3 131
Saudiyaga qarshi qanday rejasi borligi yoxud hal qiluvchi o‘yinlar Abramovning taqdirini belgilab beradimi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasini kelasi oyda Saudiya Arabistonida jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichi doirasidagi muhim uchrashuvlar kutib turganini siz o‘quvchilarga eslatish shart bo‘lmasa kerak. Termamiz ustozi Vadim Abramov kuni kecha kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi. Shu tariqa, yig‘in boshlandi. Vadim Karlenovich sports.uz muxbiriga dastlab shunday dedi:
- O‘ylaymanki, o‘zingiz ham tarkibda qaysi futbolchilar jalb qilinganligidan xabar topgansiz. Bir qancha yangi o‘yinchilarga kelsak, oldingi tarkibda jarohat tufayli safdan chiqqan vakillarimiz bor edi. Shundan kelib chiqqan holda mana shunday qarorga keldik. Bugundan yig‘ildik va Toshkentda to‘plandik. Shundan so‘ng, BAAga yo‘l olamiz. 29 may kuni Avstraliya terma jamoasi bilan nazorat uchrashuvini o‘tkazamiz. Keyin Saudiya Arabistoniga yo‘l olamiz.
Terma jamoaga chaqirilgan futbolchilar e’lon qilinganidan keyin ko‘p o‘tmasdan tarkibda ayrim o‘zgarishlar yuz berdi. Murod Xolmuhammedov va Lutfullo To‘rayev yig‘inda qatnashmaydigan bo‘ldilar va o‘rniga “Nasaf”dan Xusniddin Aliqulov ro‘yxatga kiritildi. Abramov bu borada quyidagilarni aytdi:
- Xolmuhammedovda jarohat bor. G‘ofurovda ham baxtga qarshi mana shunday muammo bor. Jumladan, To‘rayevda ham jarohat borligi uchun tarkibdan chiqarildi. Shundoq ham u oldingi o‘yinlarda og‘riq qoldiruvchi ukollar bilan maydonga tushib kelgandi. Odil Ahmedov ham keldi. U jarohat bilan kelgan bo‘lsa ham hamma futbolchilar qatori mashq qilyapti. O‘ylaymanki, Odilning jarohati unchalik jiddiy emas. Unda hammasi joyida bo‘lishiga shubha qilmayman.
Abramov bilan muloqotimiz jarayonida BATEda o‘zini ko‘rsatayotgan legionerimiz – Shahboz Umarov masalasiga ham to‘xtaldik.
- Shahboz Umarovning o‘yinlarini kuzatyapmiz. Qolaversa, biz murabbiylar uning qanday imkoniyatlarga ega ijrochi sanalishidan boxabarmiz. Hozirgi tarkibda to‘rt nafar hujumchi bo‘lgani bois Umarovni yig‘inga chaqirishni lozim topmadik. Umuman, bizning ro‘yxatimizda terma jamoa o‘yinini kuchaytira oladigan futbolchilar juda ko‘p. Saralash turniri davom ettiriladigan paytga borib eng munosiblarini albatta tarkibda olib qolishimiz aniq.
Odatda tarkib e’lon qilinganidan keyin turli savollar tug‘iladi. Pistonchi nega chaqirilmadi, palonchi nima uchun ro‘yxatga qo‘shildi, degan mazmundagi munozaralar yuz beradi. Navbatdagisi ham bundan mustasno bo‘lmadi. Masalan, “Bunyodkor” posboni Ravshan Yagudinning ilk bor terma jamoa yig‘iniga chaqirilgani borasida munozaralar yo‘q emas. Qaytanga “Navbahor”da ishonchli o‘yin ko‘rsatayotgan O‘tkir Yusupovni e’tibordan chetda qolgani biroz tushunarsiz. Vadim Karlenovich darvozabonlar masalasi bo‘yicha ham izoh berdi.
- “Navbahor” darvozabonini ham imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Shu boisdan u bu safargi yig‘indan chaqiruv olmadi. Qolaversa, u bilan Farg‘onadagi faoliyatim davomida birga ishlaganman. Bugungi kunda u ham terma jamoaga nomzodlar ro‘yxatida bor. Shunchaki, bu safargi yig‘inda uni tarkibga jalb etmaslikni ma’qul topdik.
Iyun oyida Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan uchrashuvlar biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Terma jamoamizning oxirgi o‘rtoqlik uchrashuvlaridan keyin ayrim e’tirozlar yangragani yodimizda. Shunday ekan, muxlislarda bo‘lajak jiddiy uchrashuvlar oldidan xavotirlar yo‘q emas. Buni Abramovga eslatganimizda quyidagicha javob berdi.
- Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvgacha hali bor. O‘sha paytga borib nima qarorga kelishimizni vaqt ko‘rsatadi. Avvalo hozirda butun diqqat-e’tiborimiz bo‘lajak o‘yinlarga qaratilgan. O‘z navbatida Saudiya Arabistoni ham bunga qadar o‘rtoqlik bahslarida kuch sinashadi va biz ularni kuzatamiz. Hozirdan Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tadigan muhim uchrashuv oldidan biror-bir reja xususida to‘xtalishga hali erta deb hisoblayman. Eng asosiysi, o‘sha bellashuvga butun mas’uliyat bilan tayyorgarlik ko‘ramiz. Tabiiyki, Saudiyadek kuchli raqibni dog‘da qoldirish o‘ta murakkab vazifa. Ammo shuni uddalashga harakat qilamiz.
Saudiyadagi o‘yinlar Abramovning terma jamoadagi keyingi taqdirini hal qilib beradimi? O‘ylaymizki, bu ko‘pchilik uchun qiziq va dolzarb. Vadim Karlenovichning o‘zi shunday savolga quyidagicha javob berdi.
- Boya aytganimdek, bu haqida gapirishga hali erta. Keling, avvalo ostonadagi bo‘lajak o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazib olaylik. Hammasi qanday tus olishini esa oliy hakam vaqt ko‘rsatadi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda