22:57 / 21.03.2021
2 492

"Bu biz uchun katta saboq" - Ravshan Haydarov qaysi futbolchi haqida gapirdi?

"Bu biz uchun katta saboq" - Ravshan Haydarov qaysi futbolchi haqida gapirdi?
U-23 Osiyo Kubogiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Turkiyada tashkil etiladigan xalqaro musobaqada ishtirok etadi.
Rejaga ko‘ra, vakillarimiz 22 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahriga jo‘nab ketishadi. 24-29 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan “Antalya Cup 2021” xalqaro musobaqasida futbolchilarimiz Slovakiya, Ukraina hamda Qozog‘iston terma jamoalariga qarshi maydonga tushadilar.

Safar oldidan terma jamoamiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarov o‘z fikrlarini bildirdi. Avvalo, murabbiy tarkib masalasida to‘xtaldi.

- FIFA kunlariga munosib turnir tashkil qilib berishgani uchun assosiatsiyamiz rahbarlariga rahmat. O‘ylaymanki, o‘tgan vaqt davomida qilayotgan ishlarimizga bu musobaqa ancha-muncha javob beradi. O‘yinchilarimizning saviyasi, salohiyati bo‘yicha hammasini ko‘rib olamiz. O‘zim ham mana shunday xalqaro o‘yinlarni kutgandim. Tarkib bo‘yicha kelsak, yarim yil ichida jamoani shakllantirishga harakat qildik. Futbolchilarni tanlab, ularni jamoamizga moslashtirib bordik. Endi ularning xalqaro maydonda qanday o‘ynay olishi men uchun juda qiziq. Bu yosh toifasidagi ko‘plab o‘yinchilar hali xalqaro tajribaga ega emaslar.

Shu bois ularni “pishitish” jarayonida mana shunday xalqaro musobaqalarda ishtirok etishimiz juda muhim. Xusniddin Aliqulov, Akmal Mozgovoy kabi futbolchilar milliy terma jamoamiz safida tayyorgarlik ko‘rishayotgandi. Bu safar ular ham bizning jamoa bilan birga bo‘ladi. Ayniqsa, Xusniddin Aliqulovning tajribasi bor. Osiyo chempionatlarida to‘p surgan va terma jamoamizda yetakchilik xususiyatlarini ko‘rsata oladi. Yo‘qotishlarimiz ham bor, bu legionerlarimiz bilan bog‘liq. Masalan, ko‘rgimiz kelayotgan legionerlardan Shahboz Umarov, Islom Kenjaboyev kabi yigitlarimiz ham bor edi.

Bundan tashqari, Abubakr Mo‘ydinov ham. Lekin ularni chaqirish uchun tashkiliy tomondan muammolar bo‘ladi. Har bir davlatning o‘z qoidasi bor va mamlakatdan chiqib qaytgandan keyin karantin qoidalari qo‘llanilishi mumkin. Shunga qaramay, hozirgi kunda eng optimal tarkibni yig‘dim deb o‘ylayman. Endi futbolchilarimizni xalqaro maydonda o‘zlarini qanchalik ko‘rsatishlari, saviya jihatdan qandayligi, yevropalik tengqurlariga qarshi kurashishlarini bilib olamiz.

Turkiyadagi turnir terma jamoamizga har tomonlama foydali ekanligi shubhasiz. Qiziq, Ravshan Haydaroving oldiga rahbariyat tomonidan qanday vazifa qo‘yildi? Natija muhimmi yoki o‘yin sifatini yaxshilashmi? Bunga murabbiyning javobini eshiting.

- Albatta, birinchi navbatda jamoani shakllantirish vazifasi qo‘yilgan. Bu jamoamiz uchun dastlabki xorij yig‘ini hisoblanadi. Aksariyat futbolchilar birinchi marta xalqaro turnirda qatnashishadi. Ko‘pchiligi terma jamoa miqyosidagi turnirlarda o‘ynamagan. Bu yigitlarimizga katta maktab bo‘ladi. O‘z navbatida musobaqa davomida natija uchun ham kurashamiz. Hech qachon buni ikkinchi “plan”ga tushirmaganmiz. Yevropa jamoalariga qarshi o‘zimizni qanchalik ko‘rsata olishimizni ko‘rib olamiz.

Yurtimizda kelajagi porloq yigitlarimiz juda ko‘p. Oxirgi paytlarda “Nasaf” tarbiyalanuvchilaridan biri Oybek Bozorov haqida ham ko‘p gapirilyapti. Bu futbolchi Ravshan Haydarov bilan ham birga ishlagan. Shuning uchun murabbiy uning imkoniyatlaridan xabardor. Ko‘pchilik Oybekni legionerga aylanishini taxmin qilmoqda. Bu masalada Ravshan Akmalovichning fikri bilan qiziqdik.

