14:30 / 16.11.2020
4 037

Yaxshiboyevga Yevropa chempionlar ligasining doimiy ishtirokchisi xaridor bo‘lmoqda

Yaxshiboyevga Yevropa chempionlar ligasining doimiy ishtirokchisi xaridor bo‘lmoqda
Belarus chempionati oliy ligasida sermahsul o‘yinlari bilan ajralib turgan Jasurbek Yaxshiboyevga hozirdan xaridorlar chiqa boshladi.
Jasur Yaxshiboyev yaqinda sports.uz saytiga bergan intervyusida mavsum yakunlangach, “Shaxtyor” tarkibida qolishi aniq emasligini va maqsadi boshqa klublarga o‘tish ekanini ma’lum qilgan edi.

Belaruslik sharhlovchi Vladislav Tatur o‘zining telegram-kanalida Qozog‘iston chempioni “Astana” o‘zbekistonlik to‘purarga jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida ma’lum qildi.

- Jasur Yaxshiboyev kelasi mavsumni Belarus oliy ligasida o‘tkazishi aniq emas. Unga “Astana”dan jiddiy chorlov bo‘lmoqda, - deb yozadi Tatur.

Biroq, qozog‘istonlik jurnalist Oydin Kojaxmet o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali vaziyat sal boshqacharoq ekani haqida ma’lumot berdi.
- Mendagi ma’lumotlarga qaraganda, vaziyat sal boshqacha. Bilishimcha, Jasurning vakillari uni olishni “Astana”ga taklif qilgan. Yaxshiboyevni transfer summasi poytaxt klubiga qimmatlik qiladi, - deydi Oydin Kojaxmet.

Shu o‘rinda, “Astan” qozoq futbolining keyingi yillardagi haqiqiy lideri ekanini alohida ta’kidlash joiz. 2009 yilda tashkil etilgan bu klub milliy chempionatda ikki marotaba kumush medalni qo‘lga kiritganidan keyin, olti yildan buyon chempionlikni hech kimga bermay kelmoqda.

Bundan tashqari, Nur-Sulton shahri sharafini himoya qilayotgan “Astana” uch karra mamlakat kubogi va besh karra Superkubok sohibi bo‘lgan. “Astana” futbolchilari 2013 yildan buyon Yevrokubok musobaqalarida uzluksiz ishtirok etib kelmoqda.

Jasur Yaxshiboyev “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq, toshkentliklar bosh murabbiyi Shota Arveladze iste’dodli futbolchini jamoada olib qolmadi. U ma’lum muddat boshqa jamoalarda ijarada o‘ynaganidan keyin 2020 yilning boshida Belarus chempionatiga o‘tib ketdi.

Ilk bor legioner sifatida to‘p tepgan Jasur Yaxshiboyev “Energetik-BGU” tarkibida to‘purarlik mahoratini namoyish etdi. Uning gollari evaziga minsklik talabalar jamoasi birinchi davrani yetakchilar qatorida yakunlandi. Davralar oralig‘idagi tanaffusda Jasur Belarusning eng kuchli klublaridan hisoblangan Soligorskning “Shaxtyor” jamoasiga o‘tdi. Jasur Soligorsk klubiga yo‘l olganidan keyin”Energetik-BGU”ning g‘alaba qozonishi qiyinlashib qoldi va jamoa musobaqa jadvalida pastlab ketdi.

O‘zbekistonlik legioner qisqa muddatda yangi jamoasida ham haqiqiy yetakchiga aylandi. Ayni paytda “Shaxtyor” mamlakat chempionligi uchun kurashda BATE bilan kurashmoqda.Jasur Yaxshiboyev esa to‘purarlar poygasida BATE hujumchisi Maksim Skavish bilan raqobatga kirishgan.

Jasur Yaxshiboyev jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatlarda Belarus chempionati uning Yevropa futboliga kirishida muhim poydevor bo‘lishini, asl maqsadi kuchli ligalarda o‘ynash ekanini ta’kidlagan.

Albatta, Jasurning “Astana”ga o‘tishi hali noma’lum. Biroq, bu xabarning o‘zi futbolchimizga xorij jamoalari va seleksionerlari tomonidan e’tibor borligini isbotlaydi. Chunki, Jasur Yaxshiboyev Ukrainaning ko‘p karra chempioni – Kiyevning “Dinamo” jamoasi nishonida ham turibdi. Yozgi transferlar mavsumida “Dinamo” mutaxassislari bir yil davomida Jasur Yaxshiboyevning o‘yinini kuzatishi va 2021 yilning yozida uni Kiyevga olib kelish bo‘yicha ish boshlanishi xabar qilingan edi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu endi boshlanishi. Yaxshiboyev o‘zini ko‘rsatishda va gol urishda davom etar ekan, uning xaridorlari soni va darajasi oshib boraveradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yaxshiboyevga Yevropa chempionlar ligasining doimiy ishtirokchisi xaridor bo‘lmoqda