20:31 / 15.05.2021
2 897

"Turon"dan ketish sababi. O‘yinlarni sotmagani va hakamlar". Islombek Ismoilov barcha haqiqatlarni aytdi

"Turon"dan ketish sababi. O‘yinlarni sotmagani va hakamlar". Islombek Ismoilov barcha haqiqatlarni aytdi

Joriy mavsum Superligada debyut qilayotgan Yaypanning "Turon" jamoasi ko‘pchilikning e’tiboriga tushib ulgurdi.
Garchi ortda qolgan sakkizta turda "Turon" g‘alaba qozonmagan bo‘lsada, raqiblariga jiddiy qarshilik ko‘rsatib, chiroyli o‘yin namoyish qildi. Lekin futbolda shunday gap bor: O‘yin esdan chiqadi, natija saqlanib qolinadi. Aynan qayd etilgan natija ko‘p narsalarni hal qiladi. Xususan murabbiyning jamoadagi taqdiri bevosita shunga bog‘liq. Superliganing sakkizinchi turida o‘z maydonida "Qizilqum"ni qabul qilgan yaypanliklar so‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol evaziga 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. Mazkur bahsdan so‘ng "Turon" bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o‘z arizasiga binoan iste’foga chiqishga qaror qildi. Biz esa barchasiga aniqlik kiritish maqsadida yosh murabbiyni suhbatga chorladik. O‘zimizda ham Islom Ismoilovga beriladigan savollarimiz to‘planib qolgandi.

- "Qizilqum"ga qarshi uchrashuvdan so‘ng jamoani tark etdingiz. Bu shoshilinchda qabul qilingan qarormi? Iste’foga chiqishingizga faqat muvaffaqiyatsiz natijalar sababmi? 
- "Turon"da ajoyib uch yilni o‘tkazdim. Buning uchun klub rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman. Yosh bo‘lishimga qaramasdan menga ishonch bildirishdi. Olimxon va Qodirxon aka Ahmedovlarni futbolning haqiqiy fidoyi insonlari, deya olaman. Ular futbol uchun nafaqat mablag‘larini, balki mehrlarini ham berishmoqda. Uch yil davomida bizni moddiy, ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlashdi. Barcha sharoitlarni yaratib berishdi. Buning uchun o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Endi bevosita jamoadagi faoliyatimga to‘xtalsam, biz mana shu davr mobaynida yomon ishlarni amalga oshirmadik.

Klubni ko‘zga ko‘rinadigan darajaga keltira oldik. "Turon" O‘zbekistonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jamoalar qatoriga kirdi. Bu yo‘lda katta hajmdagi ishlar bajarildi. Joriy mavsum oldimizga katta maqsadlarni qo‘ygan edik. Lekin bu -  futbol. Unda har doim yaxshi o‘ynagan jamoa yutavermas ekan. G‘alaba uchun qo‘ldan kelgan ishlarni amalga oshirdik. Qayerdadir omad yetishmadi, yana qayerdadir boshqa sabablar. Vaziyatni kuzata turib jamoaga yangi qon kerak, deb o‘yladim. "Turon"ning taqdiriga befarq bo‘la olmayman. Vaziyat shunday davom etishiga ko‘z yumib tura olmasdim.

Nimanidir o‘zgartirish kerak bo‘lsa, faqat murabbiy bilan bog‘liq edi. Agar murabbiy o‘zgarishi orqali natija ijobiy ko‘rinish olsa, bundan faqat xursand bo‘laman. Bu boradagi fikrimni rahbariyatga ham aytdim. Katta futbolga qadam qo‘yishimda "Turon" mutasaddilari tamal toshini qo‘yib xizmat qilishdi. Ulardan umrimning oxirigacha minnatdorman. Har qanday holatda ham yelkama-yelka yonimda turishdi. Ko‘pchilik rahbariyat noto‘g‘ri qaror qabul qildi, murabbiyga yana imkoniyat berish kerak edi, degan fikrlarni aytishmoqda. Ammo ular barcha imkoniyatlarni berishdi. Bu noto‘g‘ri qaror bo‘lmadi. Futbolga qaratayotgan e’tiborlarini shaxsiy manfaatimdan ustun qo‘ydim. Natijalar shu ko‘rinishda davom etsa, ertaga klubga jiddiy zarar yetishi mumkin. Shu omillarni hisobga olgan holda iste’foga chiqdim. Balki boshqa murabbiy bilan jamoaning g‘alabalari onlari boshlanar. "Turon"ning imkoniyatlari yuqori. Hali g‘alabalar keladi va Superligada munosib o‘rinlarni egallaydi.