- Oybek Bozorov hozir o‘sish jarayonida. Uning kuchli jihatlari ko‘p. O‘yinini shunday barqarorlikka olib chiqishi kerakki, Oybek har qanday holatda, istalgan jamoa va murabbiyning oldida o‘zini ko‘rsata oladigan darajaga yetishi kerak. Chetga borib o‘z saviyasini ko‘rsatadiganlari qancha? Ammo xorijga ketib hech nimani ko‘rsata olmay qaytib kelganlari ham bor. Bozorovni kelajagi porloq. Chempionatimizda barqaror o‘ynashni boshlasa, unda talabgorlar ko‘payaveradi. O‘yini bo‘yicha mustahkam turib olsa, xorijda ham “yo‘qolib” qolmaydi. Umuman olganda, bu futbolchi tayyor. Faqat murabbiyning ishonchi bo‘lgan va o‘ziga har tomonlama qulay jamoani topa olishi kerak.

Murabbiyning so‘zlarida jon bor. Masalan, Jasur Jaloliddinov voqeasini endi barcha biladi. O‘tgan yili Moskvaning “Lokomotiv” klubi bilan shartnoma imzoladi, ammo o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmay, bitim bekor qilindi. Bu yil esa u “Andijon”ga o‘tdi. Ravshan Haydarov ushbu futbolchining tanlovi bo‘yicha ham gapirdi.

- Bitta misol shu – Jasur. Sal bo‘lmasa, o‘yin tomondan “sinib” qolish darajasigacha kelib qolgandi. Borgan joyi, jamoa, murabbiylar, muhit, hammasi uning uchun begona edi. Yosh futbolchi uchun kirishib ketishi qiyin. Bu biz uchun saboq. Katta klubga borishdan oldin hammasini me’yoriga yetkazish lozim. Ruhiy tayyorgarligiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Odil Ahmedov ilk bor Rossiyaga ketganida “Paxtakor”dan Ilhom Sharipov ham u bilan birga yo‘l olgan va doim Odilning yonida birga yurib, unga hayot tarziga kirishib ketishi uchun yordam bergan. Bu Ahmedovga ancha foydali bo‘lgan. Yosh o‘yinchini bir o‘ziga boshqa mamlakatda oson emas. Balki kimdir uni himoya qilmagandir.

Jasurning tanloviga kelsak, u o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish va murabbiylarning ishonchi tufayli o‘ziga ma’qul yo‘lni tanladi, bu borada gap bo‘lishi mumkin emas. O‘zimizning tarafamizdan Jaloliddinovni terma jamoaga chaqirib, ruhan ko‘tarishga harakat qilyapmiz. O‘tgan yig‘inda ham taklif qilganmiz, endi Turkiyaga olib ketyapmiz. Asta-sekin uni oldingi saviyasiga qaytaramiz. O‘zimizning futbolchimiz va ruhan tetiklashtirish uchun yordam beramiz.

Shuningdek, kelasi yili U-23 Osiyo Kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Buning foydali tomonlari juda ko‘p. Bosh murabbiy bu xususida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Anchadan beri o‘zimizda katta musobaqani o‘tkazmagandik. U-23 Osiyo chempionati nufuz bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Endi bu U-23 Osiyo Kubogi deb ataladigan bo‘ldi. Uning juda muhim turnir ekanligini barcha tushunib boryapti. Hamma yoshdagi futbolchilarning xalqaro maydonlardagi o‘z chempionatlari bekorga o‘ylab topilmagan. Barchasi bir-biriga bog‘liq bo‘lgani bois ularning o‘sish jarayoni ham o‘zaro ulanib ketadi.

Masalan, 19-20 yoshgacha futbolchi o‘sib boradi. Keyin ular uchun qanday musobaqa bo‘ladi? 20 dan keyin qilgan mehnatlarining mag‘zini chaqadigan turnir esa aynan U-23 musobaqasidir. Bu yoshdagi o‘yinchilarning bir nechtasi milliy terma jamoa eshigini taqqillatib turibdi. Iqtidorlarni yo‘qotmasdan, mana shunday xalqaro o‘yinlar orqali ushlab turish muhim. Bu OFKning ish tamoyillaridan biri.

Yevropada U-21 dan keyin to‘xtaydi. U-23 chempionati faqat klublar miqyosida bo‘ladi. Shuningdek, U-21 dan keyin Olimpiada musobaqasiga borishadi. Osiyoda U-23 musobaqasining bir nechtasi o‘tkazildi. Ushbu turnirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi biz uchun imtihon. Chunki 2025 yilda yurtimizda yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlari tashkil etiladi. Bungacha U-19 mezbonligini ham olgandik.

Afsuski, pandemiya tufayli amalga oshmay qoldi. Mana, endi U-23 musobaqasi ham yurtimizga ishonib topshirildi. Bu orqali o‘zimizdagi infratuzilmalar, maydonlar sifati, tashkiliy ishlarni yana bir bor tekshirib olamiz. Umuman aytganda, bu musobaqa biz uchun har tomonlama foydali bo‘ladi. Uyda o‘ynash yanada katta mas’uliyat yuklaydi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bu biz uchun katta saboq" - Ravshan Haydarov qaysi futbolchi haqida gapirdi?