15:35 / 09.10.2020
4 300

Calciomercato: Shomurodov Messi emas!

Calciomercato: Shomurodov Messi emas!
Hamyurtimiz Eldor Shomurodovning “Jenoa” safiga o‘tishi italiyalik jurnalistlar, futbol jamoatchiligi va keng muxlislar e’tibori markazida bo‘lib turibdi. Genuyaliklar jahon futboliga bir qator katta nomli hujumchilarni yetkazib bergan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda ular ayni shu pozitsiyada harakat qiluvchi futbolchi masalasida qiyinchilikka uchramoqda.

Jamoaning necha yillik hujumchisi Goran Pandev allaqachon 37 yoshda. Mattia Destro o‘tgan mavsum 8 ta uchrashuvda maydonga tushib, birorta gol urishni uddalay olmadi. Italyan OAV ichida eng katta obro‘ga ega bo‘lgan nashrlardan biri hisoblangan “Calciomercato” so‘nggi paytlarda internet saytlarida Shomurodovning “o‘zbek Messisi” deya e’tirof etilishiga munosabat bildirdi.

“Ushbu laqab uning tashqi ko‘rinishini ko‘rganimizdayoq, noo‘rindek tuyuldi. Ikki futbolchi o‘rtasida jismoniy jihatdan o‘xshashlik mavjud emas. Shomurodovni texnik imkoniyatlar va xatti-harakatlari tomonidan ham argentinalik futbol yulduziga mengzay olmaymiz. Markaziy hujumchi pozitsiyasi vakili 190 santimetr bo‘y va 90 kilogrammga yaqin vazni bilan Leoning harakatlarini takrorlashi qiyin masala.
Ko‘rib turganingizdek, ikki hujumchi o‘rtasida o‘xshashlik deyarli yo‘q. Jismoniy jihatdan ko‘rishimiz mumkinki, o‘zbekistonlik futbolchi klassik markaziy hujumchi. U bosh bilan yaxshi harakat qila oladi. Demak, uni Messiga emas, ko‘proq Ibragimovichga o‘xshatish o‘rinli bo‘ladi.

Rossiyada ko‘rsatgan 3 yillik ajoyib o‘yinlari tarixda qolib ketdi. Endi Yevropaning qoq markazida o‘zini ko‘rsatishi, nimalarga qodirligini isbotlashi zarur. A Seriya dunyodagi eng chiroyli chempionatlardan biri sifatida uni o‘ziga tortgan bo‘lishi mumkin. Ammo u shuni ham bilib qo‘yishi lozimki, Apennin yarimoroli markaziy hujumchilar uchun ancha qiyin joy. A Seriya kuchli hujumchilarni juda ko‘p marotaba tarbiyalab chiqargan.

Ammo katta nom bilan ushbu birinchilikka qadam qo‘ygan bir qator futbolchilar tez orada raqobatga dosh berolmaganini yaxshi eslaymiz. Shomurodov raqobat va qiyinchiliklardan qo‘rqadigan yigit emas. Uning hujumchilik mahoratiga shubha bildirishdan yiroqmiz. Ammo uni Messiga solishtiradigan jihatlari yo‘q. O‘zbekistonlik futbolchi ko‘proq Ibragimovichni yodga soladi”.

Yuqorida “Calciomercato”ning maqolasi to‘liq tarjima shaklida e’tiboringizga havola etildi. Biz hamyurtimizga ishonamiz, uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Uni alqovchi materiallar qatori mana shunday tanqidiy maqolalarning chiqishi ham quvonarli. Ayniqsa, butun futbol olamida mashhur saytlardan biri O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisiga e’tibor qaratibdimi, demak unda bunga arziydigan hislatlar ham bor.

Keling, ochig‘ini tan olaylik! Yuqorida aytilganidek, Eldorni argentinalik tirik afsonaga qiyoslash uchun sabablar juda kam. Ammo “Calciomercato” taqdim etgan variant - Ibragimovich ham top-klassli hujumchi. Va Shomurodov u kabi o‘yin ko‘rsata olsa, bu biz uchun xursandchilikdan boshqa narsa bo‘lmaydi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Calciomercato: Shomurodov Messi emas!