16:13 / 23.12.2020
2 777

Bozorov, Turg‘unboyev, Erkinov - “Paxtakor”da Masharipovning o‘rnini kim egallaydi?

Bozorov, Turg‘unboyev, Erkinov - “Paxtakor”da Masharipovning o‘rnini kim egallaydi?
Foto: Sports.uz
O‘zbek futboli muxlislari futbolchilarning legionerga aylanishi kerakligini istaydi. Ammo bir futbolchi chet el jamoalarida to‘p tepishi qanchalik qiyinligini har kim ham bilavermaydi. Misol tariqasida, Superliganing eng yorqin o‘yin ko‘rsatuvchi futbolchilaridan biri Jaloliddin Masharipovni oladigan bo‘lsak, u bir necha yillardan buyon zinapoyaning keyingi bosqichiga chiqish uchun harakat qilib keladi.

Ichki chempionatda gegemoniya o‘rnatgan “Paxtakor”ning asosiy futbolchisiga aylanib ulgurgan vinger qit’a miqyosida ham titul uchun ancha jiddiy qadam tashlab ulgurgan edi. Ammo eng muhim pallada uning ishtiyoqi juda balandligi, g‘alaba uchun hech nimadan tap tortmasligi unga pand berdi. Qizil kartochkadan keyingi “Paxtakor”ning ahvoliga achinmagan muxlis qolmadi, nazarimizda. Jaloliddinsiz qolgan “sherlar”ning rejalari butkul buzilib ketgandi o‘shanda.

Keling, o‘sha yomon xotira o‘rniga yaxshi xabarlar haqida fikr almashaylik: Jaloliddin Masharipov va nihoyat, legionerga aylandi va endi undan talab etiladigan narsa faqat bitta: O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘zinig yorqin o‘yinlarini ko‘rsatib, jamoani jahon chempionati tomon yetaklash.

Masharipov-ku ketdi. Ketma-ket ikki yil ichki birinchilikni hech kimga bermagan “Paxtakor” futbolchilari kapitansiz matrosga aylanib qolmaydimi? Bu borada bizda bir necha takliflar bor.

Oybek Bozorov
Har yili o‘z yetakchilarini boshqa jamoaga qo‘yib yuborishga majbur bo‘layotgan “ajdarlar” raqobatbardosh tarkib shakllantirishda davom etmoqda. Qarshiliklarlar tarkibini bir necha yillar davomida Eldor Suyunov, Aziz G‘aniyev, Dragan Cheran, Igor Golban, Odil Hamrobekov kabi o‘z yetakchilari tark etganiga qaramay, “Nasaf” hamon kuchlilar qatorida. Bu “an’ana” joriy transfer bozorida ham davom etishi katta ehtimol. Sababi, chempionatning boshqa jamoalariga go‘yoki o‘z akademiyasidek qaraydigan “Paxtakor'' yangi yulduzini “ajdarlar” safidan topishi mumkin. Bu borada ular oldida 2 variant bor. Ulardan biri Oybek Bozorov.

Tailandda o‘tgan Osiyo kubogida eng yorqin o‘yin namoyish etgan futbolchilardan biri, o‘z texnikasi va foydali driblingi bilan mutaxassislar e’tiboriga tushgan Bozorov o‘z faoliyatini “sherlar” safida davom ettirishi mumkin. Uslub jihatidan Masharipovni eslatib yuboradigan vinger aynan poytaxtliklar tarkibida yangi darajaga ko‘tarilishi, OCHLda ishtirok etuvchi klubning yulduz futbolchisiga aylanish orqali, o‘z faoliyatida yanada yuqori marralarni zabt etishi ehtimoldan holi emas.

Shuningdek, uning uzoq masofadan shedevr gollar ura olish qobiliyati ham borki, bu hislat ayniqsa, xalqaro maydonda qadrlanadi. Berdiyev qo‘l ostida har ikki qanotda birdek foydali harakat qilgan serqirra futbolchi “sherlar” uchun yaxshi variant. Demak, Masharipovdan qolgan o‘ringa ilk nomzod Oybek Bozorov. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, “Nasaf” tarkibida “Paxtakor” uchun yana bir munosib alternativ bor.

Islom Kenjaboyev
Bozorov bilan bir qatorda Kenjaboyev ham haqiqiy vinger. U qanotlardan yorib kirishi, markazdagi sherigini qulay uzatmalar bilan ta’minlashi, kezi kelsa, vaziyatni o‘zi yakunlashi ham mumkin. Klubining medallar uchun kurash olib borishida katta rol o‘ynagan Kenjaboyev, allaqachon, yetakchiga aylanib ulgurgan. Jamoada penalti tepish vazifasi unga ishonib topshirilishining o‘zi ham Islomning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqoriligidan darak beradi.

