20:20 / 10.09.2020
3 123

“Dinamo Kiyev” Yaxshiboyevni nishonga oldi, u Shatskix o‘rnini bosishi kerak!

“Dinamo Kiyev” Yaxshiboyevni nishonga oldi, u Shatskix o‘rnini bosishi kerak!
Ukraina ommaviy axborot vositalari mamlakatning yetakchi klublaridan biri – Kiyevning “Dinamo”si Belarus chempionatida to‘purarlik mahoratini namoyish etayotgan Jasur Yaxshiboyevga jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida bong urmoqda.

Ukraina matbuotiga ko‘ra, mashhur klub rahbariyatini o‘zbek legionerining ko‘p gol urayotgani va shu bilan birga assistentlik qobiliyati jiddiy qiziq tirib qo‘ygan. U Soligorskning “Shaxtyor” jamoasi tarkibida barcha turnirlarda sakkizta uchrashuvda beshta gol urdi va ikki marta golli pas uzatdi. Ungacha Minskning “Energetik-BGU” jamoasi safida 14 ta o‘yinda raqiblar darvozasini to‘qqiz marotaba aniq nishonga olgan va uchta golli pas muallifi bo‘lgan edi.

“Dinamo” ayni paytda Belarus chempionatining eng yaxshi to‘purari va eng foydali futbolchisi bo‘lib turgan 23 yoshli futbolchimizning transferini kelasi yil yozda amalga oshirishni maqsad qilgan. Ungacha kiyevlik mutaxassislar Jasur Yaxshiboyevning o‘yinini sinchkovlik bilan kuzatib boradi.

Jasur Yaxshiboyevning o‘zi Belarus chempionatiga kelishdan maqsad Yevropa futbolidan chorlov olish ekanini ta’kidlagan edi. Hozircha, iste’dodli futbolchimiz o‘z mahorati va to‘purarlik qobiliyati bilan mutaxassislar e’tiboriga tushmoqda. Xususan, chempionatni ijara asosida o‘rtamiyona “Energetik-BGU”da boshlagan hamyurtimiz, birinchi davra yakunlanmay turib, Belarusning eng kuchli klublaridan taklif oldi va oxir-oqibat chempionlikka asosiy da’vogarlardan bo‘lgan “Shaxtyor”ga ko‘chib o‘tdi. Soligorsk jamoasi safida ham Jasur Yaxshiboyev qisqa fursatda yetakchilikni o‘z qo‘liga oldi.

Jasur Yaxshiboyevga e’tibor qaratgan “Dinamo” Kiyev uning timsolida “yangi Shatskix”ni ko‘rayotgan bo‘lsa ajabmas. Chunki O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida eng ko‘p gol urgan hujumchi Maksim Shatskix “Dinamo” tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Mohir hujum klub tarixida to‘purar ro‘yxatida Oleg Bloxin va Sergey Rebrovdan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Maksim kiyevliklar uchun barcha turnirlarda 142 ta gol urgan. Olti karra Ukraina chempioni, ikki bor to‘purarlar bahsi g‘olibi, ikki marotaba Superkubok sohibi bo‘lgan va yana qator jamoaviy hamda shaxsiy yutuqlarni qo‘lga kiritgan.

Maksim Shatskix nafaqat “Dinamo” balki Ukraina futbolida ham yuqori natijalar qayd eta olgan futbolchi sifatida hurmat qozongan. Hamyurtimiz Ukraina chempionatlarida eng ko‘p – 124 ta gol urgan va bu borada rekord egasi hisoblanadi. Shatskix ushbu mamlakatda “Dinamo”dan tashqari “Arsenal”, “Chernomores”, “Goverla” va “Rux” jamoalarida ham to‘p surgan.

Shatskix 2012 yilda Ukraina jamoalarida 100 ta gol urgan futbolchi sifatida Oleg Bloxin ramziy klubiga qabul qilindi. Umuman olganda, hujumchimiz bu yurt jamoalari uchun jami 171 ta to‘p kiritgan.

Shuningdek, o‘zbekistonlik futbolchi Ukraina futboli tarixida raqiblar darvozasini yuz marta ishg‘ol qilgan birinchi legioner hisoblanadi va uning bu natijasi sharafiga xorijlik to‘purarlar uchun Maksim Shatskix klubi tashkil etilgan.

Jasur Yaxshiboyev esa hali bir yil davomida o‘z o‘yini bilan nafaqat “Dinamo Kiyev” balki boshqa jamoalarning ham e’tiborini qozonishiga ishonamiz!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Dinamo Kiyev” Yaxshiboyevni nishonga oldi, u Shatskix o‘rnini bosishi kerak!