00:03 / 18.02.2021
3 217

Eldorning agenti yana bir o‘zbek futbolchisini yulduz qilmoqchi...

Eldorning agenti yana bir o‘zbek futbolchisini yulduz qilmoqchi...
Taniqli Rossiyalik jurnalist va bloger Nobel Arustamiyan Eldor Shomurodovning agenti – Qahhor Mo‘minov bilan suhbat uyushtirdi. Ushbu intervyuda asosan «Jenoa»dagi hamyurtimiz haqida so‘z bordi.

- Aytingchi, sizning agentligingiz Eldorni qanday qilib topdi?
- Albatta, O‘zbekistondan topdik. U o‘sha paytda milliy terma jamoadan chaqiruv olgan edi. Shuningdek, «Bunyodkor»ning asosiy hujumchisi ekanligi ham e’tiborimizni tortdi. Bunga qadar biz MDH davlatlaridagi iqtidorli futbolchilarni kuzatib borar edik. Bizga Toshkent klubida qanot hujumida to‘p suruvchi baquvvat yigit haqida ma’lumot berishdi. Uni bizga Yermolenkoga o‘xshab ketuvchi o‘yin manerasi bor ekanligini ma’lum qilishdi. O‘zbekistonga uchib ketdik va uning o‘yinlarini tomosha qildik. Oila a’zolari bilan uchrashdik.

Hozir biz uni markaziy hujumchi sifatida bilamiz, biroq buning ortida Valeriy Karpinning mehnati yotibdi. Aynan u birinchi bo‘lib Eldorni markaziy hujumchi sifatida maydonga tushirgan. Vaholanki, Samvel Babayan va Leonid Kuchuk uni qanot hujumchisi sifatida maydonga tushirar edi.

- Qahhor, sen o‘zi O‘zbekistondansan. Bu Eldor bilan jiddiy shug‘ullanishingga turtki bo‘ldimi?
- Menimcha, bu Eldor uchun yoqimli bonus bo‘ldi. Menga esa, uning oilasi bilan aloqa o‘rnatishda bu faktor ko‘mak berdi. Bu shunchaki tasodif, xolos. Bizda boshqa millat vakillari juda ko‘p. O‘zbekistonlik mijozlarimiz soni ikkita, xolos.

- Sir bo‘lmasa, ikkinchi mijozing kim?
- Bu bizning faxrimiz Hojimat Erkinov. Hojimat kelajagi porloq yigit. U qanot hujumida to‘p suradi. Hozirda «Paxtakor» jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Ayni damda, Dubayda klubi bilan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda. U yaqinda Rossiyaning «Zenit» va «Spartak» klublari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etdi.

- Sen Eldor va uning oila a’zolariga birinchi uchrashuvda nima va’da bergansan?
- Biz hamkorlik borasida kelishuvga erishganimizda, harakat yo‘nalishi umuman o‘zgacha edi. Eldor Osiyoda juda taniqli futbolchi. U «Rostov»ga kelganida «no name» edi. Osiyoda terma jamoasining asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishiga qaramay, u Rossiyada sabr qilishga majbur bo‘ldi. Osiyoning badavlat klublari Eldorga bir necha barobar kattaroq maosh berishga tayyor bo‘lsa ham, oyiga 10 ming AQSh dollari evaziga «Rostov»da qolishni afzal ko‘rdi. Vaholanki, Eldorga Qatar va BAA klublari yiliga bir million dollar berishga tayyor edi.

- Hamkorlik oldidan Eldorni Yevropaning kuchli chempionatlarida to‘p surishi haqidagi va’dalar berilganmi?
- Shartnoma imzolash uchun emas, o‘z kuchimizga ishonganimiz uchun va’da berdik. Eldor ham hammasiga sabr qilishini aytdi. U avval boshidan Yevropada to‘p surishni niyat qilgan.

- Men Eldor bilan suhbatlashganimdan so‘ng, uning kamtarin va mehnatkash ekanligini his etdim. Nima deb o‘ylaysan, u erishayotgan yutuqlar ortida nima yotibdi? Mehnat yoki yaratgan taqdim etgan iqtidor?
- O‘ylashimcha, birinchisi muhimroq. Hayotiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkin, futbolchining faoliyatida birinchi omil hal qiluvchi rolni ijro etadi. Men Eldorning chiroyli xulqi haqida ko‘p maqtovlar eshitaman. Bu O‘zbekiston uchun normal holat. U yerdagi bolalarni shunday tarbiya qilishga odatlanishgan. To‘g‘ri, katta shaharlarda bu tarbiya u qadar ko‘rinmasligi mumkin, ammo chekkaroq joylarda bu omil yaqqol ko‘zga tashlanadi. Eldor juda ham taqvodor yigit. Boz ustiga, mehnatkash va kamtarin. Bunday xarakter egasi o‘z-o‘zini bemalol yangi darajaga olib chiqishi mumkin.

- Eldorning ota-onasi bilan aloqa o‘rnatish qiyin kechmadimi? Farzandini avval Rossiya, keyin Italiyaga jo‘natishda muammolar paydo bo‘lmadimi?
- Ular bilan til topishib ketish uchun ko‘p vaqt ketmadi. Eldorning Yevropaga ko‘chib o‘tishini biz ancha avval birgalikda rejalashtirgan edi. Eldorni ilk bor ko‘rganimizdayoq, uning imkoniyatlari yuqori ekanligini anglaganmiz.

- Eldor Rossiyaga tashrif buyurganida adaptatsiya jarayoni og‘ir kechmadimi?
- Yo‘q, eng qizig‘i shundaki, u mendan hech narsa so‘ramadi. U juda ham tortinchoq. Meni uning kamtarligi ilk kunlardanoq hayron qoldirdi.

U yangi yildan avval uylanish maqsadida Toshkentga yo‘l olishi kerak edi. Biz Toshkentga Rostovdan reys yo‘qligi uchun Moskvaga uchib keldik. Soat 15:00 da kutish xonasiga o‘tdik. O‘zbekistonga samolyot 21:00 da uchar ekan. Birdaniga u to‘yda kiyish uchun kostyum shim olmaganini aytdi. 3 soat davomida unga to‘yda kiyish uchun kostyum qidirdik.

- Uning to‘yida 1000 kishi mehmon bo‘lgani rostmi?
- Toshkentda 500 kishi uchun dasturxon yozildi. Keyin u tug‘ilib o‘sgan Jarqo‘rg‘onda ham 500 kishi to‘yda ishtirok etdi. Bilasizmi, bizda to‘yga hech kimni taklif etishmaydi. Darvozalar ertalabdan ochiladi va hammani tabassum bilan kutib olishadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldorning agenti yana bir o‘zbek futbolchisini yulduz qilmoqchi...