08:27 / 28.05.2021
18 254

O‘zbekistonlik futbolchi kutilmagan chempionatda paydo bo‘ldi


Chetda to‘p surayotgan o‘zbekistonlik legionerlar soni yaqin vaqtlar ichida yana bittaga ko‘payishi mumkin. Gap shundaki, iqtidorli futbolchi Nodir Mavlonov ayni paytda Bruney mamlakatida bo‘lib turibdi. U Bruney Superligasining chempion jamoasi – DPMM safiga qo‘shildi.

25 yoshli o‘yinchini muxlislar biladilar. U chempionatimizda oxirgi marta o‘tgan yili “Andijon” safida ko‘rinish bergandi. Mavlonovni bunga qadar “Andijon”dan tashqari “Bunyodkor” hamda “Navbahor”da ham faoliyat olib borganini bilamiz. Nodirning Bruneyga qanday borib qolgani va yana boshqa savollar yuzasidan sports.uz muxbiri Mavlonov bilan bog‘landi.

- Ayni paytda Bruney mamlakatida bo‘lib turibsiz. Yashirmaymiz, sizni u yerga ketishingizni mutlaqo kutmagandik. Bunday chorlov sizga qachon bo‘ldi va buni qanday qabul qildingiz?
- Menga o‘tgan yilning noyabr oyidan beri taklif bilan chiqishayotgandi. Dekabr oyida uylandim. Shuning uchun ularga yanvar oyida borishim haqida aytdim. Keyin u yerda yanvar oyida karantin boshlanib qoldi. Covid sababli ancha vaqtga cho‘zilib ketdi. Men ham ularni kutib O‘zbekistondagi klublarga bormadim. Chunki Bruneyga kelishimni bilardim. Keyinchalik ular menga chipta, taklifnoma, viza – hammasini yuborishdi va shu tariqa bu yerga keldim.

- Bruney futboli va chempionati biz uchun jumboq. U yerda futbol darajasi qanday?
- To‘g‘risi, DPMM jamoasiga qo‘shilganimga endi bir necha kun bo‘ldi. Mashg‘ulotlarda bildimki, ularning ligasi unchalik kuchli emas. Lekin sharoitlari o‘zimiznikiga qaraganda bir necha barobar yaxshiroq. Bruney ligasi o‘sish uchun harakat qilyapti. Shu bois legionerlarni olib kelyapti. Bilganim shu. Klubga qo‘shilganimga hali ko‘p vaqt bo‘lmagani sababli to‘liq ma’lumotlarga ega emasman.

- Sharoitlari biznikiga qaraganda yaxshiroq ekaniga to‘xtaldingiz. Aynan qaysi jihatlar bo‘yicha bunday fikr bildiryapsiz?
- Sharoitlar deganda hamma narsani nazarda tutdim. Birinchi navbatda baza, ikkinchidan, vitaminizatsiya. Uchinchidan, stadionlar. Futbolchilarning oylik maoshlari ham chakki emas. Qiziqdimu, ammo unchalik berilib so‘ramadim. Hamma narsa futbol uchun, shu bois sharoitlari ancha yaxshi ekan.

- Bruneyga kelishdan avval klubingiz bilan hammasini hal qilib olganmisiz yoki avval ko‘rikdan o‘tib, keyin shartnoma tuziladimi?
- Bularni o‘zining qonun-qoidasi bor ekan. Qo‘pol qilib aytganda, Ronaldu kelsa ham darhol shartnomani jo‘natishmas ekan. Klub Bruney qirolining jamoasi ekan. Yangi legionerlarni chaqiradi va avvaliga 14 kunlik ko‘rik tashkil qilinadi. Buning ichiga tibbiy ko‘rik, o‘zlarining qandaydir testlari bor ekan va eng kerakligi qirol sizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi. Bu yerga kelgach, karantinda bo‘ldim va endi boya aytganimdek, mashg‘ulotlarga qo‘shildim. Qirol bilan ham ko‘rishdik. Endi 4 yoki 5 kun tibbiy ko‘rikdan o‘taman. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘lsa shartnoma imzolaymiz.

