11:26 / 07.03.2021
2 135

“Jaloliddinovning o‘zi Yevropa klublariga o‘tishdan bosh tortdi!”

“Jaloliddinovning o‘zi Yevropa klublariga o‘tishdan bosh tortdi!”
Rossiya futbolidagi omadsizliklar iste’dodli yosh futbolchimiz Jasur Jaloliddinovning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilgan ko‘rinadi. O‘tgan yarim mavsum davomida “Lokomotiv” va “Tambov” klublarida debyutini kutgan legionerimiz moskvaliklar bilan besh yillik shartnomani bekor qilganidan keyin jamoa tanlashi ancha qiyin kechdi.

Garchi uning manfaatlarini himoya qilayotgan va “Lokomotiv”ga o‘tishida bosh bo‘lgan “Soccer Career” konsalting kompaniyasi rahbari Yuriy Belous Jasurga markaziy Yevropa, Skandinaviya va Yaqin Sharq mamlakatlari jamoalaridan taklif borligini bir necha marotaba ta’kidlagan edi.

Biroq, Toshkentga qaytib, “Bunyodkor” safida shug‘ullanib yurgan Jaloliddinov Superligamizning yangi mavsumi oldidan “Andijon” jamoasi bilan shartnoma imzoladi.

Rossiyalik jurnalistlar matbuot diqqat markazida turgan Jaloliddinovning bu qarori bo‘yicha Yuriy Belous bilan savol-javob qildi.

- Birinchidan, men Jasurning agenti emasman. Men uning Rossiyadagi faoliyatiga yordam berganman xolos. Ikkinchidan, unda bir nechta aniq takliflar bor edi. Masalan, Ispaniyaning Segundasidan. Shuningdek, bu futbolchiga “Rux”, kiprning “Pafos”, Ukraina va Rossiya jamoalaridan qiziqayotgandi. Ikkinchi Bundesligadan takliflar bo‘lgandi. Oxir-oqibat u O‘zbekistonda qolib, faoliyatini qayta tiklashga qaror qildi.

- Yevropa variantini uning o‘zi rad etdimi?
- Ha, Jasurning o‘zi bundan bosh tortdi. Unga Rossiya premer-ligasi va Milliy futbol ligasidan ham chorlovlar bor edi. U yosh yigit, 18 yashar va butun faoliyati hali oldinda. U kuchli futbolchi bo‘lib yetishadigan iste’dodli bola.

- Unga O‘zbekistonga qaytishni kim maslahat berdi?
- Bilishimcha, uning yaqinlari va birinchi murabbiyi. “Andijon” chempionatning eng kuchli jamoalaridan hisoblanmaydi. Jasur ularga yordam bera oladi.

- Uning sobiq klubi “Bunyodkor” varianti ko‘rib chiqilmadimi?
- Menimcha, ko‘rib chiqildi. Ular Jasurni katta mamnuniyat bilan olgan bo‘lardi. Biroq, klubning budjeti chegaralangan.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov ham saytimizga bergan intervyusida Jasur Jaloliddinovning tanlovini oqlamadi.

- Jaloliddinovning “Andijon”ga ko‘chib o‘tishini yaxshi, deb hisoblamayman. Ehtimol, men bu gap bilan xato qilayotgan bo‘lishim ham mumkin. Chunki unga Yevropadan ham takliflar borligi haqida gap-so‘zlar yurgandi. Ammo u bunday yo‘l tutmay, ortga qaytishni istadi. Jaloliddinovning rejalari qandayligini bilmayman va buni muhokama qilishim to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Menga ma’lumki, Jasurda Yevropaga yo‘l olish imkoniyati ham yo‘q emasdi. Binobarin, Turkiyaga. Balki men xato qilayotgandirman. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, uning qaytib kelganini to‘g‘ri qaror, deb baholamayman. Agar Jasur Jaloliddinov Yevropada ma’lum vaqt to‘p surganida, o‘zi uchun juda yaxshi bo‘lardi, - deydi Abramov.

Darhaqiqat, Jasur Jaloliddinov buyog‘iga o‘z o‘yinini topib olishi kerak bo‘ladi. U yarim yildan oshiqroq muddat rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushmadi. Bu har qanday futbolchining o‘yiniga salbiy ta’sir qiladi.

O‘zbekiston Superligasining yangi mavsumi 9 martdan start oladi. “Andijon” ilk uchrashuvini 11 mart kuni safarda “Qizilqum”ga qarshi o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Jaloliddinovning o‘zi Yevropa klublariga o‘tishdan bosh tortdi!”