- Mavsum boshida jamoani o‘zingiz shakllantirdingiz. Tarkibga tajribali ijrochilar kelib qo‘shildi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, o‘tgan yili o‘zingiz tarkibni saqlab qolamiz, deb aytgansiz. Lekin tarkib 80 foizga o‘zgarib ketdi. Doniyor Ismoilov, Shoxruh Holmatov, G‘olib Sariboyev, Shukurali Po‘latov, Xurshid Asqaraliyev kabi futbolchilarga javob berib yuborildi. Bu yerda xato kimdan o‘tdi?
- To‘g‘ri mavsum boshida jamoani o‘zim shakllantirdim. Chunki tarkibni kuchaytirmasak bo‘lmasdi. Bu borada ayrim muammolar yuzaga keldi. Ba’zi futbolchilarda bizga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ldi. Yangi jamoa, qanday bo‘lar ekan, degan fikrlar yangradi. Boisi ular bunday holatga ko‘p duch kelishgan, jabr ko‘rishgan. Shuning uchun buni tabiiy hol sifatida qabul qildik.

O‘tgan yilgi tarkibni saqlab qolamiz degandim. Masalan Doniyor Ismoilov "Andijon"ga o‘z xohishi bilan ketdi. Uni qolishini istagandik. G‘olib Sariboyevga "Dinamo"dan moliyaviy tomondan yaxshiroq taklif tushgani uchun o‘z istagi bilan ketdi. Shukurali Po‘latov bilan ham shunday bo‘ldi. Mavsum yakunlangach xorijda o‘ynashni lozim topdi. Xurshid Asqaraliyev jamoada qolardi. Biroq o‘yin amaliyoti yetarli bo‘lmasligi mumkin edi. Natijada uni "Yangiyer"ga qo‘yib yubordik. Ko‘p futbolchilar o‘z xohishi bilan ketgan. Bu yerda hech qanday xato bo‘lmadi. O‘tgan mavsum Pro ligada jamoada o‘ynagan futbolchilarning aksariyati saqlanib qolingan. Asliddin Toshtemirov, Javohir Sohibov, Akmal Ortiqov, Bilolxon Toshmirzayev, Asilbek Qayumov, Abdulazizxon Abdurashidov va hokazo.

-  Superligadagi eng yosh murabbiy hisoblanasiz. Elitada daraja va bosim yuqori bo‘ladi. Nima deb o‘ylaysiz o‘zingizni Superligada ishlashga qay darajada tayyor deb hisobladingiz? Balki bosh murabbiylikni tajribali mutaxassisga topshirgan holda o‘zingiz yonida tajriba to‘plab borishingiz kerak edimi? Ko‘pchilikda bu yosh murabbiyga Superligada ishlashga hali erta ekan, bosimga chiday olmadi degan fikrlar yuzaga keldi...
- Superligada ishlashimga hali erta, demagan bo‘lardim. Murabbiylikni boshlaganimga 10 yil bo‘ldi. Men bunga bosqichma-bosqich yetib keldim. Faoliyatimni bolalar futbolidan boshlagan bo‘lsam, undan so‘ng Ikkinchi liga, Birinchi liga va Pro liga, Superliga darajasigacha chiqdim. Ayrim murabbiylar faoliyatini birdaniga Superligada boshlaydi. Lekin men murabbiylikning bosqichlarini bosib o‘tdim. Hech kim ideal insonmas. Xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishim mumkin. Ikki yilda jamoani elitaga olib chiqdik. Ushbu mashaqqatli ishda bitta meni emas, klubdagi barchaning mehnati yotibdi.

