09:59 / 11.04.2021
1 667

«Quyon ovi». Zidanning navbatdagi rejasi haqida

«Quyon ovi». Zidanning navbatdagi rejasi haqida
Foto: Mundo Deportivo
Murabbiy Zidanning eng katta yutug‘i sifatida muhim o‘yinlarga yaxshi tayyorlana olishini aytishadi. Mana bugun, go‘yoki Benzemaning mahorati, rikoshet gol «Real»ga omad keltirgandek, ammo agar chuqurroq qaralsa, bu ustunlikning ortida murabbiyning ayniqsa, birinchi taymda ish bergan rejasi yotganini ko‘rish mumkin.

Foto: Twitter/RealMadrid
«Real» boshlang‘ich 4-4-2 sxemasida joylashgan bo‘lsa-da, himoyalanayotganda Valverde o‘ng qanot himoyachisiga, u yerdagi Vaskes esa, uchinchi markaziy himoyachiga aylandi. Natijada to‘psiz holatda 5-3-2 hosil bo‘lib, agar Messi chap qanotga qo‘shilsa, Modrichga u bilan personal o‘ynash vazifasi topshirilgandi. Xuddi shunday holat chap qanot himoyasida Kazemiro bilan amalga oshdi.

Foto: AP
Bu mezbonlarning birato‘la ikki muhim muammosini yechdi. Biri «Barselona»ning asosiy ustunligini yo‘qqa chiqargan bo‘lsa, ikkinchisi «Real»ning kamchiligini yopdi.

Birinchidan, «Barselona»ning eng xavfli quroli Alba deyarli hujumdan uzib qo‘yildi. Valverde shunchaki, qanotga joylashibgina qolmasdan, Alba bilan personal o‘ynadi. Taym boshidagi bir vaziyatni aytmasa, Jordi hujumda hech narsa qila olmadi.

Ikkinchidan, Varan kasal bo‘lib qolgach, markaziy himoyada Militao - Nacho juftligi yangi, eng nozik nuqta ekani hammaga ma’lum. Uchinchi markaziy himoyachi qo‘shilishi son jihatdan bo‘lsa-da, zonani yopishda yordam berdi. Ancha erkin va agressiv harakat qiladigan Nachoda 14-hududda yanada faol kurashlarga qo‘shilish imkoniyati yaratildi ham.

Foto: AP
Zidanning bir o‘q bilan urgan «uchinchi quyoni» esa, qarshi hujum paytida Valverde va Vaskes tomonidan Albaning «yechintirilgani» bo‘ldi. Ikkinchi shunday urinish Benzemaning chiroyli goli bilan yakunlandi.

2-taymda vaziyatning o‘zgarishiga, bir, Vaskesning jarohati, ikki, Kumanning sxemani o‘zgartirgani sabab bo‘ldi. Grizmann chiqishi bilan mehmonlar 4-3-3 ga o‘tishdi va endi, «Barselona» qanotlarida ham muntazam ikki futbolchi paydo bo‘la boshladi. Endi Alba bilan personal o‘ynashning iloji qolmadi. Gol ham aynan yana Albaga qaytgan erkinlik yordamida sodir bo‘ldi. Katta hajmdagi ishni bajargan Valverdening goldan keyin darhol almashtirilgani ham shundan - Zidan raqibning o‘zgarishlariga javob berishi edi.

Foto: Twitter/RealMadrid
Xullas, o‘yin oxirida durang ham bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, taktik kurashda yana Zidan yutdi. Ideal birinchi taym o‘yin taqdiriga yaxshi poydevor qo‘ygandi.

Alohida top o‘yinlarga Zidan ajoyib rejalar, syurprizlar tayyorlashi bilan bir qatorda, futbolchilarning bu rejalarni deyarli to‘liq bajarayotgani va natija keltirayotgani alohida tahsinga loyiq. «Real» ushbu mavsumda 9 marotaba top raqiblarga (Atletiko, Barselona, Inter, Atalanta, Liverpul) qarshi o‘ynagan bo‘lsa, 8 tasida g‘alaba qozondi. Bir durang.

Foto: Reuters
Bu nima degani? «Quyon ovi» davom etadi. Shalpangquloq Chempionlar Ligasi, qoch, «Real» kelyapti, degani...

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Quyon ovi». Zidanning navbatdagi rejasi haqida