17:38 / 29.11.2020
2 150

APL taxti uchun kurash yoxud "eski tanish"larning tanish manzildagi bahsi (prevyu)

APL taxti uchun kurash yoxud "eski tanish"larning tanish manzildagi bahsi (prevyu)
«Chelsi» o‘z uyida hamshahari «Tottenhem»ni qabul qiladi. Ko‘p tomonlama muhim, qarama-qarshiliklarga boy hamda turnir jadvaliga ta’sir qila oladigan uchrashuv. APL peshqadamlari o‘rtasidagi o‘ta muhim bahs.

Angliya Premer-ligasining yangi mavsumi har yilgidan-da o‘zgacha boshlanganligi hech kimga sir emas. Pandemiya va uzoq tanaffusdan so‘ng, klublar futbolida o‘ta tig‘iz taqvimlar yuzaga keldi va bu barchaga jiddiy ta’sir qildi. Buning isboti sifatida yangi mavsum klublarning jarohatdagi futbolchilari soniga e’tibor berish kifoya.

Kuchli beshlik chempionatidagi deyarli har bir klubda eng kamida 3-4 tadan asosiy tarkib o‘yinchilari o‘z jamoalariga yordam bera olmayapti. Buning yorqin misoli sifatida, «Liverpul»ni keltirishimiz mumkin. Ushbu mavsumda «qizillar» tarkibining deyarli yarmi tig‘iz taqvim, qiyin o‘yinlar evaziga jarohatlar girdobiga tushib qolgan.

Bizning o‘yinda esa vaziyat u darajada qiyin emas. Shu tufayli, tengma-teng kurashlarga boy uchrashuv ko‘rishimiz aniq.

«Chelsi»
Ushbu jamoalar bu mavsumning o‘zida ikkinchi bor to‘qnash kelmoqda. Birinchi bahs sentabr oyidagi Liga kubogi o‘yini edi va unda Mourino jamoasi penaltilar seriyasida irodali g‘alabani qo‘lga kiritib, «Chelsi»ni turnirdan chiqarib yuborgan edi. Angliya Premer-ligasining ushbu mavsumdagi eng sermahsul jamoasi bo‘lib turgan Londonning «Chelsi» klubi o‘tgan 9 turda 18 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi va ayni damda onlayn turnir jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi. U bilan bir xil miqdorda, 22 ta gol urgan «Liverpul» kechagi durangdan so‘ng 21 ochko bilan turnir peshqadami bo‘lib turibdi.

«Aristokratlar» yangi mavsumni katta-katta summadagi bir qancha transferlar bilan boshlab olgani hammamizga ma’lum. Transferlar uchun ajratilgan pullar hozircha o‘zini birin-ketin oqlamoqda, Lempard jamoasi o‘yindan o‘yinga ochilib, sermahsullik namoyish etmoqda. APL doirasidagi so‘nggi besh uchrashuvning 3 tasida g‘alaba va 2 tasida durang qayd etgan «ko‘klar» bugungi derbiga YECHLdagi irodali g‘alaba («Renn» 1:2 «Chelsi») bilan qaytmoqda. Shu sababli, ularning kayfiyati bugun a’lo. Bugun g‘alaba qozonadigan taqdirda «aristokratlar» turnir jadvalida 1-o‘ringa chiqib olishlari tayin. Bu esa futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya bo‘lishi aniq.

«Chelsi» 2018-19 yilgi mavsum boshidan beri o‘z uyidagi barcha 8 London derbisida g‘alaba qozonib kelmoqda, bu seriya yana davom etadimi yoki yo‘q, buni bugun guvohi bo‘lamiz. Bundan tashqari, klubning jarohatdagi o‘yinchilarining barchasi tiklanishgan, shu tufayli bugun Lempardda tanlov imkoniyati ancha ko‘proq. Pulishich va Xaverts yaqindagina tiklanishgani bois Lempard bugun ularni 1 taymdan ko‘p o‘ynatmasa kerak.

Taxminiy tarkib: Mendi, Jeyms, Zuma, Silva, Chilluel, Kovachich, Kante, Maunt, Ziyesh, Abraham, Verner.

