17:34 / 06.12.2020
4 211

“Rubin” chorlayotgan O‘runov Gazizov va Tedesko o‘rtasida talash bo‘lyapti

“Rubin” chorlayotgan O‘runov Gazizov va Tedesko o‘rtasida talash bo‘lyapti
Yozda anchagina shov-shuv bo‘lgan Oston O‘runov qishki transferlar davrida ham futbol jamoatchiligining diqqat markazida bo‘ladigan ko‘rinadi. Bugun o‘zbek futbolchisi o‘yini orqali bo‘lmasa ham, atrofidagi intrigalar bilan Rossiya futbolining eng mashhur vakiliga aylanib qolgani hech kimga sir emas.

“Paxtakor”da tarbiyalanib, “Navbahor”da o‘yinchi sifatida shakllangan va “Lokomotiv”dan “Ufa”ga yo‘l olgan O‘runov Rossiyaga kelganidan buyon hammani o‘ziga qaratmoqda. Dastlab, ufaliklar tarkibidagi ajoyib o‘yinlar bilan e’tibor qozongan futbolchimizning yozda eng ko‘p muxlisga ega jamoaga ko‘chib o‘tgani ham rosa muhokama qilindi.

Oston darrov “Spartak”ning yetakchi o‘yinchisiga aylana olmagani tufayli juda katta bosim ostida qoldi. O‘zbek futbolchisining 19 yosh ekani, hali kelajagi oldindaligiga hech kim e’tibor qaratishni istamayapti.

Yosh futbolchidan “Spartak”dek qudratli jamoani o‘z ortidan ergashtirishni talab qilish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Hamon O‘runov bo‘yicha ikki xil qarash saqlanib turibdi. Bir guruh mutaxassislar va muxlislar o‘zbek futbolchisiga “Spartak”da “non” yo‘qligini aytmoqda. Boshqalari esa, unga imkon berish kerakligini va yaqin kelajakda o‘zini ko‘rsatishini, hali hech kim “Spartak”ga kelishi bilan birdaniga yulduz darajasida o‘ynay olmaganini ta’kidlamoqda.

Ostonni “Spartak”ga olib kelgan bosh direktor Shamil Gazizovning klubdan ketishi haqidagi xabarlar futbolchimiz faoliyatiga ta’sir qila boshlagani bor gap. Eng avvalo, Gazizov Moskva klubida vakolatlari olinganidan keyin o‘zining noyob topilmasini bu jamoada qoldirib ketmaydi. Bu mutaxassis “Rubin”dan taklif bo‘lganini tasdiqladi va ushbu transfer amalga oshishini istaydi.

Avvaliga yangi sport direktor Dmitriy Popovdan O‘runovga boshqa jamoa topishni so‘ragani aytilgan bosh murabbiy Domeniko Tedesko endi o‘zbek futbolchisiga ishonch bildirishini ta’kidlamoqda. “Spartak”ning “Tambov”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yinidan keyin germaniyalik mutaxassis Oston bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

- O‘runov “Spartak” o‘yinchisi. U shu yerda o‘ynab, o‘sishga erishishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, uning taqdirini “Spartak” rahbariyati hal qiladi. Oston chempion “Zenit”ga qarshi boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgandi. Bu mening unga ishonchim borligidan dalolat beradi.

Keyin ikki marta jarohat oldi. O‘runovning jarohatlari o‘zini ko‘rsatishiga xalaqit qildi. Hozir u mashg‘ulotlarda to‘liq kuch bilan ishlayapti. Biz unga ishonamiz. Oston o‘z mehnati bilan asosiy tarkibdan joy olishi kerak. “Spartak”da buni uddalash qiyin ekanini hamma biladi. Men futbolchiga atigi bir marta imkon beradigan murabbiy emasman. O‘runovning salohiyatiga ishonaman
, - dedi Tedesko.

O‘z navbatida, “Rubin” bosh direktori Rustem Saymanov o‘zbek futbolchisi klubning asosiy nishoni ekanini tasdiqlab, Ostonga boshlang‘ich tarkibdan joy berilishini kafolatlamoqda.

- “Rubin” haqiqatan O‘runov bo‘yicha “Spartak”ga taklif yuborganini tasdiqlayman. Biz bu o‘yinchiga jiddiy qiziqyapmiz. “Ufa”da o‘ynab yurgan vaqtida – “Spartak”ga o‘tishidan oldin ham taklif bergandik. Hozir Oston “Spartak”da muntazam o‘ynayotgani yo‘q. Biz unga taklif berdikmi, demak, O‘runov “Rubin”ga kerakli o‘yinchi.

Bu futbolchi 19 yoshda va unga o‘yin amaliyoti zarur. O‘runov hozirning o‘zida “Rubin”da asosiy tarkibda o‘ynayotgan bo‘lardi. Bizga o‘tsa, o‘yin vaqti kafolatlanadi
, - dedi Rustem Saymanov.

Jurnalistlar O‘runov atrofidagi gap-so‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida “Spartak” klubi rahbari Leonid Fedunga ham murojaat qildi. Klub aksioneri bu masala yechimi tez orada hal bo‘lishini ta’kidlab, savolga ochiq javob bermadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Rubin” chorlayotgan O‘runov Gazizov va Tedesko o‘rtasida talash bo‘lyapti