17:23 / 25.07.2020
2 754

Toshkentga kelgani uchun sudga chaqirilgan Messidan Rivaldoning qolib ketgan 16 mln yevrosigacha... FIFA aralashayotgan qarzdorlik haqida

Toshkentga kelgani uchun sudga chaqirilgan Messidan Rivaldoning qolib ketgan 16 mln yevrosigacha... FIFA aralashayotgan qarzdorlik haqida
Legioner futbolchilarning qarzdordorlik masalasida o‘zbek klublari ustidan FIFAga yozayotgan shikoyat xatlari biri yechimini topmay turib, navbatdagisi kelib tushmoqda. FIFAning bu safargi arzi «Navbahor» klubi manzili tomon jo‘natilgan bo‘lib, rossiyalik murabbiy Aleksey Belenkov tomonidan talab qilinayotgan mablag‘ ancha katta – yarim million dollarni tashkil etadi.

Biroq bu o‘zbek futbolida xorijliklar tomonidan talab qilingan eng katta qarzdorlik holati emas. Tribuna.uz xorijlik legionerlarning o‘zbek klublari ustidan FIFA, Yevropa sudlariga kiritgan muammolarini yodga olib, moliyaviy mojarolar yakunda qanday yechim topganiga qiziqdi.

Yillik 8 million yevro maosh olib, 16 million yevro talab qilgan Rivaldo
Faoliyat: O‘zbek futbolida eng katta pullar aylangan 2008-2010 yillar davomida Toshkentning «Bunyodkor» klubi jahonning taniqli futbolchi va murabbiylarini O‘zbekistonga chaqirishni odat tusiga aylantirgandi. O‘shanda braziliyalik Rivaldo va uning hamyurtlari, Ziko, Skolari singari taniqli murabbiylarning «Bunyodkor»da faoliyat yuritishi, Ronaldu, Messi, Eto’O, Inesta, Puyol, Fabregas kabi yulduzlarning Toshkentga kelib ketishi shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Biroq ikki yil davomidagi misli ko‘rilmagan xarajatlarga qaramay, «Bunyodkor»ning xalqaro maydonda yodda qolgan eng yaxshi natijasi Osiyo chempionlar ligasi yarimfinali bo‘ldi, xolos.

Qarzdorlik: «Bunyodkor» va o‘zbek futbolidagi shov-shuvlarning moliyaviy ta’minotchisi sanalmish O‘zbekistondagi neftegaz sohasidagi yirik kompaniya Zeromax 2010 yilda bankrot deb e’lon qilingach, muammolar bo‘y cho‘za boshladi. Xususan, Sportingintelligence’ning yozishicha, «Bunyodkor»da yillik 8 million yevro maosh olgan braziliyalik mashhur futbolchi Rivaldo shartnomasi bo‘yicha klub va homiylardan 16 million yevro talab qilgan.

Shikoyat yakuni: 2010 yilda Toshkent klubini tark etgan Rivaldo dastlab «Bunyodkor» klubi ustidan, keyin esa 6 yil davomida - 2016 yilgacha Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan Zeromax kompaniyasi ustidan bir qator organlarga murojaat qildi, biroq ulkan miqdordagi qarzdorlik holati bo‘yicha 2010 yilda moliyaviy inqirozga uchragan Zeromax’dan aytarli mablag‘ undirishning imkoni bo‘lmadi.

Skolari va braziliyalik futbolchilarning undirilmagan millionlari
Faoliyat: Londonning «Chelsi» klubidan keyin «Bunyodkor» bosh murabbiyiga aylanib, O‘zbekistonda bir yil ham ishlay olmagan Luish Skolari 2010 yilning may oyida Toshkent jamoasini tark etdi. Bild’ nashrining qayd etishicha, braziliyalik taniqli murabbiy O‘zbekistondagi 11 oylik faoliyati uchun 13 million yevro haq olib, jahonning eng ko‘p maosh oluvchi murabbiyiga aylanishi lozim edi.

Qarzdorlik: Zeromax’ning moliyaviy muammolari sababli Skolari va klubdagi qolgan braziliyalik futbolchilar oylik maoshlarini undirib berish uchun Shveysariyada ro‘yxatda o‘tgan kompaniyani sudga berishdi.

Jumladan, braziliyalik hujumchi Denilson klubdan ololmagan 848 ming dollar, yarimhimoyachi Ramos 358 ming AQSH dollari miqdoridagi maoshlarini talab qilgan bo‘lishsa, braziliyalik tarjimon va fizioterapevt jami 77 ming dollar haqlarini so‘rashgan. Bundan tashqari, Braziliyaning «Moji Mirim» klubi (Rivaldoga tegishli) «Bunyodkor»ga ko‘rsatgan bir qator xizmatlari uchun 1,5 million dollar miqdoridagi mablag‘ni undirib berish talabi bilan murojaat qilgan.