- O‘zingiz aytganingizdek, u yerdagi liganing saviyasi pastroq. O‘zingizda ham jamoadagi ko‘rikdan ortiqcha muammosiz o‘tishingizga ishonchingiz komilmi?
- Bularni legioner bo‘yicha limiti bor: bitta Osiyodan va qolgan uchtasi boshqa qit’adan. Klub Angliya, Braziliya va Belarusdan legioner olib bo‘lgan. Bosh murabbiy ham Angliyadan. Osiyodan to‘rtta o‘yinchi kelganmiz. Mendan tashqari, Koreya, Avstraliya va Falastindan o‘yinchi bor. To‘rttamizdan bittamizni klubda olib qolishadi. Lekin jamoa menga yuqorida aytganimdek, barcha qog‘ozlarni yuborgan, chiptani ham o‘zlari olib berishgan. Qolgan legionerlar faqat ko‘rik uchun kelganlar. Men o‘ynaydigan o‘rta chiziqqa albatta o‘yinchi kerak, ular uchun. Qolganlar boshqa pozitsiyalarda to‘p suradi. Saviya bo‘yicha Bruneyning mahalliy futbolchilari u qadar zo‘r emas. Ular asosan legionerlar hisobiga tarkibini kuchaytiradilar.

- O‘zimizning chempionatda qolishingizga nima xalaqit qildi? Umuman aytganda, legioner sifatida to‘p surishingiz yaxshi, ammo hech kim kutmaganda Bruneyga yo‘l oldingiz...
- Chetda to‘p surishimni rosa xohlardim. Menga Indoneziya bilan Bruney ligasidan chiqishdi. Ikkalasini tekshirib ko‘rdim, menga Bruney ligasi ma’qul keldi. Ammo Indoneziya jamoasi menga tayyor shartnoma jo‘natmoqchi edi. Ha, O‘zbekistondan ham taklif bo‘ldi. Ammo bir-ikkita masala bo‘yicha kelisha olmadik.

- Nima uchun Indoneziyaliklarning tayyor shartnomasini qabul qilmadingiz? Bruneyni tanlashingiz katta tavakkalchilikmi yoki ular sizga ko‘proq taklif qilishdimi?
- Ko‘proq ham taklif qildilar. Bundan tashqari, meni angliyalik murabbiyning o‘zi chaqirdi. Eng katta sabab – shahar menga ma’qul keldi, juda chiroyli. Chempionatdagi legionerlar ham yaxshi ekan.

- Yangi mamlakat va shaharga qanday ko‘nikyapsiz?
- Bu musulmon davlat. Menga eng ko‘p yoqqan tarafi ham shu bo‘ldi. Odamlari samimiy. Xuddi bizga o‘xshashadi. Bruney poytaxti - Bandar-Sari-Begavan shahridaman. O‘zi bu katta davlat emas. Meni ular juda zo‘r kutib oldilar. Barcha sharoitlari a’lo darajada.

- Agar barchasi ko‘ngildagidek bo‘lsa, faoliyatingizni Bruneyda o‘tkazasiz. Futbolchi sifatida maqsadingiz bo‘lsa kerak. Ammo saviya bo‘yicha ulardan nimadir o‘rganasiz, deb aytish qiyin. Shunday ekan, asosiy maqsadingiz qanday?
- Albatta, o‘sish, hamma o‘yinchining niyati shunday. Men o‘tgan yilning noyabr oyida “Andijon”dan ketganman, shartnomam muddati tugamasdan oldin. Uylanganimdan so‘ng, ikki oycha shug‘ullanmadim, oilaviy yumushlarim bo‘yicha. Ungacha Bruney klubining taklifini kutayotgandim. Bu qirol klubi bo‘lgani uchun faqat chempionlik maqsadi qo‘yiladi. Singapur ligasida ham chempion bo‘lgan. Bruneyning faqat chempion jamoasi hisoblanadi. Shuning uchun chetdan mahoratli o‘yinchilarni olib kelishgan. Murabbiylar shtabi ham Angliyadan. Bu yil Malayziya ligasida ham ishtirok etmoqchi edi. Bularda boshqa chempionatga qo‘shilishga qandaydir yo‘li bor shekilli. Ammo pandemiya sababli klub hech qayerga chiqa olmadi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonlik futbolchi kutilmagan chempionatda paydo bo‘ldi