15:17 / 30.12.2020
3 037

Jasurga Turkiya va Ispaniyadan aniq takliflar bor

Jasurga Turkiya va Ispaniyadan aniq takliflar bor
Yozgi transferlar mavsumida “Bunyodkor”dan Moskvaning “Lokomotiv” klubiga ko‘chib o‘tgan 18 yoshli Jasur Jaloliddinovga turli takliflar bo‘layotgani ma’lum qilindi.

Rossiya premer-ligasida legionerlarga kiritilgan limit tufayli “Lokomotiv” tarkibidagi o‘rnini yo‘qotgan Jasurning oldida yangi variantlar paydo bo‘lmoqda. Moskvaliklar legionerimizning o‘yin amaliyatini ta’minlash maqsadida uni “Tambov”ga ijaraga bergandi. Biroq, tambovliklar ham o‘zbek futbolchisini maydonga tushirishga shoshilmayapti. Premer-liganing yarmi ortda qolganiga qaramay, Jasur debyutini nishonlagani yo‘q.

Jaloliddinovning transferida eng asosiy rolni o‘ynagan rossiyalik mutaxassis Yuriy Belaus ommaviy axborot vositalari jurnalistlari bilan suhbatda Jasur Jaloliddinovning atrofidagi vaziyatni ochiqladi.

- Hamma mana shu yigitning o‘yinga tushishiga umid bildiryapti. Jasur O‘zbekistonning eng iste’dodli futbolchilaridan. U yosh bo‘lishiga qaramasdan, Osiyo chempionlar ligasida o‘ynagan, terma jamoada debyutini nishonlagan.

Aslida “Lokomotiv” avvaliga uni premer-liga qaydnomasiga kiritib, keyin ro‘yxatdan chiqarib olganini oddiy qabul qilish qiyin. “Tambov” masalasida aytishim kerakki, u O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga chaqirtirilmaganida oxirgi o‘yinlarda maydonga tushgan bo‘lardi.

Jasur ko‘proq o‘ynashi kerak. Endi nima bo‘lishini ko‘ramiz. Bizga uni “Lokomotiv”ning birinchi yig‘iniga borishini aytishgan edi. Keyin Jasur yig‘inga chaqirtirilmadi. Endi yakuniy qaror yangi yil bayramidan keyin qabul qilinadi, - dedi Yuriy Belous.

Bu mutaxassis suhbat davomida jurnalistlarning Jasurga xorijdan bo‘layotgan takliflar haqidagi savoliga quyidagicha javob berdi.

- O‘zbekistonlik futbolchilarni Janubiy Koreyada ham, arab mamlakatlarida ham mamnuniyat bilan qabul qilishadi. Birinchi navbatda, Jasurning Rossiyada o‘ynab, shu yerda o‘zini ko‘rsatishini istaymiz. Agar unga imkon berilmasa, bu masalani “Lokomotiv” menejmentidagi mutaxassislar bilan muhokama qilamiz.

Ayni paytda Jasur Jaloliddinovga Turkiyadan va Ispaniyaning segundasidan aniq takliflar bo‘lyapti, - dedi Yuriy Belous.

Jasur Jaloliddinov yozda “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tganidan keyin klub bilan besh yillik shartnomaga imzo chekkan edi. Xususan, futbolchimiz “Tambov” jamoasiga ijaraga berilganidan keyin ham uning maoshini moskvaliklar to‘lab bormoqda.

18 yoshli futbolchimizga ikki yildan beri turli klublardan chorlov bo‘lmoqda. O‘tgan yili Italiyaning “Benevento” klubi safida malaka oshirgan Jaloliddinov ushbu klubga o‘tishga yaqin kelgandi. Biroq, koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan karantin uning transferini to‘xtatib qo‘ydi.

Jasur jurnalistlarga bergan intervyusida Yevropa futboliga moslashish uchun o‘zi uchun eng qulay bo‘lgan “Lokomotiv” variantini tanlaganini bildirgan. Biroq, Jasur ishonib qolgan moskvalik “temiryo‘lchilar” unga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon bergani yo‘q.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jasurga Turkiya va Ispaniyadan aniq takliflar bor