Shikoyat yakuni: Rivaldoning murojaati singari Skolari va qolgan braziliyalik futbolchilarning Zeromax ustidan da’vo arzlari Shveysariya sudi tomonidan qariyb uch yil davomida ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, ular ham aslida «Bunyodkor» klubi emas, homiy tashkilot sanalmish Zeromax bilan shartnoma tuzilgani bois qolgan mablag‘larini undira olishmadi.

Toshkentga tashrifi uchun sudga chaqirilgan Messi va «Barselona» futbolchilari

Faoliyat: O‘zbekistondan ko‘ra, Turkiya va Ispaniyada ovoza bo‘lgan bu ish futbolchining emas, futbol agentining da’vosidan keyin ochilgan. 2011 yilda turkiyalik futbol funksioneri Bayram Tutumlu «Barselona» klubi prezidenti Joan Laporta va «Bunyodkor» klubi homiysi ustidan Ispaniya sudiga murojaat qilgan. Uning sud ishida keltirishicha, Tutumlu «Bunyodkor» rahbariyati va «Barselona» prezidenti Joan Laporta o‘rtasida o‘zaro aloqa o‘rnatilishida yordam bergani, qolaversa Laporta orqali «Bunyodkor»ning «Kamp Nou»da «Barselona»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini tashkil qilgani, «Barsa» yulduzlarining O‘zbekistonga borishida ishtirok etgani uchun tomonlarni kelishilgan komission mablag‘larni to‘lamaganlikda ayblagandi.

Bayram Tutumluning advokati Pep Oriolaning da’vosida qayd etilishicha, asosiy xarajatlardan tashqari «Barsa» prezidenti Joan Laportaga tegishli «Laporta & Arbos Advocats Associats S. L.» tijoriy firmasiga 2008 yilning 27 iyun kuni Syurixdagi «Russian Comercial Bank» orqali o‘zbekistonliklarga tegishli «Zeromax GMBH» kompaniyasi hisob raqamidan 3 million yevro miqdoridagi mablag‘ «professional xizmatlar uchun» o‘tkazib berilgan, deyiladi Marca xabarida.

Qarzdorlik: Turkiyalik futbol agenti o‘zbek klubi rahbarlarining Laportaga va’da qilingan 3 million yevroni bergani, biroq uning o‘ziga na Laporta tomonidan komission ulushlar va na o‘zbekistonliklar tomonidan xizmatlari uchun haq to‘langanligini aytib, suddan «Laporta & Arbos Advocats Associats S. L.» va «Zeromax GMBH»dan jami 10 million yevro undirib berishni so‘raydi.

Shikoyat yakuni: 2011 yilning 10 oktabr kuni o‘tgan sud ishida «Barselona»ning o‘sha paytdagi prezidenti Joan Laporta, shuningdek 2009 yil «Zeromax GMBH» taklifiga ko‘ra, O‘zbekistonga borib kelgani uchun kompaniya tomonidan moliyaviy rag‘bat olgan «Barselona» futbolchilari Andres Inesta, Karles Puyol, Samuel Eto’O, Fabregas va Lionel Messi chaqirilgan. Uzoq davom etgan sud ishi «Laporta & Arbos Advocats Associats S. L.» firmasining Tutumluga bor yo‘g‘i 10 foizlik komission xizmati – 300 ming yevro undirib berish qarori bilan tugagan.

FIFA tomonidan quyi ligaga ravona qilingan «Sho‘rtan». Qarzdorlik hali ham mavjud
Faoliyat: G‘uzorning «Sho‘rtan» klubi 2009-2016 yillar davomidagi legioner futbolchi va murabbiylar bilan to‘liq hisob-kitob qilinmagani jabrini haligacha chekmoqda. 2011-12 yilgi mavsumda jamoani boshqargan beloruslik murabbiy Igor Kriushenko va uning yordamchisi Vitaliy Varvonchikka to‘lanishi kerak bo‘lgan qarzdorlik to‘liq yopilmagan. Shuningdek, 2011 yilda «Sho‘rtan» safida OFK kuboklarida to‘p surgan serbiyalik Urosh Miloslavlevich ham ko‘p yillar klubdan pullarini ololmadi. O‘sha mavsumda jamoa sharafini himoya qilgan chernogoriyalik Predrag Vuyovich ham G‘uzor klubidagi pullarini ololmagach, FIFAga murojaat qilgan.

Qarzdorlik: G‘uzor jamoasi Igor Kriushenkodan 95 ming dollar qarzdor bo‘lsa, Varvonchikdan 26 ming dollar, Urosh Miloslavlevichdan 59 ming dollar, Predrag Vuyovichdan 45 ming dollar miqdorida qarzdorlik holati yig‘ilgan. FIFA qoidalariga ko‘ra, o‘z vaqtida to‘lanmagan har qanday summa bir yil davomida 5 foizdan penya hosil qilishi sababli raqamlar yillar davomida o‘sib boravergan.