Superligada yomon jamoa shakllantirmadik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘tgan sakkizta tur davomida chiroyli va muxlislarbop futbol ko‘rsatdik. "Nasaf" bilan bahsni hisobga olmaganda, qolgan raqiblarimizga munosib qarshilik ko‘rsatdik, deya olaman. Bosim har qanday murabbiyning boshida bor. Yoshni sabab sifatida ko‘rsatish noo‘rin. Agarda bosimga chiday olmaganimda murabbiylik sohasini tanlamagan bo‘lardim. Har bitta o‘yinni katta bosimda o‘tkazasiz. Bunga ruhan tayyor edim. O‘rganadigan narsalarim ko‘p. Murabbiy bir joyda to‘xtab qolmasligi lozim. Atrofimda tajribali murabbiylar bor edi. Agarda bitta g‘alaba qozonib olganimizda hammasi yaxshi ketardi.

- O‘yindan so‘ng hakamlarga ko‘p e’tiroz bildirdingiz. Ayniqsa "So‘g‘diyona" bilan o‘yindan keyingi intervyu xalq orasida keng tarqaldi. AGMK bilan bahsdan keyin ham hakamlar borasida tanqidiy fikrlaringiz yangradi. Balki hammasi extiros va hissiyot sabab bo‘lgandir. Hakamlar haqidagi fikrlaringizda hali ham qat’iy turasizmi?
- Endi bo‘ladigan ishlar ortda qoldi. Hozir yana qaytadan muhokama qilish, kimnidir aybdor qilish niyatim yo‘q. Agarda gapirsam omma orasida o‘zini aybi ko‘rinmayapti, qolganlarga to‘nkayapti, degan fikr yuzaga keladi. Qaysidir holatlarda hissiyotga berildim. Hammaga insof bersin, deb qolaman.

- Facebook ijtimoiy tarmog‘ida sahifangiz borligidan xabarimiz bor. Unda o‘z fikrlaringizni bayon qilib borasiz. AGMK bilan bahsdan so‘ng bir post e’tiborimizni tortdi.
 "Biz ham insonmiz! Bizda ham sabrning chegarasi bor. Agar voqealar rivoji shunday davom etsa, butun umrga futboldan ketaman, lekin o‘zim bilan ko‘pchilikni olib ketaman. Bugunmi, ertagami, barchasining javob bor. Allohdan qo‘rqinglar". Mazkur postga izoh berib o‘tasizmi? 

- To‘g‘ri, post qoldirdim. Buni ko‘proq hissiyot bilan bog‘lasak to‘g‘riroq bo‘ladi. Unda ish shunday davom etadigan bo‘lsa, deganman. "Qizilqum" bilan o‘yindagi hakamlarga hech qanday e’tirozim yo‘q. Ushbu bahsdagi mag‘lubiyatda aybni o‘zimga olaman. Futboldan butun umrga ketmadim. Bir kun qaytaman. Yozda Pro litsenziyasiga o‘qishlar boshlanadi. Tajriba va malakamni yanada oshirishim lozim. "Turon"dan boshim tik tutgan holda ketdim. Faoliyatimda futbolni buzadigan harom ishlarga aralashmadim. O‘yinni sotish yoki sotib olmadim. Klubning bir so‘m puliga xiyonat qilganim yo‘q. Pul oldida vijdonimni sotmayman.