Faqatgina bir muammo bor: qahramonimiz o‘ng qanot vingeri va bu pozitsiyada “Paxtakor”ning Hamdamovi bor. Biroq jahon futbolidagi kuchli vingerlar kabi Kenjaboyev ham qanotlarni almashtirib harakat qila oladi va bu hislati ham unga “sherlar” tarkibida qo‘l kelishi shubhasiz. Boz ustiga, yaqin kunlarda uning potensial raqobatchisi Doston Hamdamovga okeanortidan taklif borligi haqida xabarlar tarqaldi. Balki “Paxtakor” biz yuqorida sanab o‘tgan ikki iste’dodni ham poytaxtga olib kelar. Voqealar rivoji qanday tus olishini kuzatamiz. Navbatdagi nomzodni esa, vodiy tomondan izlaymiz…

Aziz Turg‘unboyev
Bir qarashda “Nasaf” ham, “Navbahor” ham o‘z yetakchilarini asosiy raqobatchisiga shunchaki berib yuborishi aqlga sig‘maydigan holat. Biroq bizning futbolda emas! Ancha yillardan buyon “lochinlar parvozi”ga o‘zining benazir hissasini qo‘shib kelayotgan Turg‘unboyev yangi mavsumda umuman boshqa maqsadlar uchun maydonga tushishi mumkin. Masharipovning o‘rnini bosishga potensiyali yetishi mumkin bo‘lgan qahramonimiz Namanganni tark etishiga sabab yo‘q emas: “Navbahor” bir necha yillardan beri Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmalaridan quruq qolmoqda va afsuski, bu yil ham xalqaro maydon eshiklari “lochinlar” uchun yopiq. Bundan tashqari, Turg‘unboyev hali “Navbahor” bilan na biror sovrin yutdi, va na ichki birinchilikda medalga ega chiqdi. Qizig‘i, namanganliklar o‘zlarining so‘nggi trofeyini boshlari uzra baland ko‘targanda, siz o‘qiyotgan maqola muallifi hal tug‘ilmagan edi.

Katta ehtimol bilan “sherlar” ham jismonan baquvvat, kuchli zarbaga ega, texnikasi yuqori vingerni qo‘lga kiritish uchun harakat qilib ko‘radi. Demak, Azizbek uchun kattaroq marralar sari harakat qilish payti keldi va “Paxtakor”ning OCHLda muvaffaqiyatga erishishi yo‘lida o‘z xizmatlarini qo‘shgan taqdirda, “Navbahor” muxlislari Turg‘unboyevdan ranjimasa kerak. Navbatdagi nomzod Masharipovning o‘rnini egallashga eng yaqin turibdi, nazarimizda.

Hojimat Erkinov
Nafaqat “Paxtakor”, balki o‘zbek futboli kelajagi sifatida qaralayotgan Erkinov va nihoyat, asosiy tarkibdan muqim joy olish arafasida. O‘z tarkibida bor iste’dodlardan unumli foydalanish hech qaysi jamoaga zarar qilmaydi. Ayniqsa, legionerlariga katta maosh to‘laydigan “Paxtakor” uchun bu ayni muddao bo‘lardi. Uni ustiga, Hojimat uchun ham jamoa yetakchisiga aylanish vaqti keldi. Eng kamida, asosiy tarkibda muntazam o‘yin amaliyotiga muhtoj bo‘lgan 19 yoshli futbolchi bu iste’dodi bilan “sherlar” safida uzoq yillar qolib ketmasligi ham haqiqatga yaqin. Tezkor qaror qabul qilish, vaziyatlardan sovuqqonlik bilan foydalanish kabi bugungi o‘zbek futbolida noyob bo‘lgan hislatlarga ega vinger jamoada o‘zi uchun qadrdon bo‘lib qolgan akasining o‘rnini bilintirmasligi zarur.

Katta bo‘lmagan futbolchilik faoliyati davomida Shota Arveladze, Mirjalol Qosimov, Vadim Abramov kabi katta tajriba egalaridan saboq olgan yosh qahramonimiz o‘z iste’dodini yanada rivojlantirish zarur. Bu borada unga “Paxtakor” muntazam o‘yin amaliyotini berishi orqali ikki tomonlama foyda chiqara olish mumkin. Bu jihatdan qarasak, Masharipov uchun eng munosib nomzod Hojimat Erkinov hisoblanadi. Chunki u ham kamxarj, ham jamoaga moslashishi uchun ortiqcha vaqt talab etilmaydi. Shu o‘rinda yana bir variant ham bor-ki, uni e’tibordan chetda qoldira olmaymiz…

Legionerlar
“Sherlar”da legionerlar bilan muvaffaqiyatli ishlash tajribasi bor. Yaqin yillar ichida Gidi Kanyuk, Tiagu Bezerra, Dragan Cheran kabi xorijlik futbolchilar “Paxtakor” g‘alabalariga munosib hissa qo‘shib kelgan va hozirgacha shunday bo‘lib kelmoqda. Shu sabab, Masharipovning o‘rni chet eldan keladigan biror o‘yinchi bilan ham to‘ldirilishi ehtimoldan holi emas. Tan olish kerak, Jaloliddin poytaxtliklar uchun juda katta o‘rin egallab ulgurdi. Superligada uning darajasidagi futbolchi qolmaganligi bois, OCHL chempionligini niyat qilgan “Paxtakor” o‘z tarkibini biror legioner bilan kuchaytirishi ham mumkin. Biz esa vaziyatni kuzatamiz hamda eng so‘nggi yangiliklarni e’tiboringizga havola etishda davom etamiz.

Javohir Azimov tayyorladi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bozorov, Turg‘unboyev, Erkinov - “Paxtakor”da Masharipovning o‘rnini kim egallaydi?