13:20 / 10.02.2021
2 015

PFL Pro-Liga 2021 yilgi mavsumida ishtirok etadigan 10 ta klub nomini ma’lum qildi

PFL Pro-Liga 2021 yilgi mavsumida ishtirok etadigan 10 ta klub nomini ma’lum qildi
Foto: PFL
Professional futbol Ligasi (PFL) Pro-Liga 2021 yilgi mavsumida ishtirok etadigan 10 ta jamoa nomini ma’lum qildi. Unga ko‘ra 2021 yilgi mavsumda quyidagi jamoalar musobaqada kurash olib boradi: «Buxoro», «Neftchi», «Sho‘rtan», «Dinamo», «Istiqlol», «Oqtepa», «Xorazm», «Yangiyer», «Aral», «Olimpik».

Pro-Liganing 2020 yilgi mavsumida 8 klub g‘oliblik uchun kurash olib borgandi. Yakunda «Turon» Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. «Buxoro» futbol klubi esa Superligada eng kam ochko jamg‘argan klub sifatida 2021 yilni Pro-Ligada o‘tkazadigan bo‘ldi.

Reglamentga ko‘ra, 2020 yilgi mavsum Pro-Ligada so‘nggi o‘rinni egallagan klub Birinchi ligaga tushirilishi, Pro-Liganing yettinchi jamoasi esa Birinchi liganing ikkinchi jamoasiga qarshi o‘tish o‘yinida ishtirok etishi belgilangandi. Shunga ko‘ra, Pro-Ligani so‘nggi — 8-o‘rinda yakunlagan «Zomin» musobaqani tark etdi. Birinchi liga g‘olibi «Yangiyer» esa Pro-Liganing navbatdagi ishtirokchisiga aylandi.

Pro-Liganing yettinchi jamoasi «Xorazm» hamda Birinchi liganing ikkinchi jamoasi «Paxtakor-farm» o‘rtasida o‘tishi lozim bo‘lgan bellashuv bekor qilindi. Boisi, O‘FA Ijroqo‘mining 2020 yil 28 noyabrdagi yig‘ilishida Qoraqalpog‘istonda futbolni rivojlantirish dasturi asosida «Aral» futbol klubining Pro-Liga musobaqasida istisno tariqasida ishtirok etishiga ruxsat berildi hamda Pro-Liga ishtirokchilari 2021 yilgi mavsumdan boshlab 10 ta qilib tasdiqlandi. Shundan kelib chiqib, «Xorazm» futbol klubi Pro-Ligadagi o‘rnini o‘tish o‘yinisiz saqlab qoldi, «Paxtakor-farm» esa o‘z-o‘zidan liganing 10-jamoasiga aylandi.

PFL bayonotida qayd etilishicha, «Paxtakor-farm» klubi 3 fevral kuni Pro-Ligada ishtirok etmasligini ma’lum qilgan. 5 fevral kuni esa O‘FA Ijroqo‘mi Byurosi Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshida tashkil etilayotgan «Olimpik» futbol klubini Pro-Liganing 10-jamoasi sifatida tasdiqladi. «Olimpik» futbol klubi litsenziyalash reglamenti hamda Musobaqalar o‘tkazish reglamentidagi barcha talablarni bajarish sharti bilan musobaqaga qo‘shiladigan bo‘ldi.

Pro-Liganing 2021 yilgi mavsumi uchun qur’a tashlash marosimi «UzReport» bilan hamkorlikda ilk marta jonli efirga olib chiqilishi rejalashtirilgan. Marosim sanasi hamda musobaqaning start oladigan kuni keyinroq ma’lum qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » PFL Pro-Liga 2021 yilgi mavsumida ishtirok etadigan 10 ta klub nomini ma’lum qildi