17:30 / 01.12.2020
2 543

Andrey Shipilovga takliflar bor, u "Metallurg"dan ketadimi?

Andrey Shipilovga takliflar bor, u "Metallurg"dan ketadimi?
“Metallurg” jamoasi Superligada o‘z o‘rnini topa oldi. Bosh murabbiylikka Andrey Shipilov kelganidan keyin klubni yana raqobatbardosh darajaga ko‘tara oldi. Muhimi, u o‘zidagi murabbiylik salohiyatini ko‘rsata oldi.

Ilgari “Paxtakor”da jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlab yurgan kezlarida keyinchalik uning bosh murabbiylikka o‘tib o‘zidan yaxshi taassurot qoldirishini ko‘pchilik o‘ylamagan bo‘lsa kerak. “Metallurg”dagi faoliyati esa Shipilovning tashrif qog‘oziga aylangan bo‘lsa ham ajablanmaymiz. U sports.uz uchun ayrim masalalar bo‘yicha o‘zining fikr va mulohazalarini bildirdi.

- Andrey Sergeyevich, “Metallurg” ketma-ket ikki yil davomida 5-o‘rinni egalladi. Bu yil esa ko‘pi bilan 6-pog‘onani band eta olishi mumkin. Bu yilgi vazifani qanchalik uddalay olyapsiz?
- Afsuski, bugungi holatimiz va musobaqa jadvalidagi mavqeimiz bizning mavsumni 5-o‘rinda yakunlashimizga imkon bermaydi. Shak-shubhasiz, bu bizning musobaqa jadvalidagi haqiqiy o‘rnimiz emas.

- Oldinda O‘zbekiston Kubogi o‘yinlari ham turibdi. Kubokni yutish rejaga kiritilganmi?
- O‘zbekiston Kubogini hali o‘ylayotganimiz yo‘q. Butun fikru-zikrimiz chempionatni munosib tarzda yakunlab olishdan iborat.

- Joriy yilgi mavsum dekabr oyida ham davom ettiriladi. Odatda, ushbu oyning o‘rtalaridan yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish ishlari boshlanardi. Shundan kelib chiqib, qanday reja tuzmoqchisiz?
- Bu borada bizda hech qanday muammo yo‘q. Avvalo va eng asosiysi, tayyorgarlik rejasini ko‘ngildagidek tuzib olish. Ishni esa har qanday sharoitda bajarsa bo‘ladi.

- Sizningcha, Superligani kim tark etadi?
- Bu mavzuni muhokama qilish men uchun unchalik qiziqarli emas.

- “Metallurg”dagi uchinchi yilingiz ham tugayapti. Yangi chaqiruvlarga qiziqyapsizmi yoki Bekobodda qolmoqchimisiz?
- Oldingi uchta mavsumni juda samarali o‘tkazdik. Hammasi reja asosida ketyapti. Hali mavsum o‘z poyoniga yetgani yo‘q. Bundan keyin yana bitta turnir bor.

- Umuman, klubda shuncha payt davomida o‘zim o‘ylagan barcha ishlarni bajardim, deb ayta olasizmi?
- Faoliyatimning uch yilini Bekoboddagi ishga bag‘ishladim. Rostmana va haqqoniy ishlaganimiz uchun ham o‘z oldimizga muayyan vazifalarni qo‘ya oldik. Shu paytgacha amalga oshirgan ishlar yaxshi bo‘ldi deb hisoblayman.

- Eshitishimcha, sizga yaxshi takliflar bor ekan. Shu rostmi?
- Albatta, takliflar bor, buni yashirib o‘tirmayman. 2019 yildayoq menga takliflar kela boshlagandi. Hozir ham takliflarni olib turibman. Menga Bekobodda ishlash juda qulay bo‘lyapti. Bu yerda ishlash uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Bu yerda shunchaki aravani quruq olib qochuvchilar emas, balki o‘z ishining haqiqiy professionallari mehnat qilyapti. Bu yerda hech kim katta gapirmaydi, balki o‘z ishini iloji boricha yaxshiroq bajarishga intiladi. Bizda hamma ish Bekobod shahri manfaatlari uchun amalga oshirilyapti. 3-5 yil ichida “Metallurg” o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yadigan joyga aylandi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Andrey Shipilovga takliflar bor, u "Metallurg"dan ketadimi?