Prezident «O‘zbekfilm»da milliy kino merosi haqida gapirdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekfilm» kinostudiyasida kinoijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Davlat rahbari ushbu maskanda milliy kino tarixi, bir necha avlod ijodkorlarining mehnati va xalqimizning orzu-intilishlari aks etganini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident «Mahallada duv-duv gap», «O‘tgan kunlar», «Shum bola», «Chinor ostidagi duel» va «Suyunchi» kabi filmlar milliy madaniyatimizning muhim qismiga aylanganini qayd etdi. Ulardagi lavhalar, qahramonlar va kuylar tomoshabinlarga bolaligi, ota-bobolari hamda qadrdon mahallalarini eslatishi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, o‘tmishdagi siyosiy va mafkuraviy bosimlarga qaramay, o‘zbek kinoijodkorlari milliy ruhni aks ettirgan asarlarni yaratishga muvaffaq bo‘lgan.
Milliy kino maktabi mustaqillik yillarida ham davom etdi. Bu davrda «Abdullajon», «Otamdan qolgan dalalar», «Dilxiroj», «Vatan» va «O‘tov» kabi filmlar suratga olindi.
Prezident, shuningdek, so‘nggi yillarda kino sohasini rivojlantirish, kinostudiyani tiklash va ijodkorlar uchun sharoit yaratishga e’tibor qaratilganini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, «O‘zbekfilm» to‘liq rekonstruksiya qilingan, milliy kinoni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilgan.

2016 yilda filmlar suratga olish uchun davlat budjetidan 10 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 218 milliard so‘mni tashkil etdi.






























Izohlar 0
…