20:20 / 23.04.2021
1 824

The-afc.com: “Paxtakor” nimaning evaziga birinchi o‘yinni boy berdi?


Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichining 3-turi doirasida “Paxtakor” “Sharja”ga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yganidan xabardorsiz. Bugun vakillarimiz ushbu jamoaga qarshi ikkinchi davra uchrashuvini o‘tkazadi. OFK rasmiy sayti birinchi o‘yinning to‘liq tahlilini e’lon qildi. Quyida biz ushbu materialni to‘liqligicha tarjima shaklida e’tiboringizga havola etishga harakat qilamiz.
 
Kaioning super harakatlari “Sharja”ga guruh yetakchiligini taqdim etdi
Juda qiyin o‘yinda texnik va taktik tomondan kuchli futbol namoyish etib, g‘alabaga erishgan “Sharja”ning harakatlari e’tiborimizni tortdi. Shu sababdan, biz, “The-afc.com” sayti ushbu o‘yinni atroflicha tahlil qilishga qaror qildi:
 
To‘p nazoratisiz g‘alaba
Atigi 30 foiz to‘p nazorati bilan va raqibidan deyarli ikki barobar kam zarba (9-17) berib, “Sharja” minimum imkoniyatlardan g‘alabasini ilib ketdi. Ular bergan 5 ta aniq zarbaning 4 tasi golga aylanganini inobatga olsak, Birlashgan Arab Amirligi jamoasi nimaning evaziga g‘alaba qozongani tushunarli bo‘ladi. Klassik 4-4-2 taktikasi va tezkor qarshi hujumlar O‘zbekiston chempionining mag‘lub etilishida asosiy rol o‘ynadi.

Mudofaaning markaziy zonasida raqib hujumlariga yaxshi blok qo‘ya olgan “Sharja” o‘zi to‘p bilan muomala qilgan juda qisqa vaqt mobaynida ancha unumli harakatlarni amalga oshirdi. Markazga tinimsiz to‘plarni uzatgan “Paxtakor” o‘zi qanotlarda himoyalanishni unutdi va “Sharja” bundan unumli foydalanib ketdi. “Sherlar”ning 18 marotaba jarima maydoniga uzatgan to‘plarining atigi 5 tasi aniq yetib borgan.

“Paxtakor”ning to‘p nazorati o‘ta aldamchi holat bo‘ldi. Eng muhim pallalarda u osonlikcha boy berildi. Ayniqsa, o‘zbek klubiga qarshi o‘yinda sharjaliklarning o‘zbekistonlik yarim himoyachisi Otabek Shukurov yetakchi o‘rinni egalladi. Maydon markazidagi ishonchli o‘yini bilan ancha mashhur bo‘lgan Shukurovning shu kuni uzatgan 38 ta pasidan 35 tasi ko‘zlangan manzilga yetib borgan. Bu kabi ishonchli markaziy yarim himoyachi o‘yin taqdiriga ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Tezkor qarshi hujumlarni boshlashda Otabek Kaio bilan eng ko‘p uzatma almashgan futbolchi bo‘ldi. Turning eng chiroyli goliga uzatma oshirishida ham aynan o‘zbek yarim himoyachisi jamoadoshini oldinga boshlovchi “kalit” uzatmani amalga oshirgandi.

Ushbu o‘yin qahramonlari haqida so‘z borar ekan, braziliyalik Luan Pereyrani ham e’tirof etishimiz darkor. Hujumlarning asosiy qismi aynan u harakat qilgan o‘ng qanotdan tashkil etdi. Raqibdan to‘pni olib qo‘yish masalasida ham o‘ng qanot vakili juda “toza” o‘ynadi. 62-daqiqadagi super zarba esa uning o‘yini haqidagi roliklarni bezashga qodir darajada chiqdi.
 
“Paxtakor”da ikkinchi o‘rin imkoniyati hali bor
Mag‘lubiyatga uchragan “Paxtakor” barchasidan mahrum bo‘ldi, deb ayta olmaymiz. Sababi, guruhdagi boshqa raqobatchilarda ham ochkolar masalasida quvonarli holat kuzatilmayapti. “Eyr Fors” va “Traktor” klublari hali 2-davraning barcha uchrashuvlarida o‘zbeklardan hayiqqan holda kurash olib borishga majbur. Sababi, “Paxtakor”ning o‘yini yaxshi shakllangan va taktik tomonlama ko‘p narsani o‘zgartirishga hojat yo‘q.

Toshkentliklarni guruhda kurashga qaytarishi mumkin bo‘lgan futbolchi bu- Dragan Cheran. Serbiyalik futbolchi “Sharja”ga qarshi o‘yinda ham gol urib, turnirda kiritgan to‘plari sonini 2 taga yetkazib oldi.

“Paxtakor”ning yirik hisobdagi mag‘lubiyatini inobatga olmaganda, Cheran juda yaxshi o‘yin o‘tkazdi. U oshirgan to‘plarning 92 foizi o‘z manziliga yetib bordi. Yelkama-yelka kurashlarning 71 foizida Draganning qo‘li baland keldi.

Shu bilan birga “Paxtakor” ham 88 foiz paslarining aniqligini namoyish etayotganiga e’tiborimizni qaratsak, Cheran jamoasi bilan yaxshi natijalarga erishishi mumkinligini ko‘ramiz.
 
Kaioning qaror qabul qilish mahorati
O‘z qarshi hujumlarini samarali davom ettirish uchun “Sharja”ga biror bir hal qiluvchi futbolchi kerak edi. Bu futbolchi “Paxtakor”ning “tank” himoyachilarini bir harakat bilan dog‘da qoldirishi va hujumlarni tezkorlik bilan keskinlashtirishi talab etilardi. Seshanba kungi bahsda yuqoridagi barcha hislatlarni Kaioda ko‘ra oldik.

O‘ng qanotdagi faol o‘yini bilan uzoq vaqtdan buyon bizga tanish bo‘lgan futbolchi o‘sha kechada o‘zi uchun ham, sheriklari uchun ham juda ko‘plab vaziyatlar yaratdi. 82 foiz paslardagi aniqlik ko‘rsatkichini qayd etgan braziliyalik legioner gol va pasdan tashqari ham benazir harakatlari bilan e’tiborimizni tortdi. U maydonning turli burchaklarida harakat qilib, “Sharja” o‘yinining pleymeykeri vazifasini ajoyib tarzda ado etdi.

Ikkinchi gol kiritilgan vaziyatdagi uning raqqoslarcha finti o‘yinda butunlay burilish yasab berdi. Ketma-ket hujumlardan so‘ng, arang gol urgan “Paxtakor” bu goldan keyin butkul sochilib ketdi. Kaio esa Salem Salehga to‘p uzatib, turning eng chiroyli golining asoschisiga aylandi.

Aslida, uning harakatlari natija ham bermasligi mumkin edi. Ammo Sanjar Quvvatov shu kuni juda oddiy vaziyatlarda raqiblarga sovg‘a taqdim etdi. Bunday o‘yindan so‘ng, javob bellashuvida uni o‘zbeklar postida ko‘rishimiz amri mahol. Ammo ungacha bo‘lgan vaziyatda ham himoyachilarning xatolarga yo‘l qo‘ygani biroz aybini yuvishi mumkin.

“The-afc.com” saytidan Abdulvosid Valixonov tarjimasi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » The-afc.com: “Paxtakor” nimaning evaziga birinchi o‘yinni boy berdi?