07:35 / 23.10.2020
1 893

Marko Stanoyevich: “AGMKga deyarli imkoniyat qoldirmadik”

Marko Stanoyevich: “AGMKga deyarli imkoniyat qoldirmadik”
Foto: championat.asia
Coca Cola Superliga 20-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – AGMK uchrashuvi shiddatlarga va kurashlarga boy tarzda o‘tdi.
Markaziy maqomni olgan ushbu uchrashuvda Marko Stanoyevich va Oybek Bozorovning gollari “Nasaf”ga muhim bo‘lgan g‘alabani taqdim qildi. Mazkur bahsdan so‘ng mehmonlar darvozasiga urilgan birinchi gol muallifi serbiyalik Marko Stanoyevichning fikrlari bilan qiziqdik.

- Avvalo g‘alaba bilan tabriklaymiz. Darhaqiqat, AGMK darvozasiga urgan golingiz ajoyib chiqdi. Keling dastlab o‘yin haqidagi fikr va taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
- Kuchli raqiblar bilan o‘yinlar doimo qiziqarli kechadi. Jamoamiz kecha yaxshi o‘yin namoyish etdi va raqibga deyarli imkoniyat qoldirmadi. Bizda gol urish uchun yana bir nechta qulay vaziyatlar yuzaga keldi. Lekin, bu hozir muhim emas. Eng asosiysi biz chiroyli o‘yin ko‘rsatdik va muhim bo‘lgan uch ochkoga ega chiqdik.

- “Buxoro” bilan kechgan qiyin uchrashuvdan so‘ng tiklanish jarayoni qanday kechdi? Chunki, jamoa ko‘p kuch yo‘qotgan edi...
- “Buxoro”ga qarshi bahsda biz yaratgan vaziyatlardan foydalana olmadik. To‘g‘risi, biz uchun bu o‘yin oson o‘tmagandi. Lekin, oldimizda turgan o‘yinga munosib tayyorgarlik ko‘rdik. Bu bizga yanada ko‘proq ishlashimizga va xatolarimiz ustida mehnat qilishmizga imkon berdi. AGMK bilan uchrashuvga juda ham jiddiy hozirlik olib bordik.

- Birinchi davrada Olmaliqda kechgan o‘yin va kechagi uchrashuv o‘rtasida qanday farqni ko‘rdingiz? Birinchi davrada ham AGMKga ajoyib gol urgan edingiz va buni kecha ham takrorlashni uddasidan chiqdingiz...
- Ikkita bellashuv ham qiziqarli o‘tdi deya olaman. Biz uchun natija va chiroyli o‘yin muhim hisoblanardi. Bizning buning ustida yanada ko‘proq ishlashimiz lozim.

- Endilikda “Nasaf” jamoasi oldida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritish uchun ajoyib imkoniyat yuzaga keldi. Lekin, keyingi o‘yinlar bundanda qiyin bo‘lishi tabiiy. Shuningdek, so‘nggi to‘rt tur markazlashgan holatda o‘tishi aytilmoqda...
- Oldinda qiyin to‘qnashuvlar kutmoqda. Biz hozirda navbatdagi uchrashuv haqida o‘ylamoqdamiz. Jamoamiz uchun har bir bahs muhim va keraklidir.

- Olmaliqliklar darvozasiga jarimadan urgan golingizni kimga bag‘ishladingiz?
- Men har doim gollarimni oilamga bag‘ishlaganman. Kecha ham urgan golimni oilamga bag‘ishladim.

- AGMK jamoasi deyarli barcha uchrashuvlarda ikkinchi bo‘lim va so‘nggi daqiqalardagi faollik hisobiga g‘alaba yoki durang natijani qayd etib kelayotgan edi. Murabbiy bu borada qanday ko‘rsatmalar berdi?
- Biz oxirgi daqiqaga qadar yaxshi o‘ynashga harakat qildik. Shu bois raqib o‘z o‘yinini ko‘rsatishga qiynaldi. Yuqorida aytganimdek bu o‘yinga har doimgidan ham jiddiyroq tayyorgarlik ko‘rdik. Murabbiy kerakli ko‘rsatmalarni berdi. Muxlislarimizga qo‘llab-quvvatlashgani uchun minnatdorchilik bildiraman.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Marko Stanoyevich: “AGMKga deyarli imkoniyat qoldirmadik”