harakat qilamiz. Bu esa asosan ish jarayonida ma’lum bo‘ladigan holat.

- Pandemiyadan keyin “Surxon”ning o‘yinini kuzatganimizda futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi borasida muammolar ko‘zga tashlanib qoldi. Jamoa qandaydir og‘ir o‘ynayotgandek ko‘rindi...
- “Surxon”ning oxirgi ikki-uchta o‘yinlarini ko‘rdim. Jismoniy tarafdan muammolar yaqqol ko‘rinib turibdi. Albatta, pandemiya ancha-muncha klublarga ta’sir ko‘rsatdi. Hamma har xil tayyorgarlik ko‘rgan. Biz esa ish jarayonida jismoniy tomondan yuzaga kelgan kamchiliklarni ham bartaraf etishga urinamiz. Bundan tashqari, jamoaning o‘yin uslubini ham yanada yaxshilash ustida ish olib boramiz.

- Shu o‘rinda surxondaryolik muxlislarga qanday tilaklar bildirgan bo‘lardingiz?
- Surxondaryo futbol maktabi o‘zbek futboliga ko‘plab ajoyib o‘yinchilarni yetkazib bergan. Muxlislar esa futbolni ancha sog‘inishgan. Surxondaryolik ishqibozlar “Surxon” misolida yaxshi, raqobatbardosh bo‘lgan sevimli jamoasiga ega bo‘lishga haqlilar. U yerdagi ish bilan tanishish asnosida viloyatda futbolni yanada kuchaytirish uchun yaxshi g‘oya va rejalari borligi ma’lum bo‘ldi. Futbol akademiyalar va yana boshqa jihatlar bo‘yicha rivojlanish uchun xohish va istak yuqori. Bundan keyin ham Surxondaryo va “Surxon” klubi o‘zbek futboliga ajoyib o‘yinchilarni yetkazib berish hamda o‘z o‘rniga munosib bo‘lgan holda yuqori o‘rinlarga chiqishiga ishonaman.

Bu borada qo‘ldan kelganicha tajribamni va harakatlarimni ayamayman. Yuqorida aytib o‘tganimdek, mahalliy ishqibozlarning kayfiyatini ko‘tarish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. To‘g‘ri, hozirda futbol muxlislarsiz o‘ynalyapti. O‘ylaymanki, ular televideniye va OAV orqali o‘yinlarni ko‘rib borishyapti. Jamoadagi futbolchilarga ham biz avvalambor muxlislar uchun o‘ynashimizni va ularni g‘alabalarimiz bilan xursand qilish asosiy vazifamiz ekanligini yaxshilab tushuntirib boramiz. Bunday jarayonda men ham ishtirok etishimdan xursandman. Jamoaning mavqeini ko‘tarish yo‘lida qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga tayyorman.

- Bugungi kundagi Superligamizning saviyasi haqida nima deya olasiz?
- Mana shu holatlarni his qilish uchun ham “Surxon” klubi bilan ishlashga qaror qildim. Bevosita buni ish jarayonida o‘rganib boraman. Pandemiyadan so‘ng klublar tomonidan kutilmagan natijalar ham qayd etilyapti. Chempionatdagi o‘yinlar esa bir tekisda ketmayapti. Lekin umuman olganda, qandaydir xulosa chiqarish uchun o‘zim bevosita chempionatda ishtirok etgan holda o‘z xulosalarimni aytaman.

- Yangi jamoangizda sizga omad va muvaffaqiyat tilab qolaman.
- Rahmat.

Manba: Sports.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)