Toshkentning “Paxtakor” klubi so‘nggi yillarda o‘zbek futbolining xalqaro maydondagi yagona tamsilchisiga aylandi.
“Sherlar”da hammasi yaxshi ketayotgandek edi. Biroq, “Paxtakor” uchun omadli o‘tgan 2020 yilgi futbol mavsumidan keyin jamoa ustozi Shota Arveladze kutilmaganda klubni tark etdi.
Bu ketishning sabablarini hech qaysi tomon ochiqlagani yo‘q. Eng qizig‘i, “Paktakor” klubi matbuot xizmati oradan deyarli 2 oy o‘tgan bo‘lsa-da haligacha Shotaning ketgani haqida rasmiy xabar chiqarmadi (15 yanvar kuni P. Xyuistra jamoa bosh murabbiyiga aylangani ma’lum qilindi). O‘zbekistondagi qisqa muddatlik faoliyati davomida samimiyligi bilan muxlislar va futbol jamoatchiligi qalbini zabt etishga ulgurgan mutaxassisning keyingi faoliyati barchamiz uchun qiziq, albatta.
Gruziyalik mutaxassis Toshkent klubida 2017 yilning 23 iyunidan 2020 yilning oxiriga qadar faoliyat yuritdi. U ortda qolgan vaqt ichida O‘zbekiston chempionatida qiyin kunlarni boshdan kechirayotgan “sherlar”ni Osiyoning eng raqobatbardosh jamoalaridan biriga aylantirishni uddaladi. U “Paxtakor” futbolchilarini 124 uchrashuvga boshlab chiqdi va ulardan 90 tasida maydonni boshini tik tutgan holda tark etdi (18 durang, 16 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati: 289-90).
Bu muddat davomida Arveladzening murabbiylik salohiyatiga shubha bilan qaraganlar yetarlicha bo‘ldi. Hozir u qayd etgan natijalar o‘rtada va hamma o‘zicha tahlil qilishi mumkin...
So‘nggi kunlarda Shota Arveladzening shaxsiyatiga qiziqdim va amin bo‘ldimki, u bizga ko‘ringanidan ancha katta “figura” ekan. Bilasizmi, turk futbolining jonkuyar ishqibozlari doimiy ravishda Shotaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini “yondirishadi”. Ular orasida “Qosimposho” va “Trabzonspor” muxlislari salmoqlidir. Uning o‘zi ham Trabzon jamoasi rahbariyati taklif bilan chiqqani haqida ma’lum qildi. Bundan tashqari, “Paxtakor”da ishlab yurgan kezlari unga Osiyoning bir qancha jamoalari “jozibali” takliflar yuborgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Eng qizig‘i, turk telekanallari Shotaga pul to‘lab, tok-shoularga olib chiqadi.
U bir necha bor sportga ixtisoslashgan telekanallarning futbol o‘yinlari bo‘yicha doimiy ekspertga aylanish to‘g‘risidagi takliflarini rad qilishga ulgurgan ekan.
Avvalroq Archil Arveladze “fanatik” portaliga bergan intervyusida “Trabzonspor”ga qaytish haqidagi savolga Shotaning murabbiylikdan tanaffus olmoqchiligi, shundan keyin o‘ylab ko‘rishi mumkinligini aytgan edi. Ammo, katta ehtimol bilan aka-uka Turkiyada uzoq muddat qolishmasa kerak. Shota bu mavzuda shunday degan: “Istanbul – ajoyib shahar. Bu yerda faqat yashash kerak, ishlash emas”.
Mutaxassisning Turkiyada qolmasligining asosiy sababi esa Osiyo jamoalarining nisbatan jozibaliroq takliflar bilan murojaat qilayotganidir. Shotaning yana shunday gapi bor: “Pul muhim emas, ko‘p pul muhim”.
Bevosita uning keyingi manziliga to‘xtaladigan bo‘lsak, yana hikoyaning boshiga qaytishimizga to‘g‘ri keladi. Shota “Paxtakor”ni nima sababdan tark etdi?
Uning o‘zi asosiy maqsadi Osiyo Chempionlar Ligasi ekanligini bir necha bor ta’kidlagan edi. Eshitishimga qaraganda, 2020 yilgi mavsum yakuniga yetganidan keyin ushbu masala yana bir bor ko‘tarilgan. Shota kattaroq davrada kelasi mavsum uchun jamoa budjeti kattalashtirilsa, Chempionlar Ligasini yutishini aytadi, ammo uning so‘rovi shunchaki javobsiz qoldiriladi.
Mutaxassis ushbu holatdan xafa bo‘ladi va Toshkentni tark etishga qaror qiladi. Ammo, “Paxtakor”da Arveladzening qaytishini kutayotganlar ham yo‘q emas. Mish-mishlarga qaraganda, yaqinda Alisher Usmonov gruziyalik mutaxassis bilan suhbatlashgan. Agar yangi mavsumda “sherlar”ning ishlari yurishmasa, katta ehtimol bilan Shota yana eski o‘rniga qaytadi.
Arveladze jamoa futbolchilari bilan xayrlashayotganida ko‘z yoshlarini tiyib turolmagani uning o‘zi ham klubga bog‘lanib qolganining alomati bo‘lsa kerak. Voqealar rivojini esa birgalikda kuzatamiz...
Faxriddin Ro‘ziyev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Ishchi-xodimlar manfaatlari himoya qilindi