Shikoyat yakuni: Xorijlik legioner futbolchi va murabbiylar klub ustidan FIFAga murojaat qilgach, G‘uzor klubi qarzdorlikni o‘z vaqtda yopa olmagani sababli jahondagi bosh futbol tashkiloti O‘FAdan «Sho‘rtan»dan ochkolarni olib tashlashni bir necha marta talab qildi, 2017 yil yakunida bu klub hatto quyi ligaga ravona qilingandi. Bu jarima va jazolardan tashqari «Sho‘rtanneftegaz» otalig‘idagi klub oxirgi 5 yil ichida 10 yil avvalgi qarzlarni uzish bilan ovora. Jumladan, Urosh Miloslavlevichning 59 ming dollar (Dastlab 46 ming AQSH dollari olgan Urosh Miloslavlevich yana 13 ming talab qilgan), Predrag Vuyovichdan 29 ming dollar miqdorida qarzdorlik uzilgan bo‘lsa, sobiq bosh murabbiy Kriushenkoga 54 ming dollar, beloruslik darvozabonlar murabbiyi Vitaliy Varvonchikka 13 ming dollar to‘langan. Eng yomoni «Sho‘rtan» klubining FIFA bilan yozishmalarini hali ham to‘xtatgan emas.

Qizig‘i, Predrag Vuyovich 2015 yilda «Andijon»da ham to‘p surib, pulini ololmagach, 2019 yilda FIFA orqali penyalar bilan qo‘shib olgan.

FIFA «Neftchi»ga uchta transfer oynasini yopib qo‘ygan qarzdorlik
Faoliyat: Rossiyalik 29 yoshli hujumchi Vyacheslav Sushkin Farg‘ona jamoasi safida 2018 yilgi mavsumda faoliyat yuritgan. Biroq o‘sha mavsumda klub Superligani tark etgach, futbolchi oldidagi qarzdorlik holati qolib ketgan.

Qarzdorlik: Natijada Vyacheslav Sushkin bu borada FIFAga arz qilgach, Farg‘ona klubi uchun ketma-ket uch transfer oynasi yopib qo‘yilgandi.

Shikoyat yakuni: PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayevning ma’lum qilishicha, vodiy klubi rossiyalik futbolchi oldidagi qarzdorlik holatini bartaraf etmoqda. Hozirga kelib «Neftchi» qarzdorlikning yarmini yopishga erishgan. Raqamlar ma’lum qilinmagan.

Simonenkodan «Bunyodkor»ga qaytarilgan 400 million so‘m
Faoliyat: 2014 yil «Bunyodkor» sharafini himoya qilgan ukrainalik legioner Sergey Simonenko yarim yilgina o‘ynagan va 14 ta uchrashuvda ishtirok etgan: 1 ta superkubok, 1 ta kubok, 5 ta Oliy liga va 7 ta Chempionlar ligasi. Shu bilan u «Bunyodkor» uchun kerak bo‘lmay qolgan. Shunga qaramay, Sergey 2-davra uchun ham pul undirish payida bo‘lgan.

Qarzdorlik: Simonenko Ukrainaga qaytgach, «Bunyodkor» ustidan FIFAga arz qilib, o‘ynamagan yarim yili uchun ham 400 million so‘m miqdoridagi haqini talab qilgan. FIFA qistoviga qaramay, «Bunyodkor» bu masalani belgilangan muddatda hal qilmagach, FIFAning buyrug‘i va O‘FA qarori bilan 2018 yilgi Superligada «Bunyodkor»dan 6 ochko olib tashlangan.

Shikoyat yakuni: Oxir-oqibat «Bunyodkor» 2019 yilda aqlli qaror bilan besh yillik ishga nuqta qo‘ydi. Klub Simonenkoning bank raqamiga 400 million so‘mni o‘tkazgan. Futbolchining o‘zi Ukrainadan kelmay, pulni O‘zbekistondagi tanishi orqali ishonchnoma evaziga olmoqchi bo‘lgan. Biroq klub futbolchining tanishiga ham bu pullar sudga oshirilganligini ma’lum qilgach, u bu ishga aralashishni istamadi. Yakunda ushbu mablag‘ sud tomonidan yana klub hisob raqamiga qaytarilgan.

