23:15 / 04.12.2020
3 651

Kutilmagan yangilik. Tedesko O‘runovdan voz kechdi!

Kutilmagan yangilik. Tedesko O‘runovdan voz kechdi!
“Spartak” rahbariyatidagi o‘zgarishlar Oston O‘runovning faoliyatiga ta’sir qiladigan bo‘ldi. Ma’lumki, Oston O‘runovni Toshkentning “Lokomotiv”idan “Ufa”ga olib o‘tgan va keyinchalik yozgi transferlar mavsumida “Spartak”ga joylashtirgan Shamil Gazizovning vakolatlari olingan edi. “Spartak” klubi rahbariyati “Ufa”dan bosh direktorlikka olib kelingan Shamil Gazizovning transfer siyosatidan umuman qoniqmadi.

Bu mutaxassis faqatgina “o‘zining futbolchisi” bo‘lgan Oston O‘runovning transferini sotib oldi, xolos. Yulduzli onlari ortda qolgan Aleksandr Kokorinni erkin agent sifatida jamoaga qabul qilib, yiliga 3 million yevrodan ortiq maosh belgiladi. Keyinroq, “Chelsi”dan Viktor Mozesni ijaraga olgani ham Gazizovni qutqara olmadi. “Spartak” rahbariyati va muxlislari kutgan transferlar amalga oshirilmadi.

Gazizovning ish uslubi va natijalari jamoa bosh murabbiyi Domeniko Tedesko va klub prezidenti Leonid Fedunning hamrohi Zarema Salixovaga ham ma’qul kelmadi. Zarema klub rahbarining ishonchidan foydalanib, seleksiya ishlarida hal qiluvchi qarorlarni qabul qilishi bilan tanilganini ta’kidlash joiz.

Xullas, Gazizovning “Spartak”ga begona ekani bilinib qoldi va “spartakchilar”ga qoni qo‘shilmadi.

Klub rahbariyati vaziyatni o‘nglash uchun sobiq sport direktori Dmitriy Popovni bo‘sh turgan lavozimiga qaytarib, Gazizovning asosiy vakolatlarini unga topshirdi. Xususan, “Spartak”ning transfer siyosatini bundan keyin aynan Popov yuritadi. Vakolatlar o‘zgarishi Shamil Gazizovni qoniqtirmadi va o‘tkazilgan muzokaralarga qaramay, u klubni tark etishga qaror qildi.

Albatta, Gazizovning bu qarori u olib kelgan Oston O‘runovga ham ta’sir qilishi kutilgandi. Shamil Gazizovning o‘zi ham yangi sport direktori kelganidan keyin bergan intervyusida Oston O‘runov katta ehtimol bilan qishda boshqa jamoaga o‘tishi mumkinligini alohida ta’kidlagan edi.

Mana amalda ham shunday bo‘lib chiqyapti.

Shamil Gazizov davrida Oston O‘runovning iste’dodini maqtab, yosh futbolchiga katta jamoaga moslashish uchun qancha vaqt va imkoniyat talab etilsa, taqdim etilishini va’da qilgan Domeniko Tedesko vaziyatdan foydalanib, darrov o‘zbek futbolchisidan qutilish harakatiga tushdi.

Nufuzli manbalardan biri – euro-football.ru sayti tarqatgan ma’lumotga qaraganda, germaniyalik mutaxassisning shaxsan o‘zi sport direktori Dmitriy Popovdan qishki transferlar vaqtida o‘zbekistonlik futbolchiga boshqa jamoa topishni so‘ragan. Buning ortidan, “Spartak” yanvarda O‘runovni ijaraga berishi aniq bo‘ldi.

Hozircha, hamyurtimizga premer-liganing asosan musobaqa jadvalining ikkinchi qismidan joy olgan klublardan qiziqishlar bo‘layotgani aytilmoqda. Shuningdek, 19 yoshli futbolchimiz faoliyatini Vitaliy Denisov, Vagiz Galiulin va Bobir Davlatov o‘ynayotgan Milliy futbol ligasida davom ettirishi ham mumkin. Xabarlarlarga ko‘ra, Milliy futbol ligasining premer-ligaga chiqishga harakat qilayotan yetakchi jamoalari ham maydon markazida samarali o‘yin ko‘rsata oladigan Ostonga og‘iz solayotgan ekan.

Shu o‘rinda, Shamil Gazizov ham yangi takliflarni o‘rganib chiqmoqda. Xususan, bu mutaxassisga Moskvaning “Lokomotiv” klubidan bosh direktorlikni taklif qilishmoqda. Agar u biror klubga mustahkam joylashib olsa, O‘runovni ham unutmasa kerak.

“Spartak” sport direktori o‘zbekistonlik iqtidor egasiga yangi jamoadan ish topib berolmasa, futbolchimiz “Spartak-2” jamoasiga o‘tkaziladi va Milliy futbol ligasida o‘ynab, o‘z xatti-harakatlari bilan asosiy tarkibga qaytish uchun kurashishiga to‘g‘ri keladi. Bir so‘z bilan aytganda, endi katta ehtimol bilan Ostonni “Spartak”ning asosiy tarkibida ko‘rmaymiz.

Yozda “Ufa”dan 1,5 million yevro evaziga transfer qilingan Oston O‘runov shu kunga qadar “Spartak” uchun barcha turnirlarda yettita uchrashuvda maydonga tushdi va bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kutilmagan yangilik. Tedesko O‘runovdan voz kechdi!