20:37 / 17.01.2021
3 884

"Bugun Shomurodov gol ursa, zo‘r futbolchi bo‘lish uchun o‘zbekcha taom yeyishga o‘taman!"

"Bugun Shomurodov gol ursa, zo‘r futbolchi bo‘lish uchun o‘zbekcha taom yeyishga o‘taman!"
“Jenoa” futbolchilari orasida faol o‘yini bilan ajralib turgan Eldor Shomurodov tobora ko‘proq genuyalik muxlislarning qalbidan joy olmoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek futbolchisini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda.

Shomurodov jamoasi A Seriyaning 18-tur uchrashuvida qiyin o‘yin o‘tkazadi. Ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Jenoa” Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi va chempionat sovrinlari uchun da’vogarlik qilayotgan “Atalanta” jamoasi mehmoni bo‘ladi.

Ko‘pchilik Italiya kubogi doirasida “Yuventus”ga qarshi o‘yinga tushirilmagan Eldor Shomurodov va Mattia Destro tandemi bugungi muhim bahsda asosiy planga chiqishini taxmin qilmoqda. Bosh murabbiy Davide Ballardinining bu qarori klub asosiy e’tiborini mamlakat kubogi emas, balki A Seriyaga qaratganidan dalolat beradi.

E’tiboringizga “Jenoa” muxlislarining Eldor Shomurodov haqidagi fikr-mulohazalarini havola etamiz.

Paolo Benvenuto:
Shomurodov va Destro “Yuventus”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv paytida juda yaxshi hordiq chiqarganiga umid qilaman. Haligacha Ballardini bu hujumchilarni nega o‘yinga tushirmaganini tushunganim yo‘q. Endi ular “Atalanta”ga qarshi uchrashuvda bor mahoratini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Ivano Maccarelli:
Bugungi o‘yinda hujumchilarimizda o‘zini ko‘rsatishi uchun yetarlicha imkon bo‘ladi, deb o‘ylayman. Asosiy hujumchilarimizni o‘ynatmay, “Yuventus”ga ikkita gol urdik. Endi “Atalanta”ga undan ham ko‘p to‘p kirita olamiz.

Enzo Vattuone:
Agar Eldor Shomurodov bugun gol ursa, o‘zbek oshxonasini o‘rganib, zo‘r futbolchi bo‘lish uchun ularning taomini yeyishga o‘taman. Aytishlaricha, o‘zbeklarda ispanlarning “paelya”siga o‘xshagan zo‘r ovqati bor ekan.

Marco Galbiati:
Agar Ballardini “Yuventus” bilan bo‘lgan o‘yindagi kabi turli eksperementlarga qo‘l urmasa va o‘yinga asosiy hujumchilarimizni tushursa, albatta, g‘alabaga yaxshigina imkoniyatimiz bo‘ladi.

Michele Amandolesi:
“Atalanta” katta kuch bilan oldinga tashlanadi. Bu o‘z navbatida, Shomurodovga tezkorlik bilan qarshi huhumga qochib ketish uchun imkoniyat beradi. Bu borada Eldor juda foydali.

Livio Albano: (Michele Amandolesi izohiga javoban)
Shomurodov bo‘yining balandligi evaziga standart vaziyatlarda ham juda yaxshi o‘ynay oladi. Bu bellashuvda o‘zbekistonlik hujumchi asosiy figuraga aylanadi, deb o‘ylayman.

Gennaro Pinna:
Qizig‘i, bugun Shomurodov Miranchuk bilan uchrashadi. Ular Rossiya chempionatida bir biriga qarshi o‘ynagan. Lekin hozir o‘zbek futbolchisi Miranchukdan kuchliroq!

Massi Varone:
Men bosh murabbiy bo‘lganimda bu o‘yinda hujumga Shomurodov va Pyatsani tushirardim. Chunki bu ikki hujumkor futbolchi himoyada ham jamoaga juda ko‘p yordam beradi.

Bergamo shahridagi “Atleti Adzurri d’Italiya” stadioni mezbonlik qiladigan uchrashuv Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi. Uchrashuvni Livio Marinelli boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqaradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bugun Shomurodov gol ursa, zo‘r futbolchi bo‘lish uchun o‘zbekcha taom yeyishga o‘taman!"