19:39 / 26.04.2021
2 762

Eldor Shomurodovning o‘yiniga ta’sir qiluvchi omillar


“Jenoa” safida faoliyat yuritayotgan Eldor Shomurodov nihoyat darozani ishg‘ol etib, barchani birdek xursand qildi. Gol bo‘lganda ham juda chiroyli chiqdi. Goldan nafaqat biz, balki ushbu bellashuvni kuzatgan neytral muxlislar ham zavqlanishdi.

Hamyurtimiz uzoq vaqtdan beri o‘zini ko‘rsata olmayotgandi. Omadsiz o‘yinlar uning ruhiyatiga ta’sir qilayotgandi. Bu hatto terma jamoa o‘yinlarida ham sezildi.

Shomurodovning Italiyada faoliyat yuritishi unga juda katta ishonch va shu bilan birgalikda katta bosim yuklaydi. Hammaning e’tibori unda bo‘lmoqda, muxlislar hujumchimizdan har gal gol kutyapti. Biroq orada ancha vaqt Eldor tomoshabinlarni manzur eta olmayotgandi.

Ushbu muvaffaqiyat orqali Eldorning "Jenoa" safidagi 9 o‘yindan iborat golsiz seriyasi barham topdi. U so‘nggi bor A Seriya 23-turi doirasida bo‘lib o‘tgan "Verona"g qarshi bellashuvda raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi.

G‘alaba orqali "Jenoa" 4 o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. So‘nggi paytlarda Italiya chempionati uchrashuvlari Davide Ballardini uchun omadsiz kechmoqda. Jamoa "Spetsiya"gacha 11 bellashuvning bittasidagina g‘alabani tantana qilgandi xolos.

Qiziq tomoni shundaki, aynan mana shu bellashuv Shomurodov gol urgan va genuyaliklar g‘alaba qozongan birinchi o‘yinga aylandi. Bungacha genuyaliklar o‘zbek futbolchisi darvozani ishg‘ol etgan bahslarda zafar qucha olmayotgandi. Xususan, jamoa Shomurodov o‘z hisobiga aniq zarba yozdirib qo‘ygan avvalgi o‘yinlarda “Parma” va “Sassuolo”ga bir xil – 1:2 hisobida yengilgan. “Verona” darvozasi to‘ridan joy olgan aniq zarba esa 2:2 hisobidagi durangni ta’minlagan edi.

Bu raqamlar bejiz emas. Statistika ham Shomurodovning o‘yinida biroz pasayish bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Boz ustiga hamyurtimiz asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. Davide Ballardini “Jenoa”ni qabul qilib olgach, o‘zbekistonlik futbolchiga hujumni ishonib topshirdi. Biroq u natijaga ta’sir ko‘rsata olmadi. Shuning uchun 60-daqiqadan so‘ng zaxiradan maydonga tushadigan bo‘lib qoldi.

“Spetsiya”ga qarshi bellashuvda tezlik bilan raqibidan o‘tib ketib, darvozaning yuqori qismini chiroyli tarzda ishg‘ol qilgan Shomurodov uchun bu usul begona emas. U bir necha bor shunday harakatlarni amalga oshirish orqali murabbiylar, muxlislar va futbol jamoatchiligining e’tiboriga tushgan. Ammo yuqorida tilga olganimiz, ishqizbozlarning haddan tashqari e’tibori, bosim uni biroz bo‘shashtirmoqda.

Eldor Shomurodov bunday paytda internetdan kamroq foydalanishi, ijtimoiy tarmoqlardan iloji boricha uzoqroq bo‘lishi foydalidir. Katta musobaqalarda yoki yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan paytlarda murabbiylar futbolchilarni tashqi ta’sir qiluvchi omillardan asrash uchun telefodan foydalanishni taqiqlab qo‘yadi. Internetga kirishni gapirmasa ham bo‘ladi.

Albatta, Shomurodov kuchli ligada o‘ynashiga qaramay muomalasi, o‘zini tutishi o‘zgargani yo‘q. Hali ham “Bunyodkor”dagi Eldor qanday oddiy, sodda yigit bo‘lsa, hozir ham shunday. Biz istardikki, hujumchimizning o‘yini odobi va muomalasi kabi o‘zgarishsiz, avvalgidek yanada chiroyli hamda mazmunli bo‘lsin.
Bekzod Isayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovning o‘yiniga ta’sir qiluvchi omillar