21:03 / 04.01.2021
3 116

"Paxtakor" haqida: Arveladze qaytib qolsa ajablanmang, 2 ta futbolchi bilan shartnoma uzaytirilmadi, yig‘in esa Dubayda

"Paxtakor" haqida: Arveladze qaytib qolsa ajablanmang, 2 ta futbolchi bilan shartnoma uzaytirilmadi, yig‘in esa Dubayda
O‘zbekiston chempioni va Kubok sohibi – “Paxtakor” haqidagi har qanday yangilik hech kimni bee’tibor qoldirmasligi shubhasiz. “Paxtakor” oxirgi yillarda mavqeini tiklab, yanada kuchli jamoaga aylangani va O‘zbekistonda tengsiz darajaga chiqqani tufayli ham “Sherlar”ning har bir harakati diqqat-markazimizda bo‘lib kelmoqda.

Bosh murabbiy masalasi
Chempionat tugaganidan keyingi asosiy yangilik – bu Shota Arveladzening “Paxtakor”dan ketgani bo‘ldi. Biz o‘zimizcha uni jamoani tark etdi deyapmizu, ammo hali klub uning ketganini rasman e’lon qilgani yo‘q. Vaziyatning shu tomoniga ham e’tibor qaratish kerak. Biz nima uchun Shota Yustinovichni ketdi deyapmiz, chunki bu uning o‘zidan chiqqan tashabbus bo‘ldi va o‘zining instagram sahifasida “Paxtakor”da olib borgan ishi va faoliyatini eslab ketayotgani haqida yozgan va xayrlashgan. Biz esa uning o‘sha gapidan kelib chiqib klubdan ketganini taxmin qilyapmiz. Chunki shartnomasi tugagandi. Odatda har yili shartnomasi tugar va yangi mavsumga yangi bitim imzolardi.

“Paxtakor”ning haligacha rasmiy xabar bermayotgani bizni yana bu masala bo‘yicha mushohada yuritishimizga undayapti. Ba’zida esa Arveladzening qaytishi mumkinligi haqida ham eshitib qolyapmiz. Bosh murabbiy masalasida klubdan rasmiy munosabat olishimiz zarur edi. Bu borada klub sport direktori Ja’far Irismetov bilan rosa gaplashishga urindik, ammo mutaxassis negadir buni xohlamadi. Shuning uchun hamkasbimiz, klub matbuot xizmatida ishlayotgan Bekzod Nazarov bilan bog‘lanib, Arveladze masalasida so‘radik. Uning javobi shunday bo‘ldi:

- Arveladze masalasi hozircha aniq emas. Rahbariyat u bilan muzokaralar olib boryapti, qaytarish uchun. Agar hammasi aniq bo‘lsa, bu haqida albatta xabar beramiz.

- Matbuotda Shota Yustinovichning o‘rniga Samvel Babayan, Ro‘ziqul Berdiyev yoki boshqa xorijlik murabbiylarning nomzodlari borligi haqida o‘qiyapmiz. Bu rostmi?
- Yo‘q, hozircha hech kimning nomzodi ko‘rib chiqilmagan. Birinchi navbatda Shota Arveladze masalasi turibdi. Uning ishi qay tomonga hal bo‘lishiga qarab keyin shunga asosan ish tutiladi.

Bu klub rasmiysining javobi. Demak, bizning taxminlarimiz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Ya’ni, “Paxtakor” avvalo Arveladzeni qaytarishga urinib ko‘radi. Shuning uchun ham klub uning ketganini rasman e’lon qilmay turibdi, bizningcha. To‘g‘ri, gruziyalik mutaxassisning oldida boshqa takliflar ham bor. Balki faoliyatini boshqa mamlakatda davom ettirgisi kelayotgandir, ammo shuni aytmoqchimizki, agar u yana “Paxtakor”ga qaytishni istab qolsa, bundan mutlaqo ajablanmaymiz.

“Paxtakor”ning qishki tayyorgarlik rejasi qanday?
Og‘ir mavsumdan keyin Superliga klublari tanaffusga chiqishgandi va endi asta-sekin 2021 yilgi chempionatga tayyorgarlik ishlarini boshlash arafasida turibdilar. Bu borada “Paxtakor”ning ham o‘ziga yarasha rejalari bo‘lishi shubhasiz. Chunki klub qo‘lga kiritgan sovrinlarini yangi mavsumda ham himoya qilishiga to‘g‘ri keladi. Shunga yarasha o‘z uslubiga xos tarzda yig‘in o‘tkazadi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Paxtakor” 14 yanvarda to‘planadi va o‘sha kuni barcha futbolchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlar 15 yanvardan boshlanadi. Lekin ungacha ham klub futbolchilarini uyda bekor o‘tiribdi deb bo‘lmaydi. Negaki, jamoaning har bir a’zosiga individual tarzda alohida ishlash uchun rejim belgilangan va shunga asosan yakka tartibda ko‘rsatilgan dastur asosida o‘z ustida ishlashmoqda.

Xullas, 15 yanvarda Toshkentda yig‘in boshlangach, 22 yanvarda Dubayga jo‘nab ketishadi. U yerda uchta nazorat o‘yini rejalashtirilgan. Oldin xabar berilganidek, ikkita raqib aniq – “Zenit” bilan “Spartak”. Uchinchi o‘yin esa Latviya jamoasiga qarshi o‘tkaziladi. “Paxtakor”ning Dubaydagi yig‘ini 5 fevralgacha davom ettiriladi.

“Paxtakor”dan kimlar ketadi?
Tarkibdagi o‘zgarishlar ham barchani qiziqtiradi. Hamma qatori “Paxtakor”da ham bu borada qandaydir yangiliklar bo‘ladi, bu aniq. Jamoaga kimdir keladi, kimdir ketadi. Avvalroq “Mash’al”dan Sherzod Temirovning transferi rasman e’lon qilingan. Hozircha undan boshqa yangi o‘yinchi olingani yo‘q. Balki “Paxtakor” ayrim futbolchilar bilan kelishib qo‘ygan bo‘lishi mumkin (bu katta ehtimol), faqat buni rasman e’lon qilishganida bilib olamiz.

Shuningdek, klubni tark etadigan o‘yinchilar bor. Misol uchun Javohir Siddiqovning shartnomasi tugagani uchun u yangi mavsumni “Lokomotiv”da o‘tkazishi kutilmoqda. Bundan tashqari, yarim himoyachi Sadriddin Abdullayevning ham shartnomasi tugagan va “Paxtakor” u bilan ham shartnomani uzaytirgani yo‘q. Klub matbuot xizmatining aytishicha, Igor Sergeyev bilan Doston Hamdamovning shartnomasi tugagan va ular bilan muzokaralar olib borilyapti. Jaloliddin Masharipovni esa hamma biladi, u yangi mavsumni legioner sifatida boshqa klubda davom ettiradi. Tez orada bu futbolchining yangi jamoasi rasman e’lon qilinadi.

Hozircha shunaqa gaplar, “Paxtakor”da. Balki ko‘p narsa Arveladzening qaytish yoki qaytmasligiga bog‘liqdir. Tez orada hammasi oydinlashadi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor" haqida: Arveladze qaytib qolsa ajablanmang, 2 ta futbolchi bilan shartnoma uzaytirilmadi, yig‘in esa Dubayda