20:12 / 25.11.2020
3 395

"Paxtakor" tor-mor keltirilgan o‘yindan so‘ng Ro‘ziqul Berdiyev nimalar dedi?

"Paxtakor" tor-mor keltirilgan o‘yindan so‘ng Ro‘ziqul Berdiyev nimalar dedi?
Superliganing 24-turidan o‘rin olgan «Nasaf» - «Paxtakor» uchrashuvidan so‘ng qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev uchrashuv haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Chempionni mag‘lubiyatga uchratib medallarga egalik qilish ikki hissa yoqimli. Faqat qaysi medalga ega chiqishimizni keyin ikki tur hal qiladi. Barchani g‘alaba bilan tabriklayman. Futbolchilar katta mehnat qilishdi, buning uchun ularga katta rahmat aytaman. O‘ylaymanki, bugun o‘yinda to‘liq ustunlik qildik. Vaziyatlarni hisobga olsak ham bu yaqqol namoyon bo‘ladi. Ushbu uchrashuvga yigitlar ruhan juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgandi. Medallar yutish o‘z qo‘limizda edi. O‘tgan turdagi mag‘lubiyatdan keyin bugun muxlislarimiz ko‘z o‘ngida munosib va chiroyli o‘yin ko‘rsatishimiz kerak edi. Jamoamiz mahorat ham ishtiyoq ko‘rsatdi va tartibli o‘ynadi. "Paxtakor” jamoasi chempion. Ular bunga haqli ravishda erishdi. Lekin bugun o‘yinda biz chempiondan ustun harakat qildik.

- Agar Jizzaxda kerakli natija qayd etilganida shunday natija bo‘larmidi?
- «Sug‘diyona» bilan o‘yindan oldin 10ta uchrashuvda mag‘lub bo‘lmagan edik. Nega shunday savol bermadingiz? (kuladi). Bitta mag‘lubiyatga uchraganimizga darhol shu savolni berdingiz. Albatta bu hazil. Mag‘lubiyatni jiddiy qabul qildik. G‘alabadan xursandmiz. Mag‘lubiyat bugungi o‘yinga motivatsiya bergandir. Jizzaxdagi mag‘lubiyatning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Oraliqdagi katta tanaffusdan so‘ng o‘yin o‘tkazdik. Terma jamoa futbolchilari o‘yin kuni yetib kelgan edi. Jarohatlar ham ta’sir qildi. Bu bahona emas.

- Raqib bosh murabbiyi «Nasaf»ning barcha futbolchilar yoqqanini aytdi. Bu xavotirli javob emasmi?
- O‘ylantirib qo‘ydingiz. Rahbariyat bilan gaplashib jamoani o‘zagini saqlab qolishga harakat qilamiz. Orada 1-2 yil o‘tdi va yana jamoamiz shakllanib oldi. Yigitlar o‘sishda davom etmoqda. O‘ziga bo‘lgan ishonchi ortmoqda. Shu futbolchilarni saqlab qolib yana bir nechta tajribali futbolchilarni qo‘shsak katta maqsadlarni qo‘ya olamiz. Hech bir futbolchida pasayish ko‘rmadim.

- Moliyaviy qiyinchiliklar bartaraf etildimi?
- Qisman bartaraf etilmoqda. Bu muammo o‘z yechimini topadi.

- «Nasaf» yana bitta g‘alaba qozonsa ikkinchi o‘rinni naqd qiladi. Litsenziyalash jarayoni qanday ketmoqda?
- Biz boshqatdan kerakli hujjatlarni taqdim qilishimiz kerak bo‘ladi. Bu borada jamoamizga topshiriq berilgan, zarur hujjatlarni taqdim etishimiz lozim. Chunki bizda barcha sharoitlar bor. Qayerdadir e’tiborsizlik bo‘lgan. Bu narsani o‘zim ham kutmagan edim. Boisi har yili birinchilardan bo‘lib litsenziyalash hujjatlarini topshirar edik. Lekin bu yil e’tiborsizlik yuz berdi. Tasavvur qiling yosh jamoamiz OCHLda o‘ynasa bu katta tajriba bo‘lardi.

- Bugun uch nafar himoyachi bilan jamoangiz harakat qildi. Bu ikki o‘yindan beri kuzatilmoqda. Qay darajada o‘xshamoqda?
- Maydonda uchta markaziy himoyachi borligiga qaramasdan 4-3-3 sxemasida o‘ynadik. Bu joylashtirishga bog‘liq. Jizzaxda 3-4-3 sxemasida o‘yinimiz qovushmadi. Bugun esa markaziy himoyachi rolida to‘p tepadigan G‘olib G‘aybullayevni qanotga qo‘ydik. Qanotda o‘ynaydigan futbolchilarimiz jarohati sabab ayrim o‘zgarishlarga qo‘l urdik. Jo‘rabek Mannonov bugun munosib to‘p tepdi. Mashg‘ulotlarimiz ko‘proq kombinatsion futbolga asoslangan. Yaxshi maydonda o‘ynayapmiz, balki shu sababli sifatsiz maydonlarda harakatlarimiz o‘xshamayotgan bo‘lsa kerak.«Mash’al» maydonida ikki bor o‘ynadik natija ijobiy bo‘lmadi. Faysal Traorening bugun tug‘ilgan kuni ekan. Shu sababli u bilan birga golni nishonlashdi. Oxirgi paytlarda belidagi jarohati sabab o‘yinlarni o‘tkazib yuborayotgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor" tor-mor keltirilgan o‘yindan so‘ng Ro‘ziqul Berdiyev nimalar dedi?