- Tarkibga legioner jalb qilishda tanlovda qanchalik xatoga yo‘l qo‘ydingiz? Har holda legionerlar o‘zlaridan kutilgan o‘yinni ko‘rsata olayotgani yo‘q...
- Legionerlardan Dayan Ponevich ishonchni oqlamoqda. Sinisha Babichda jamoaga moslashish qiyin kechar ekan. Avvalgi jamoalarida ham shunday holat kuzatilgan. Karikari jamoaga transfer oynasining so‘nggi kunlarida kelib qo‘shildi. Unda ham moslashish bilan bog‘liq muammolar bo‘lyapti. Ikkita turda yaxshi harakat qildi. Keyin pasayish kuzatildi, jarohat oldi.  Futbolchi haqida noto‘g‘ri gap aytsam, ularga nisbatan hurmatsizlik qilgan bo‘laman. Jalb qilgan o‘yinchilarimizning xatolarini ochiq ayta olmayman.

- Bo‘lib o‘tgan voqealardan qanchalik saboq chiqardingiz?
- Superligada har bir o‘yinda jang bo‘ladi. Pro ligaga nisbatan temp yuqori. Qaysidir ma’noda taqvim ham biz uchun noqulay keldi. Olti kun ichida uchta o‘yinda maydonga tushdik. Natijaga gohida tashqi omillar ham sabab bo‘ladi. Har bir qilingan xato bu tajriba beradi. Jamoa bilan erishgan yutuqlarim, kamchiliklar katta maktab bo‘ldi. Inson har bir xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarishi va keyingi safar takrorlamasligi kerak.

- "Turon"ni "chuqurlik"dan olib chiqib ketishi mumkin bo‘lgan narsa nima? Murabbiy o‘zgarishi qanchalik foyda keltiradi?
- Jamoa o‘zining o‘yin uslubiga ega. Bitta g‘alaba barchasini o‘zgartirib yuboradi. Klub rahbarlari barcha sharoitlarni yaratib berishyapti. Futbol uchun borini berayotganlarni qadrlashimiz zarur. "Turon"ni saqlab qolish kerak. O‘zbek futbolining kelajagi shunday jamoalarga bog‘liq bo‘ladi. Baribir klublar xususiylashtiriladi. Ayni paytda bunday jamoalarimiz kam. Odatda yangi murabbiy kelishi bilan jamoaning g‘alabalari boshlanib ketadi. Polshalik murabbiy qo‘l ostida ijobiy natijalar qo‘lga kiritilishiga umid qilib qolaman.

- Jamoaning ichida o‘zaro ishonchsizlik bormidi? Futbolchilar ketishingizni qanday qabul qildi?
- Futbolchilarning ayrimlari inson sifatida hurmatga loyiq. Ketishimga qarshi ekanliklarini bildirganlar ham bo‘ldi. Ko‘p futbolchilarga mehr bergandik. Bunday paytda kim do‘st yoki dushman ekanligini bilib olar ekansiz. Hech qaysi futbolchini chetga chiqarib qo‘ymadim. Iloji boricha barchaga o‘yin amaliyoti berdim. Ular to‘xtamasliglari kerak. O‘zlarida iroda topib, jamoani Superligada saqlab qolishlariga ishonaman. Ularning qo‘lidan keladi. Muhimi kasbga xiyonat qilmadim. Ko‘p yosh futbolchilar yetishib chiqdi. Asliddin Toshtemirov, Asilbek Qayumovlar asosiy tarkib o‘yinchisi darajasigacha chiqishdi. Bu oz bo‘lsada yutug‘imiz sanaladi.

Kelgusida yanada kuchli bo‘lib futbolda faoliyatimni davom ettiraman. Xorijda malaka oshirmoqchiman. Ortga chekinish yo‘q. Ko‘plab muxlislar ijobiy fikrlarini bildirishmoqda. Kichik mehnatimizni yuqori baholagan muxlislarga rahmat aytaman. "Turon" ishqibozlari men uchun eng zo‘ri bo‘lib qoladi. Ular o‘zlarining madaniyati bilan o‘rnak bo‘la olishdi.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » "Turon"dan ketish sababi. O‘yinlarni sotmagani va hakamlar". Islombek Ismoilov barcha haqiqatlarni aytdi