«Navbahor»dan talab qilinayotgan 5 milliard
Faoliyat: Rossiyalik Aleksey Belenkov 2019 yil boshida bosh murabbiy Andrey Kanchelskisga yordamchi sifatida «Navbahor»da faoliyat yuritgan. Biroq Belenkov bilan 2023 yil 30 noyabrga qadar tuzilgan shartnoma muddatdan avval bekor qilingan hamda klub yordamchi murabbiyga bitim bo‘yicha pullarini to‘lamagan. Rossiyalik murabbiyning kelishuvni bekor qilishni so‘ragani sababi klub murabbiyning 4 oylik maoshini berishni kechiktirgan. FIFA qoidalariga ko‘ra agar klub futbolchi yoki murabbiyning 2 oydan ko‘proq maoshini berishni kechiktirsa shartnomani bekor qilish borasida murojaat qilish mumkin. U shu banddan foydalangan.

Qarzdorlik: Murabbiyning vakillari 2020 yilning yanvar oyida «Navbahor» klubiga aloqaga chiqib, 150 ming AQSH dollari to‘lashni va barcha masala yopilishini ma’lum qilishgan. Biroq klub bunga ko‘nmagan. Qolaversa, ish ochilayotgani yuzasidan «Navbahor» futbol klubi 21 aprel kuni (hamma karantinda vaqti) ogohlantirilgan. FIFA tomonidan yo‘llangan so‘nggi xat 20 iyul kuni qabul qilib olingan.

Shikoyat yakuni: Oxir-oqibat bu ish juda qimmatga tushishi arafasida turibdi. Namangan klubi 30 kun ichida Belenkovga 520 ming AQSH dollari (taxminan 5 milliard 300 million so‘m) to‘lashi shart, aks holda FIFA klubga nisbatan sanksiyalar qo‘llaydi. Bu transferlarga taqiq qo‘yish, ochkolarni olib tashlash yoki quyi ligaga tushirib yuborish ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Biroq bu jazolar ham mablag‘ni to‘lamaslikka sabab bo‘la olmaydi. O‘zPFL mazkur masala yuzasidan «Navbahor» bilan hamkorlik qilishini va FIFA talab qilgan hujjatlarni yuborishga yordam berishini ma’lum qilgan.

«Navbahor»dan yordamchi murabbiy talab qilayotgan pul miqdorini yaxshiroq tasavvur qilishingiz va taqqoslashingiz uchun 5 milliard 300 million so‘m – bu Superligaga chiqishni maqsad qilgan Pro liga ishtirokchisi, Samarqand viloyatining bosh jamoasi «Dinamo» klubining qariyb yillik smetasiga yaqin mablag‘dir. Endi Namangan viloyati hokimiyati homiyligidagi «Navbahor»ning yillik budjetini tasavvur qilavering...

Xulosa
Afsuski, o‘tgan 10 yillardan buyon o‘zbek futbolida xorijliklar bilan ro‘y berayotgan mana shunday mash-mashalar klublarimizga dars bo‘layotgani yo‘q. Moliyaviy mojarolar yillar davomida jamoalarning oyog‘idan tortib qolayotganligini ko‘rib turibmiz. Aksariyat klub sobiq rahbarlarining aqlsizlarcha yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolari o‘sha jamoa va undan keyingi rahbarlarga dard ustiga chipqon bo‘lmoqda.

Eng alamlisi, otni kallasidek pulni talab qilayotgan xorijlik aksariyat murabbiy va futbolchilarni biz maydondagi o‘yinlari orqali emas, klublarimiz ustidan FIFAga yozilgan bir jildlik shikoyatlaridan keyin tanib olayapmiz. Sababi, saviyasi haminqadar bo‘lgan legionerlarga ham o‘zbek futboli bozorida xaridorlar topilayotganidir. Aslida ayrim klublardagi nohaqliklar faqatgina legionerlarga nisbatan emas, o‘zimizning futbolchilarimizga nisbatan ham qilinadi, farq shundaki qorako‘zlarimiz va’dalarga ishonib andisha qiladi yoki yechim juda topilmasa, uzoqqa bormay PFLga murojaat qilib qo‘yishadi.

Eng yomoni esa yuqoridagi muammolar barham topmayotganidir. Yaqinda serbiyalik futbol agenti Igor Petkovichning «Surxon» klubidagi hamyurtlari Darko Stanoyevich va Vladimir Bubanyalarning bir necha oylik maoshlarini ololmayotgani haqidagi bayonoti yangradi. Ko‘rayapsizmi, FIFA bilan yuqoridagi muammolar sovumay turib, yana bir moliyaviy mojaro ildiz otayotgandek. Bu masala ham vaqtida hal qilinmasa, ertaga FIFAdan navbatdagi ko‘p sonli raqamlardan iborat mablag‘larni undirib berish haqidagi talab kelsa ajab emas...

Usmon Ibodov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Toshkentga kelgani uchun sudga chaqirilgan Messidan Rivaldoning qolib ketgan 16 mln yevrosigacha... FIFA aralashayotgan qarzdorlik haqida