“Tottenhem”
“Ludogores”ga qarshi o‘yindagi g‘aroyib ko‘rsatkich bir tarafdan yaxshi, bir tarafdan yomon taassurot qoldirmoqda. 24 ta zarba bergan holda, birorta hujum o‘tkazib yubormaslik yazshi holat. Ammo ularning 2 tasinigina golga aylantirish muammoli vaziyat. Ha, Mourino aralash tarkibda o‘ynadi. Ammo o‘zi aytib o‘tganidek: “Futbolchilarning o‘yini g‘alaba uchun yetarli bo‘ldi, biroq qoniqarli emas”. Uzoq yillar mobaynida APL g‘olibligi uchun kurashib kelayotgan “shporlar” uchun ayni paytda misli ko‘rilmagan ajoyib imkoniyat bor. Ketma-ket markaziy uchrashuvlarda g‘alaba qozonib kelayotgani uchun ham bunday fikrlarni ilgari surmoqdamiz .Shuningdek, Jozeda yangi klubi safidagi ikkinchi mavsumni super tarzda o‘tkazish odati mavjud.

London derbisida markaziy himoya vakili Tobi Alderveyreld o‘z jamoasiga yordam bera olmaydi. Uning o‘rnini yosh alternativlar Tanganga yoki Rodon to‘ldirishi mumkin. Yevropa Ligasi 4-turi doirasida bu ishni Rodon bajardi. Mudofaa markazidagi muammo “Tottenhem”da surunkali hisoblanadi. Shu sababdan ham, tayanch yarim himoyachisi Erik Dayer himoyaga moslashtirilgan.

Bugungi g‘alaba har ikkala jamoani bevosita birinchi pog‘onaga olib chiqadi. Demakki, o‘yinning qiymati yana bir karra yuqori.

Taxminiy tarkib: Loris, Regilon, Dayer, Rodon, Ore, Xyoyberg, Sissoko, Bergveyn, Son, Ndombele, Keyn.

Murabbiylar
Frenk Lempard:O‘tgan mavsum “Tottenhem”ga qarshi ikkita g‘alabali o‘yin o‘tkazishga erishgandik. U davrdagi natijalar bugungisidan mutlaq farq qilishi aniq. Biz mavsum yakuni arafasidagi uchrashuvda birinchi taymdni o‘z foydamizga hal qilgandik. Ikkinchi bo‘lim haqida esa bunday deya olmaymiz.

Men o‘z jamoamning kuchli tomonlaridan unumli foydalanishga harakat qilmoqdaman. Unutmasligimiz kerakki, biz juda yaxshi formadagi “Tottenhem”ga qarshi o‘yin o‘tkazamiz
”.

Joze Mourino:Bir nechta yetakchilarning maydonga qaytishi haqida gapiradigan bo‘lsam, umid qilamanki, barchasi biz kutgandek ko‘rinish oladi. Ammo ularning sog‘lig‘i bilan tavakkal qilishni istamayman. Ular men xohlagan taqdirimda, maydonga tushishga tayyor. Biroq 12 ta futbolchi zaxirada o‘tirar ekan, sizda keng tanlovlar bo‘ladi. Menda har bir pozitsiyada alternativlar bor. “Stemford Bridj”ga qaytish yangilik emas. Bu men g‘alaba qozonishni istaydigan navbatdagi o‘yin, xolos”.

Xulosa o‘rnida
Joze Mourino shogirdlari raqib maydoniga o‘zgacha shiddat bilan tashrif buyurmoqda. Birinchi turdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, ular deyarli barcha uchrashuvlarda o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan natijalarni qo‘lga kiritib kelyapti. Mag‘lub etilgan raqiblar orasida Manchesterning har ikkala jamoasi borligi ularda o‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada oshirib berishi tabiiy.

“Chelsi” esa Chempionlar Ligasi havosidan nafas olib kelmoqda. “Renn” maydonidan irodali g‘alaba bilan qaytish ularga ikki xil ta’sir o‘tkazishi mumkin. Birinchisi, ruhiyat juda ham ko‘tarilib ketishi aniq. Boshqa tarafdan, so‘nggi daqiqalargacha davom etgan yuqori temp ularni biroz holdan toydirgan bo‘lishi mumkin.

Kichik ustunlik mehmonlarda. Ammo barchasi maydonda hal bo‘ladi. Birgalikda kuzatamiz.

Abdulla Mannonov tayyorladi

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » APL taxti uchun kurash yoxud "eski tanish"larning tanish manzildagi bahsi (prevyu)