Koreys OAVlari O‘zbekiston va Yangi Zelandiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlaridan norozi!

Janubiy Koreya terma jamoasi 27 mart kuni O‘zbekiston, 31 mart kuni Yangi Zelandiya terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishi aniq bo‘ldi. Lekin koreys OAVlari FIFA reytingida o‘z terma jamoalaridan pastki o‘rinlarda turgan bu raqiblar bilan o‘yinlar o‘tkazilayotganidan u qadar xursand emas.
Xususan, "Daily Sports" nashri "Oltinga teng FIFA kunida 71-o‘rindagi O‘zbekiston va 131-o‘rindagi Yangi Zelandiya bilan o‘yin? Bu nima degan gap?", deya nomlangan maqola e’lon qildi va Janubiy Koreya futbol assosiasiyasi prezidenti Jong Mong Gyuni o‘z so‘zida turmaganlikda aybladi.
"Nimaga aynan O‘zbekiston va Yangi Zelandiya?", deya boshlanadi maqola. "Futbol assosiasiyamiz 11 fevral kuni ushbu terma jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazilishini rasman ma’lum qildi. Ikkala raqib ham FIFA reytingida bizning terma jamoamizdan pastki pog‘onalarga joylashgan. "Yil mobaynida o‘tkaziladigan o‘rtoqlik o‘yinlarining 70%dan ko‘prog‘ini FIFA reytingida yuqori 30talikka kiruvchi top terma jamoalari bilan o‘tkazamiz", deya va’da bergan futbol assosiasiyamiz prezidenti Jong Mong Gyuning so‘zlariga tamoman zid holatku".
Koreys nashri davom etarkan: "FIFA mart, iyun, avgust, sentyabr, oktyabr va noyabr oylarida ikki martadan terma jamoalar kunini belgilab qo‘ygan. Iyun oyidan esa JCh-2018 saralash bahslari boshlanadi. Demak, mart oyida ikki marta, iyunda bir marta va oktyabrda bir marta bemalol o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishga imkon bor. Lekin iyun va oktyabr oylarida JCh saralash karvoni yo‘lga chiqishini inobatga olsak, bu paytga kelib tuzukroq raqib topish muammoga aylanadi. Futbol assosiasiyamiz mart oyidagi FIFA kunlari uchun munosib raqib topishi kerak edi", deya yozadi.
"Daily Sports"ning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtoqlik o‘yinlariga "pichoqqa ilinadigan" raqib taklif qilinmasa, stadionlarga muxlislar tashrifi ham o‘z-o‘zidan kamayib ketadi: 2013 yil oktyabrda Janubiy Koreya "Seoul World Cup stadium"da Braziliya bilan uchrashganida 65,000 tomoshabin tashrif buyurgan edi. Bir oy o‘tgach Shveysariya bilan o‘yinni 36,800 nafar muxlis bevosita stadiondan tomosha qilgan. 2014 yili esa sentyabrda Urugvay bilan o‘yinga 38,100 tomoshabin kelgan bo‘lsa, oktyabrda Kosta-Rika bilan o‘yinni 39,200 tomoshabin tomosha qildi.
Koreys nashri Janubiy Koreya terma jamoasining Osiyo Kubogida finalga qadar borganligini qistirib o‘tarkan, endilikda o‘z terma jamoalari o‘rtoqlik o‘yinlariga raqib tanlashda sal didliroq bo‘lishlari lozimligini ta’kidlaydi:
"Avstraliyadagi muvaffaqiyatli ishtirokimizdan keyin futbol muxlislarimizning terma jamoaga munosabatlari 180 darajaga o‘zgardi. Chunki o‘tgan yili JChdagi o‘ta yomon qatnashuvdan keyin terma jamoaga salbiy munosabat kuchaygan edi. Endilikda faqat kuchli terma jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishga loyiq edik. Lekin futbol assosiasiyamizning tanlovi FIFA reytingida 71-o‘rindagi O‘zbekiston va 131-o‘rindagi Yangi Zelandiya bo‘ldi. Biz O‘zbekiston va Yangi Zelandiyani kamsitmoqchi emasmiz, ammo bu raqiblar bilan o‘yin tashkil etilishi bizga taskin berolmasligi ham bor gap".
Shuningdek, koreys nashri Janubiy Koreya futbol assosiasiyasi matbuot xizmatining izohini ham keltirib o‘tadi: "Futbol assosiasiyamiz matbuot xizmati vakili Song Ki Ryong OAVga quyidagicha izoh berdi: "Mart oyidan 2016 yilgi Evropa chempionatiga saralash o‘yinlari boshlanishi munosabati bilan bu qit’adan raqib topish muammo edi. Janubiy Amerika va Afrika qit’asini bilmadim".
Maqola so‘nggigacha futbol assosiasiyasidan norozi ohangda yozg‘irgan "Daily Sports" shunday yakunlaydi: "Futbol assosiasiyamiz raqiblar topish va joy tanlash kabi ma’lumotlarni sir saqlaydi. Qanday sababga ko‘ra O‘zbekiston va Yangi Zelandiya tanlanganligi bizga qorong‘u. Nima bo‘lganda ham mart oyidagi oltinga teng FIFA kuni ko‘kka sovurilganligi afsuslanarli holdir".
Otabek Yo‘ldoshev
Janubiy Koreya, Seul
Manba: www.stadion.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing